Top.Mail.Ru
Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi

Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi

15:45 / 11.06.2026 188

Avvalroq ‘‘Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida’’ nizom loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirilgandi.


2026-yil 9-iyun kuni mazkur nizom 3853-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, pedagogika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan. Yangi tartib uch oydan so‘ng kuchga kiradi. 


Tashqi diagnostika har o‘quv yilida bir marta pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari o‘rtasida test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.


Test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, ularni bajarish uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi va maksimal natija 100 ballni tashkil etadi.


Tashqi diagnostikadan o‘tkazish uchun har o‘quv yilining sentabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuziladi.


Tashqi diagnostika natijalariga ko‘ra, o‘rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta’lim yo‘nalishlari “talablarga javob beradigan”, 56 balldan past natija ko‘rsatgan yo‘nalishlar esa “talablarga javob bermaydigan” deb baholanadi.


Tashqi diagnostikadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra “talablarga javob bermaydigan” deb topilgan pedagogika ta’lim yo‘nalishi ro‘yxati shakllantiriladi hamda tashqi diagnostikadan o‘tkazish yakunlangandan so‘ng bir oy ichida ta’lim tashkilotini xavfni tahlil qilish asosida navbatdan tashqari o‘rganish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga taqdim etiladi.


Pedagogika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tganiga bir yil to‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlari tashqi diagnostikaga jalb qilinmaydi. 


Bir-birini takrorlovchi baholash mexanizmlarini joriy qilishdan maqsad nima?


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 22-fevraldagi 51-sonli buyrug‘iga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishini tamomlab, ilk bor ishga qabul qilingan nomzodlar bir yil o‘qituvchi-stajyor sifatida ishlagandan so‘ng, yil yakunida kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilib kelinmoqda.


Bunda kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovlari har yili mart — may oylarida o‘tkazilib, nomzodlarga 50 ta topshiriqdan iborat test berilib, har bir to‘g‘ri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi. 


Bunda nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi. 56 balldan kam ball yiqqan talabgor nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi.


Birinchi marotaba nazorat sinovida ishtirok etib, undan o‘ta olmagan talabgor uchun navbatdan tashqari nazorat sinovi har yili yangi o‘quv yili boshlangunga qadar tashkil etiladi.


Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinishi belgilangan.


Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagogika ta’lim yo‘nalishini tamomlab, ilk bor ishga kirgan nomzodlarni kasbiy sertifikat sinovlari orqali saralash tizimini allaqachon joriy etgan bo‘lishiga qaramay, endilikda ushbu nazorat mexanizmini parallel ravishda oliy ta’lim jarayonining o‘ziga ham tatbiq etmoqda. 


Yangi tartibga ko‘ra, bo‘lajak pedagoglar talabalik davrida ham, oliygohni tamomlab, dastlabki ish faoliyatini boshlaganidan keyin ham bir-birini takrorlovchi, ayni bir xil metodika orqali test sinovlariga jalb qilinishi reja qilinmoqda. 


Ya’ni, har ikkala sinov ham bir xil formatda — 50 ta test topshirig‘i va 100 ballik tizim asosida yo‘lga qo‘yildi. Har yili minglab talabalarni qamrab oladigan tashqi diagnostika va keyinchalik stajyor-o‘qituvchilar uchun tashkil etiladigan kasbiy sertifikat sinovlari bevosita qo‘shimcha xarajatlarni ham talab qiladi. Test materiallarini ishlab chiqish, ekspertlarni jalb qilish va boshqa tashkiliy masalalarning barchasi davlat budjetiga bo‘lgan moliyaviy yukni oshiradi.


Umuman olganda, bir-birini takrorlovchi baholash mexanizmlarini joriy qilish o‘rniga unga sarflanayotgan resurslarni tizimdagi boshqa ustuvor masalalarga yo‘naltirish yaxshiroq samara berishi mumkin edi.


Yangi tartib pedagogik ta’lim tizimi kelajagi uchun jiddiy xavf 


‘‘Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida’’ nizom loyihasi muhokamalar portaliga joylangach, jamoatchilik vakillari hamda ta’lim bo‘yicha ekspertlar mazkur tartib milliy pedagogik ta’lim tizimi kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini aytdi.


Xususan, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning “Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar” nomli maqolasi e’lon qilindi.


Maqolada yopiq testlar orqali mustaqil, kreativ va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini, shuningdek, pedagogik kompetensiyani o‘lchash imkonsiz ekanligi, baho berish mexanizmlari testologiyaning (baholash ilmining) eng bazaviy talablariga javob bermasligi hamda oliy ta’lim muassasalarida pedagogik kadrlar tayyorlash sifatiga baho berish vazifasining Pedagogik mahorat va baholash markaziga topshirilishi ta’lim tizimidagi murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtirishi ta’kidlangan.


Komil Jalilovga ko‘ra, baholash – bu shunchaki savol va javob variantlari tuzib, shu orqali kimnidir “bilimli” va “bilimsiz”ga ajratishning jo‘n jarayoni emas, balki o‘z qonuniyatlari va talablari bo‘lgan ilmiy soha. Loyihada taklif etilayotgan baholash mexanizmlarini ishlab chiqishda testologiyaning (baholash ilmining) eng muhim, tamal tamoyillari hisobga olinmaganligi – loyihaning yana bir jiddiy muammosi. 


Shuningdek, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tkaziladigan attestatsiyalar muntazam ravishda o‘qituvchilarning haqli noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan bir vaziyatda mamlakatdagi oliy pedagogik ta’lim sifatini baholashni topshirish ham jiddi xavotirlarni yuzaga keltiradi.


Xususan, jamoatchilik vakillari ham mazkur tartibga nisbatan o‘z munosabatini bildirib, muhokamalar portalida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. Jumladan, jamoatchilik vakillaridan biri mazkur tartib pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirishdan ko‘ra, uni test tizimiga qisqartirib qo‘yayotgani bilan jiddiy xavotir uyg‘otishini yozgan.

“Pedagogning haqiqiy sifati 50 ta test savoli bilan emas, balki uning darsni tashkil etishi, bolalar bilan ishlashi, metodik moslashuvchanligi, kreativligi va real pedagogik vaziyatlarda qaror qabul qila olishi bilan belgilanadi. 

Ushbu Nizom esa o‘qituvchilik kasbining eng muhim amaliy kompetensiyalarini chetga surib, nazariy test natijasini asosiy mezonga aylantirmoqda. Shu bilan birga, butun ta’lim yo‘nalishi sifati faqat bitta akademik guruh natijasi asosida baholanayotgani ilmiy jihatdan asoslanmagan va statistik jihatdan ishonchsiz yondashuvdir. 
Bir guruhdagi natija orqali butun OTM yoki yo‘nalish haqida xulosa chiqarish validlik va xolislik prinsiplariga zid hisoblanadi.

Eng xavotirli jihatlardan biri shundaki, nizomda “56 ball” chegarasi qanday ilmiy metodologiya asosida belgilangani ochiqlanmagan. Bu esa baholash tizimining shaffofligi va adolatliligiga nisbatan katta savollar tug‘diradi. 

Bundan tashqari, diagnostika natijalari talabaning reytingiga ta’sir qilmasligi belgilangan. Demak, talabada ushbu jarayonga maksimal mas’uliyat bilan yondashish motivatsiyasi bo‘lmaydi va natijada real bilim emas, balki befarqlik darajasi o‘lchanishi mumkin. Yana bir jiddiy muammo — past natija ko‘rsatgan OTMlarni “xavfli” sifatida navbatdan tashqari tekshiruvga yuborish mexanizmi. 

Bu rivojlantirish emas, jazolash falsafasini kuchaytiradi va OTMlarni haqiqiy pedagog tayyorlashdan ko‘ra “testga ishlash” tizimiga majbur qiladi. Natijada ijodkor, mustaqil fikrlovchi pedagog emas, test yechishga moslashgan kadrlar shakllanish xavfi kuchayadi. 

Eng achinarlisi, nizomda pedagogik amaliyot, classroom observation, mentor feedback, portfolio va real dars jarayonini baholash kabi zamonaviy xalqaro mexanizmlar deyarli aks etmagan. Shu sababli mazkur hujjat pedagogik sifatni chuqur rivojlantirish vositasiga emas, balki formal nazorat instrumentiga aylanib qolish xavfini tug‘diradi. 

Qolaversa, bu yerda jarayonga faqat Hilola Umarova va u asos solgan agentliklar qatnashishi judayam ajablanarli, qolgan ta’lim tashkilotlari bilan ham maslahatlashib, takliflar olinishi zarur”, - deya fikr bildirgan jamoatchilik vakili.

Shohruh Xursanov ismli jamoatchilik vakili esa loyiha hozirgi ko‘rinishida qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlab, 50 ta test savoli orqali talabaning fan bo‘yicha chuqur bilimini, uni o‘qitish metodikasini, pedagogik-psixologik kompetensiyasini, sinfni boshqarish va baholash ko‘nikmalarini bir vaqtda adolatli baholash qiyinligini aytgan.

“Fan bo‘yicha fundamental tayyorgarlik alohida va ustuvor mezon sifatida belgilanmagan. O‘qituvchi tayyorlashda pedagogik kompetensiyalar muhim, lekin ular fan bilimining o‘rnini bosa olmaydi. 

Masalan, matematika, fizika, kimyo yoki boshqa fan o‘qituvchisi avvalo o‘z fanini chuqur bilishi, masala yechish, tushuntirish va ilmiy fikrlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, “pedagogik va psixologik kompetensiya”, “sinfni boshqarish ko‘nikmasi”, “baholash kompetensiyasi” kabi tushunchalar aniq rubrika va ochiq mezonlarsiz mujmal baholanishi mumkin. 

Bu esa natijalarning subyektiv yoki formal bo‘lib qolish xavfini oshiradi. Taklif: loyiha qayta ishlansin, baholashda fan bo‘yicha bilimlar alohida blok sifatida va yetarlicha yuqori ulush bilan belgilanib, metodik va pedagogik kompetensiyalar esa ilmiy asoslangan, ochiq, tekshiriladigan mezonlar asosida baholansin. Shuningdek, 56 ballik o‘rtacha ko‘rsatkich bilan butun yo‘nalishga umumiy baho berish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishi lozim”, - deydi u.

Shunday qilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ammo, yuqoridagi savollar hamon ochiqligicha qolmoqda.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya

Ulashish