Top.Mail.Ru
Tavsiyanoma olgan maktab maslahatchilari nega ishga kirolmayapti? Qanday yechimlar bor?

Tavsiyanoma olgan maktab maslahatchilari nega ishga kirolmayapti? Qanday yechimlar bor?

20:26 / 27.07.2026 933

Xabaringiz bor, 6-18-iyul kunlari maktab maslahatchisi lavozimi uchun tanlovning ikkinchi mavsumi — suhbat bosqichi o‘tkazilib, 7 695 ta maktablardagi vakant maslahatchi lavozimi uchun nomzodlar saralab olingandi.


Tanlovning ikkinchi mavsumi belgilangan tartibda o‘tkazildi, nozmodlarga tavsiyanomalar berildi. Ayni vaqtda Tanlov komissiyasining maxsus tavsiyanomasini olgan talabgorlar maktab maslahatchisi sifatida ish boshlashlari kerak edi.

Ammo, kichik muammo kelib chiqdi. 
Ya’ni, maktab maslahatchisi lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlov pedagog va rahbar xodimlarning mehnat ta’tili vaqtiga to‘g‘ri kelib qoldi. 


Amaldagi tartibga ko‘ra, tavsiyanoma tasdiqlanganidan so‘ng ishga qabul qilish jarayoni 8 ish kuni ichida yakunlanishi lozim. Bunda talabgor 3 ish kuni ichida maktab direktoriga ariza beradi, direktor esa ariza kelib tushganidan keyin 3 ish kuni ichida buyruqni rasmiylashtirib, uni E-huquqshunos tizimiga yuboradi. Xulosa olingach, yana 2 ish kuni ichida xodim ishga qabul qilinadi.

Biroq, ayni paytda amalda bu talabni bajarishda imkonsiz vaziyat yuzaga kelgan. Sababi, ayni vaqtda maktablarning aksariyat rahbarlari va mas’ul xodimlari mehnat ta’tilida bo‘lib turibdi.


Hatto direktor ta’til vaqtida ish joyiga kelib, ishga qabul qilish bo‘yicha buyruq rasmiylashtirgan taqdirda ham, hujjat yuridik xizmat tomonidan rad etilishi mumkin. Chunki mehnat ta’tilida bo‘lgan rahbarning xizmat vazifalarini bajarishi va shu davrda buyruq chiqarishi amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga zid hisoblanadi. 


Ko‘plab maktablarda direktor o‘rinbosarlari ham mehnat ta’tiliga chiqqani sababli, ularning ham bu hujjatlarni rasmiylashtirish vakolati amalda mavjud emas. Natijada, amaldagi 8 ish kunlik muddat talabi davri tugab borayotgani bois huquqiy ziddiyat yuzaga kelmoqda.


Biz bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Respublika “Kelajak” markazi Axborot xizmati rahbari Nodira Odilova bilan bog‘landik. Uning aytishicha, bu masala boyicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomnidan 02-14-4525-sonli ko‘rsatma xat chiqarilib, huhudiy boshqarmalarga belgilangan muddatda buyruqlarni rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.


Biroq vazirlikning mazkur ko‘rsatma xatida aynan qanday topshiriqlar berilgani, mehnat ta’tilida bo‘lgan maktab rahbarlari bilan bog‘liq vaziyatga qanday huquqiy yechim taklif etilgani bizga noma’lum. Chunki ushbu hujjatning mazmuni bilan tanishish imkoni bo‘lmadi — xat tahririyatga taqdim etilmadi. 


Bu masalaga huquqshunoslar qanday yechim taklif qiladi?


Xo‘sh, amaldagi mehnat qonunchiligi nuqtayi nazaridan bu muammoning yechimi bormi? Mehnat ta’tilida bo‘lgan direktor ishga qabul qilish bo‘yicha buyruq chiqarishi mumkinmi yoki buning boshqa qonuniy yo‘li mavjudmi? Bu savollar yuzasidan huquqshunos Sherzod Tolibov bilan suhbatlashdik.


Sherzod Tolibovning aytishicha, direktor mehnat ta’tilida bo‘lgan holda ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarishi mumkin emas. Sababi, Mehnat kodeksining 216-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili — xodimning dam olishi va mehnat qobiliyatini tiklashi uchun beriladigan, ish o‘rni va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda mehnat vazifalarini bajarishdan ozod etiladigan davr hisoblanadi.


Direktor ham, eng avvalo, xodimdir. Demak, mehnat ta’tili davrida u o‘z mehnat vazifalarini bajarmaydi. Ishga qabul qilish, mehnat shartnomasini tuzish, buyruq chiqarish va boshqa kadrlarga oid qarorlar esa direktorning aynan mehnat vazifalari tarkibiga kiradi.


Shu bois, direktor mehnat ta’tilidan qonunchilikda belgilangan tartibda chaqirib olinmagan hamda uning vazifasini bajaruvchi shaxs tayinlanmagan bo‘lsa, ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarishi mehnat ta’tilining huquqiy mazmuniga mos kelmaydi.

“Ba’zan bunga javoban: “Lekin yuqori tashkilot ma’lum muddat ichida ishga qabul qilishni topshirgan-ku”, degan e’tiroz bildiriladi. Biroq, bunday topshiriq mehnat qonunchiligida belgilangan tartibni o‘zgartirmaydi”, - deydi huquqshunos.

Sherzod Tolibov bu vaziyatda direktorni belgilangan tartibda mehnat ta’tilidan chaqirib olish yoki direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxsni tayinlashni taklif qildi.

“Aynan shu tartib mehnat munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishni ta’minlaydi. Xulosa qilib aytganda, mehnat ta’tili — bu xodimning mehnat vazifalarini bajarishdan ozod etilgan davri.

Shunday ekan, ta’tildan chaqirib olinmagan va uning vazifasini bajaruvchi etib tayinlanmagan direktor tomonidan ishga qabul qilish haqidagi buyruqni chiqarish mehnat ta’tilining huquqiy mazmuniga mos kelmaydi”, - deydi u.

3 kun ichida buyruq chiqmasa tavsiyanoma kuyib ketadimi?


Mazkur vaziyatga yurist Doniyor Imomniyozov ham o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, maktab maslahatchisi lavozimiga tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etgan nomzodlar “3 kun ichida buyruq chiqmasa tavsiyanomam kuyib ketadi”, degan xavotirga tushmasliklari kerak.


Chunki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 8-yanvardagi 7-son buyrug‘iga ko‘ra, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodga tanlov komissiyasi tavsiyanoma beradi. Ushbu tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi. Buyruqda tavsiyanoma olingan nomzod 3 kun ichida ishga kirishi shart, degan norma mavjud emas.

“Tavsiyanomaning uch yil amal qilishi nomzodning huquqi ma’lum muddat davomida saqlanishini anglatadi. Shunday ekan, agar maktab direktori yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxs mehnat ta’tilida bo‘lsa va shu sababli mehnat shartnomasini rasmiylashtirish kechiksa, bu holat nomzodning aybi hisoblanmaydi. 

Chunki, mehnat ta’tilida bo‘lgan direktor qonunga muvofiq o‘z xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etilgan hisoblanadi. Shu sababli, direktorning mehnat ta’tilida ekanligi tavsiyanomaning kuchini yo‘qotishiga asos bo‘la olmaydi. Bunda direktor mehnat ta’tilidan qaytgach, mehnat shartnomasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi mumkin”, - deydi Doniyor Imomniyozov. 
Demak, bugungi vaziyat tavsiyanoma olgan nomzodlarning aybi bilan emas, balki ishga qabul qilish jarayonining mehnat tatili davriga togri kelgani bilan bogliq.

Huquqshunoslarning fikricha, direktor mehnat tatilidan qaytgach yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs belgilangan tartibda tayinlangach, ishga qabul qilish qonuniy ravishda rasmiylashtirilishi mumkin. Shu bois, nomzodlar tavsiyanomasi bekor bolib qolishidan xavotir olmasliklari kerak.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktab maslahatchisi

Ulashish