Qabul boshlanmoqda: davlat va xususiy OTMlarga hujjat topshirish tartibi qanday?
Davlat va xususiy oliygohlarga qay tartibda hujjat topshiriladi? Oliygohlarga hujjat topshirishda kimlar 206 ming so‘m to‘laydi? Xususiy universitetlarga hujjat topshirishda ham to‘lov bormi? Quyida ushbu savollarga javob beramiz.
Ertadan, 5-iyundan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun qabul jarayonlari boshlanadi. Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.
Bu to‘lov miqdori hozirgi kunda 206 ming so‘mni tashkil qiladi. Mazkur tartib asosan davlat oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyidagi toifadagi abituriyentlar to‘lovdan ozod qilinadi
- ta’lim muassasasini test o‘tkazilayotgan yili tamomlagan bitiruvchilar;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- mehribonlik uylari bolalari;
- bolalar shaharchasining bitiruvchilari;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
- “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlar.
Ma’lumot uchun: Talabalarni kirish imtihoni orqali qabul qiladigan ayrim nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirishda abituriyentlar hech qanday to‘lovni amalga oshirmaydi.
Misol uchun, talabalarni kirish imtihoni orqali qabul qiladigan Profi University oliygohiga ham hujjat topshirishda to‘lov talab qilinmaydi. Bunda abituriyentlar mazkur oliygohga o‘qishga qabul qilinishi uchun universitet qabul komissiyasi tomonidan belgilangan ballarni qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi.
Davlat oliygohlariga hujjat topshirish tartibi qanday?
Davlat oliygohlarida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadilar. Bu 2026-2027-o‘quv yili uchun ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi hisoblanib, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi.
Xususiy oliygohda o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar tegishli oliygoh sayti orqali ariza qoldiradi yoki Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytida tavsiya qilingan havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Xususiy oliygohlardagi qabul tartibi esa universitetning ichki qoidalari asosida amalga oshiriladi. Hozir buni Profi University xususiy oliygohi misolida qisqacha tushuntirib o‘tamiz.
Profi University’ga hujjat topshirish tartibi
Ariza topshirish bo‘limiga kirish. profiuniversity.uz saytiga kirib, “ariza topshirish” bo‘limi tanlanadi. Telefon raqami kiritilib, SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodi bilan ro‘yxatdan o‘tiladi.
Shaxsiy ma’lumotlarni kiritish. Ism, familiya, otasining ismi, pasport (yoki ID karta) ma’lumotlari, JShShIR, tug‘ilgan sana hamda yashash hududi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Hujjatlarni yuklash. Ommaviy oferta shartlariga rozilik bildirilib, pasport yoki ID karta nusxasi yuklanadi.
Ta’lim ma’lumotlarini kiritish. Bitirilgan ta’lim muassasasi turi, bitirgan yili hamda attestat yoki diplomning seriya va raqami kiritiladi. Mavjud bo‘lsa, xalqaro sertifikat ham yuklanadi.
Ta’lim yo‘nalishini tanlash. Filial, fakultet, ta’lim shakli, ta’lim tili hamda kirish imtihoni topshiriladigan sana va vaqt tanlanadi.
Ro‘yxatdan o‘tishni yakunlash. Ma’lumotlar tasdiqlangandan so‘ng imtihon varaqasi shakllantiriladi va yuklab olinadi.
Eslatma: Imtihon kuni (13.06.2026) shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan kelish talab etiladi.
Davlat oliygohlari uchun ro‘yxatdan o‘tish tartibi qanday?
Saytdan ro‘yxatdan o‘tish. BMBAning my.uzbmb.uz saytida pasport ma’lumotlari, JShShIR, telefon raqami va parol kiritilib, ro‘yxatdan o‘tiladi. Telefon raqamiga yuborilgan SMS-kod orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi. Avval ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar shaxsiy kabinetga telefon raqami va parol yoki OneID orqali kiradi.
Shaxsiy va ta’lim ma’lumotlarini kiritish. Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul bo‘limida yashash manzili, tugatgan ta’lim muassasasi va boshqa zarur ma’lumotlar to‘ldiriladi. Joriy yil bitiruvchilarining ma’lumotlari tegishli tashkilotlardan avtomatik ravishda olinadi.
Sertifikat va imtiyozlarni tasdiqlash. Mavjud bo‘lsa, milliy yoki xalqaro sertifikatlar hamda imtiyozlar haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanadi. Imtiyozlar avtomatik ravishda shakllantiriladi. Imtiyoz aks etmagan taqdirda tegishli tashkilotga murojaat qilinadi.
Fanlar va imtihon parametrlarini tanlash. Abituriyent oferta shartlari bilan tanishib, test topshirish hududi, ta’lim tili va fanlar majmuasini tanlaydi. Zarur hollarda chet tili yoki kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliy ta’lim tashkiloti ham tanlanadi.
Arizani tasdiqlash va qayd varaqasini olish. Ma’lumotlar saqlanib, SMS-kod orqali tasdiqlanadi. Shundan so‘ng qayd varaqasi shakllantiriladi va yuklab olinadi. Ro‘yxatdan o‘tish muddati yakunlangunga qadar ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritiladi va qayd varaqasi qayta yuklab olinadi.
To‘lovni amalga oshirish. Test sinovlari uchun to‘lov qilishi lozim bo‘lgan abituriyentlarga invoys shakllantiriladi. To‘lov elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatga olingan fuqarolar va ularning farzandlari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda joriy yil bitiruvchilaridan to‘lov undirilmaydi.
OTM va yo‘nalishni tanlash. Kirish test sinovlari yakunlangandan so‘ng 15 kun ichida oliy ta’lim tashkiloti, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligi tanlanadi.
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi. Abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlashi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1-iyundan boshlab xususiy oliygohlarga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari boshlangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida qabul jarayonlari har yili iyun–sentyabr oylarida o‘tkaziladi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ishi: 11 nafar ayblanuvchiga sud hukmi o‘qildi
Davlat bog‘chalari anomal issiq tufayli birin-ketin yopilmoqda
Vazirlik xususiy ta’lim tashkilotlariga kameralar o‘rnatish majburiy ekanligini eslatdi
Xorazmdagi barcha davlat bog‘chalari anomal issiq sabab 4 kunga yopiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Oliy ta’lim
O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda
2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta‘lim tashkilotlarida 1 605 028 nafar talaba tahsil olmoqda hamda 61 088 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Respublika bo‘yicha bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 30,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi.
Yangiliklar
Kirish imtihonida qatnashgan abituriyentlarning atigi uchdan bir qismi talabalikka tavsiya etildi
Joriy yilning 13-iyun kuni Profi University'da o‘tkazilgan kirish imtihonlarida 3139 nafar abituriyent ishtirok etdi. Imtihon natijalariga ko‘ra, abituriyentlarning 782 nafari yoki 25 foizi talabalikka tavsiya etildi.
Yangiliklar
Endilikda oliy toifali o‘qituvchilar magistraturaga maqsadli qabul qilinadi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab oliy toifali o‘qituvchilar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida maqsadli magistraturada tahsil ola boshlaydi.
Yangiliklar
Endi bog‘chalardagi o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar 5+1 dasturi asosida oliygohda o‘qishi mumkin
Davlat va (yoki) nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida kamida uch yil davomida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar OTM bakalavriatiga o‘tkazilayotgan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang