Bir o‘quvchi fojiali tarzda halok bo‘ldi. Nega mas’ullar sukut saqlamoqda?
Joriy yilning 23-iyun kuni Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Andijon polkasi” tadbiridan qaytayotgan Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchilari yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Oqibatda bir nafar o‘quvchi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi, yana besh nafar o‘quvchi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Kun.uz nashri tomonidan tayyorlangan reportajda hodisaga aloqador qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlandi.
Andijon viloyati YHXB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 23-iyun kuni sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, “Andijon polkasi” tadbiridan qaytayotgan o‘quvchilar bo‘lgan “Damas” avtomobili asosiy yo‘ldan burilayotgan paytda “ZIL” rusumli yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida Damas ichida bo‘lgan o‘quvchilardan biri Farrux Ne’matov og‘ir tan jarohatlari oladi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun operatsiya o‘tkazgan bo‘lsa-da, bola ertasi kuni vafot etadi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan keyin olti nafar jabrlanuvchi shifoxonaga olib kelingan. Ulardan biri o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan va ko‘rsatilgan barcha tibbiy yordamga qaramay vafot etgan. Qolgan besh nafar o‘quvchining uch nafariga hozirda javob berilgan, ikki nafari esa davolanishni davom ettirmoqda.
“Hozir shifoxonada ikki nafar bemor qolyapti. Filialimizda Qambarov Muhammadrizo ismli (2011-yilda tugʻilgan) va Baratov Zafarbek ismli (2011-yilda tugʻilgan) bemorlar qolgan. Ikkalasining ham holati yaxshi, boʻlimga oʻtkazilgan. Ikki-uch kunlarda holatiga qarab uyga ruxsat beriladi”, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali shifokori.
Marhum o‘quvchining onasiga hech kim yordam bermagan
Marhum o‘quvchining onasi Kun.uz nashriga bergan intervyusida bir qator jiddiy holatlarni tilga oldi. Uning aytishicha, farzandi mazkur tadbirga sinf rahbari tomonidan chaqirilgan. Ertalab maktabga sog‘-salomat jo‘natilgan bola uyga qaytmagan.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, bolalar tadbirga avtobusda olib borilgan, ammo qaytishda ayrim o‘quvchilar “Damas” avtomobilida qaytgan. Avtomobilini esa maktab direktori boshqargan. Ona mazkur tadbirga o‘quvchilarni olib borish uchun avtobus tashkillangani, unga esa ichki ishlar xodimlari ham jalb qilinganini, biroq ayrim bolalar nima sababdan “Damas”da qaytganini tushunmaganini aytadi.
“Menga oʻgʻlimning sinf rahbari Oydinoy telefon qildi. Qilib, opa, ertaga “Andijon polkasi”ga joʻnating, iltimos, deb qayta-qayta tayinladi. Boʻpti, joʻnataman dedim. Bularni xavfsizligini taʼminlab, olib borib kelishar deb, biz bu bolalarimizni qoʻshgandik. Pul topadigan boʻlib qolgan edi, o‘n beshga kirgandi, mana bu yil. Ozmi-koʻpmi mana shu oilamizga hissasini qoʻshib, pul topib yurgandi, mening bolam”, - deydi marhumning onasi.
“Bolada umuman ayb yo‘q. Hammasi ayb direktorida, tashkilotchilarda va shu tadbirni tashkil qilgan mas’ullarda… Hokimiyatdan topshiriq boʻlgan boʻlsa-da, dori-darmonlarini ham oʻzimiz olib chiqdik. Yordam berishmadi. Menga hech kim yordam bergani yoʻq. Bolam oʻziga kelmadi, shu kuni kechasi bilan ham. Ertasiga kelib, joni uzildi bolamning”, - deydi ona.
Marhum o‘quvchining onasi Andijon viloyati YHXB axborot xizmatining bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan “Damas” avtomobilida ketgani haqidagi ma’lumotlariga e’tiroz bildirib, ayb mas’ullarning o‘zida ekanligini ta’kidladi.
“Oʻzboshimchalik bilan deb, hozir internetda har xil xabarlar tarqalib ketibdi. Bu bolalar u oʻzboshimchalik bilan chiqadigan bolalar emas. Endi avtobusga sigʻmay qolganmi, nima boʻlgan, unisini bilmaymiz”, - deydi marhumning onasi.
Nega mas’ullar jim?
Mazkur hodisa yana bir muhim masalani kun tartibiga olib chiqmoqda. 2025-yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish yuzasidan qilingan taqdimotda maktablarda tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tartibga solish zarurligi alohida ta’kidlangandi.
Taqdimotda maktablarda o‘quv yili davomida 200 tadan ortiq tadbir o‘tkazilayotgani, bu esa o‘quvchilarning ortiqcha tadbirlarga jalb etilishiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Shu bois Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oldiga yagona milliy tarbiya konsepsiyasini joriy etish hamda o‘quvchilarni rejadan tashqari va ortiqcha tadbirlarga jalb qilishning oldini olish vazifasi qo‘yilgandi.
Xo‘sh, prezident topshirig‘i asosida yagona milliy tarbiya konsepsiyasi ishlab chiqildimi va amaliyotga joriy etildimi? Agar o‘quvchilar “Andijon polkasi” tadbiriga viloyat hokimligi tashabbusi bilan jalb etilgan bo‘lsa, bu vazirlik tomonidan belgilangan tartib va talablar asosida amalga oshirilganmi?
Yana bir savol: nima uchun mazkur fojia sodir bo‘lganiga bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, tadbir tashkilotchilari, mahalliy hokimlik va ta’lim tizimi mutasaddilari holat yuzasidan hanuz batafsil rasmiy izoh bermadi?
Bir o‘quvchining hayoti bilan yakunlangan bu mudhish hodisa bo‘yicha jamoatchilik to‘liq izoh berilishini, shuningdek, qo‘shimcha tekshiruv natijalari hamda aybdor shaxslarning javobgarligi yuzasidan aniq xulosalarni kutmoqda.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Kirish imtihonida qatnashgan abituriyentlarning atigi uchdan bir qismi talabalikka tavsiya etildi
O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Endilikda oliy toifali o‘qituvchilar magistraturaga maqsadli qabul qilinadi
Endi bog‘chalardagi o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar 5+1 dasturi asosida oliygohda o‘qishi mumkin
Mavzuga doir yangiliklar
Maktabgacha ta'lim
3 yoshli bog‘cha bolasi mashinada unutib qoldirilgani oqibatida vafot etdi
Holat Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani hududidagi “Zafar” MFYda joylashgan xususiy bog‘chada sodir bo‘lgan.
Yangiliklar
Farg‘onada ikki nafar voyaga yetmagan bola suvda cho‘kib, vafot etdi
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 2018 hamda 2020-yilda tug‘ilgan ikki nafar voyaga yetmagan aka-uka suv taqsimlagich omboriga tushib ketishi natijasida vafot etdi.
Yangiliklar
Ikki nafar maktab o‘quvchisi is gazidan vafot etdi
Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida ikkita maktab o‘quvchisi is gazidan vafot etdi.
Yangiliklar
Ikki nafar maktab o‘quvchisi Farg‘ona kanalida cho‘kib ketdi
5 kun avval Namangan viloyatidagi shimoliy Farg‘ona kanalida ikki nafar maktab o‘quvchisi cho‘kib ketdi. Bu haqda Namangan viloyati FVB Axborot xizmati xabar berdi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang