Top.Mail.Ru
Sun’iy intellekt o‘quvchilarning asosiy yordamchisiga aylanib qolmoqdami?

Sun’iy intellekt o‘quvchilarning asosiy yordamchisiga aylanib qolmoqdami?

15:49 / 03.08.2026 67

Sun’iy intellekt maktab ta’limining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Rossiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, har uchinchi oila uy vazifalarini tayyorlashda neyrotarmoqlardan deyarli har kuni foydalanadi.


O‘quvchilar murakkab mavzularni tushunish, uy vazifalarini bajarish va qo‘shimcha ma’lumot izlashda sun’iy intellektga tobora ko‘proq murojaat qilmoqda.


Rossiyaning “Dnevnik.ru” raqamli ta’lim platformasi “Skolkovo” texnoparki bilan hamkorlikda mamlakatning turli hududlaridagi o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Tadqiqotda 19 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi.


Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 37,4 foizi sun’iy intellekt vositalaridan muntazam foydalanadi. Yana 22,1 foizi esa bunday texnologiyalarni endigina o‘zlashtirmoqda.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 30 foizi maktab topshiriqlarini bajarishda sun’iy intellektdan deyarli har kuni foydalanishini bildirgan. 21,9 foizi undan haftasiga bir yoki ikki marta, 13 foizi esa oyiga bir necha marta foydalanadi.


Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘quvchilar va ota-onalar sun’iy intellektdan asosan uch maqsadda foydalanadi:


  • 26,7 foiz — murakkab mavzularni sodda tilda tushuntirib olish;


  • 18,3 foiz — uy vazifalarini bajarishda yordam so‘rash;


  • 16,2 foiz — darsliklarda mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha ma’lumotlarni topish.


Shuningdek, sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, kerakli iqtiboslarni izlash, referatlar tayyorlash hamda bajarilgan topshiriqlarni tekshirishda ham keng qo‘llanilmoqda.


So‘rovnoma ishtirokchilari orasida quyidagi platformalar eng ko‘p foydalaniladigan sun’iy intellekt vositalari sifatida qayd etilgan:


  • Alisa AI — 26,1%;


  • ChatGPT — 16,3%;


  • DeepSeek — 11,9%;


  • GigaChat — 11,6%;


  • Gemini — 5,1%.


Respondentlarning qariyb 40 foizi sun’iy intellekt tayyorlagan materialni ozroq tahrir qilib foydalanishini aytgan bo‘lsa, 35,7 foizi esa olingan natijadan hech qanday o‘zgartirishsiz foydalanishini bildirgan.


Tadqiqot natijalari odamlarda sun’iy intellektdan foydalanish madaniyati hali to‘liq shakllanmaganini ham ko‘rsatdi. Respondentlarning yarmi sun’iy intellekt bergan javoblarni o‘z bilimlariga tayangan holda yoki qisman qayta tekshiradi. 27 foizi muhim faktlarni har doim boshqa manbalar orqali tekshirsa, 23 foizi esa sun’iy intellekt tomonidan berilgan ma’lumotlarni umuman tekshirmaydi.


“Dnevnik.ru” bosh direktori Aleksey Tatarinovning aytishicha, sun’iy intellekt endilikda nafaqat o‘quvchilar va ota-onalar, balki pedagoglar orasida ham ommalashmoqda.


Uning so‘zlariga ko‘ra, platformada o‘qituvchilar uchun dars ishlanmalari va testlarni avtomatik yaratishga yordam beradigan sun’iy intellekt vositalari sinovdan o‘tkazilgan. Dastlabki natijalar pedagoglarning ish yuklamasi kamaygani va dars sifati yaxshilanganini ko‘rsatgan.


Shuningdek, ayrim tadqiqot natijalari o‘qituvchilar sun’iy intellektni o‘zlariga raqobatchi emas, balki yangi g‘oyalar manbayi va kasbiy toliqishning oldini olishga xizmat qiladigan yordamchi vosita sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatmoqda.

“Joriy yilda biz “Dnevnik.ru” raqamli ta’lim platformasida sun’iy intellekt vositalarini sinov tariqasida joriy eta boshladik. Ular yordamida o‘qituvchilar dars ishlanmalari va testlarni avtomatik tarzda yaratishi mumkin. Tajriba nafaqat pedagoglarning ish yuklamasini kamaytirish, balki darslar sifatini oshirishda ham ijobiy natija berdi.

Turli so‘rovlar yakunlari shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchilar sun’iy intellekt ularning o‘rnini egallashidan qo‘rqmayapti. Aksincha, uni yangi g‘oyalar manbai va kasbiy charchoqning oldini olishga yordam beradigan vosita sifatida qabul qilmoqda.

O‘quvchilar va ota-onalar ham neyrotarmoqlardan foydalanishning foydasini e’tirof etib, bunday imkoniyat maktab ta’limi tizimida mavjud bo‘lishi zarurligini ta’kidlashmoqda”, — deydi u.

Shunga qaramay, tadqiqotda qatnashganlarning qariyb uchdan bir qismi sun’iy intellektdan umuman foydalanmasligini bildirgan. Ularning 24 foizi neyrotarmoqlar o‘quv jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. 15,3 foizi ulardan qanday foydalanishni bilmasligini aytgan. 10 foizi esa sun’iy intellekt javoblarida xatolar bo‘lishi mumkinligi sababli bunday vositalardan foydalanmaydi.


“Skolkovo” texnoparki texnologiyalarni rivojlantirish va ta’lim dasturlari departamenti direktori Olga Slominskayaning fikricha, bugungi kunda ota-onalarning asosiy vazifasi farzandlarini sun’iy intellektdan foydalanishga emas, balki uning natijalarini tanqidiy baholashga o‘rgatishdir.

“Sun’iy intellekt — bu ta’lim olishga yordam beradigan vosita, xolos. Fikrlash, axborotni tahlil qilish va mustaqil xulosa chiqarish esa har doim insonning o‘z zimmasida qoladi”, — deydi Olga Slominskaya. 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Rossiya
  • Sun’iy intellekt

Ulashish