Top.Mail.Ru
O‘zbekiston bola huquqlari bo‘yicha reytingda 194 davlat orasida 96-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston bola huquqlari bo‘yicha reytingda 194 davlat orasida 96-o‘rinni egalladi

18:40 / 02.07.2026 57

KidsRights Foundation tomonidan e’lon qilingan KidsRights Index 2026 reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 194 davlati orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (95-o‘rin) nisbatan 2 pog‘ona pastroq.


Mazkur indeks BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarda bolalar huquqlari qay darajada ta’minlanayotganini baholaydi. Reyting beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha shakllantiriladi: yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar huquqlarini ta’minlash uchun yaratilgan muhit.


Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yuqori natijasi sog‘liqni saqlash yo‘nalishida qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat 15-o‘rinni egallagan.

Boshqa yo‘nalishlardagi natijalar esa quyidagicha


  • Yashash huquqi – 95-o‘rin;

  • Sog‘liqni saqlash – 15-o‘rin;

  • Ta’lim – 101-o‘rin;

  • Himoya – 115-o‘rin;

  • Bolalar huquqlari uchun qulay muhit (Enabling Environment) – 124-o‘rin.


KidsRights Index sog‘liqni saqlash yo‘nalishida bolalar o‘limi, emlash, tibbiy xizmatlardan foydalanish va bolalar salomatligiga oid xalqaro ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Aynan shu indikatorlar bo‘yicha O‘zbekistonning natijalari yuqori baholangan.


O‘zbekiston bolalar salomatligini ta’minlash borasida nisbatan yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa-da, ta’lim, bolalarni himoya qilish hamda bolalar huquqlarini to‘liq ta’minlash yo‘nalishlarida hali ko‘plab ishlar amalga oshirilishi lozimligini ko‘rsatgan.


Reyting natijalarini boshqa davlatlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, Lyuksemburg (umumiy 1 balldan 0,871 ball), Islandiya (0,867), Monako va Germaniya (ikkalasi ham 0,866 ball) bilan yuqori natijani qayd etgan. Yuqori o‘ntalikka esa Niderlandiya, Norvegiya, Gresiya, Belgiya, Sloveniya, shuningdek, bir xil ball to‘plagan Avstriya va Tailand ham kirgan.


Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 24-o‘rinni, Turkmaniston 75-o‘rinni, Qirg‘iziston 82-o‘rinni, Tojikiston esa 92-o‘rinni egallagan. Shunday qilib, O‘zbekiston mintaqadagi besh davlat orasida ham so‘nggi pog‘onani egallagan.


O‘zbekistonning umumiy reyting natijalarining pastroq bo‘lishiga asosan ta’lim (101-o‘rin), bolalarni himoya qilish (115-o‘rin) va bolalar huquqlarini ta’minlash uchun yaratilgan muhit (124-o‘rin) bo‘yicha ko‘rsatkichlar ta’sir ko‘rsatgan.


KidsRights Index — bolalar huquqlari qay darajada ta’minlanganligini baholovchi dunyodagi eng yirik global reytinglardan biri hisoblanadi. Index ta’lim sifati yoki maktablarning reytingini emas, balki davlat bolalarning asosiy huquqlarini qay darajada ta’minlayotganini baholaydi.


Reytingdagi har bir yo‘nalish bolalar huquqlarining alohida jihatini qamrab oladi va davlatlarning ushbu yo‘nalishlarda erishgan natijalari xalqaro statistik ma’lumotlar hamda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablari asosida baholanadi. Xususan:

Yashash huquqi – bolalarning sog‘lom tug‘ilishi, yashab qolishi va to‘laqonli rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar baholanadi. 


Sog‘liqni saqlash – bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishi, sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash uchun yaratilgan imkoniyatlar hisobga olinadi. 

Ta’lim – bolalarning ta’lim olish imkoniyati, maktab qamrovi, davomati, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim ko‘rsatkichlari va barcha bolalarning teng ta’lim olish imkoniyatlariga ega bo‘lishi qay darajada ta’minlanganini baholanadi.


Himoya – bolalarning zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, beparvolik va boshqa turdagi tahdidlardan himoya qilinishi darajasi tahlil qilinadi. 


Bolalar huquqlari uchun qulay muhit – davlat tomonidan bolalar huquqlarini ta’minlash uchun yaratilgan qonunchilik, davlat siyosati va boshqa zarur shart-sharoitlarning samaradorligi baholanadi.


2026-yilgi hisobotda dunyo miqyosida bolalar huquqlariga tahdidlar kuchayib borayotgani qayd etilgan. Xususan, qurolli mojarolar oqibatida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning ortishi, bolalarning urushlarda qurbon bo‘lishi hamda bolalar semizligining global muammoga aylangani asosiy xavotirli omillar sifatida ko‘rsatilgan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xalqaro reyting

Ulashish