Vazirlik o‘qituvchilarga “Canva” uchun 20 million dollar to‘ladimi?
Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oʻzbekistondagi barcha maktablarga “Canva” xalqaro platformasidan foydalanish imkoniyati yaratilgani, buning uchun “Canva” kompaniyasi bilan 20 million dollarlik grant kelishuvi imzolanganini e’lon qilgandi.
Ta’kidlanishicha, u orqali respublikadagi 10 mingdan ziyod maktab 3 yil davomida platformadan mutlaqo bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, “Canva” xalqaro miqyosda davlatlar va ta’lim tashkilotlari bilan strategik hamkorlikni kengaytirib, Gretsiya, Turkiya, Tailand, Indoneziya va Bangladesh kabi davlatlarning ta’lim vazirliklari darajasida raqamli ta’lim infratuzilmasini mustahkamlamoqda.
Ushbu hamkorliklar doirasida “Canva” o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun premium resurslardan bepul foydalanish hamda vizual savodxonlikni oshirish imkoniyatini taqdim etmoqda — O‘zbekiston bilan imzolangan hamkorlikda ham xuddi shunday bandlar nazarda tutilgan.
“Canva” shundoq ham o‘qituvchilarga tekin-ku, buning nimasi grant?
Vazirlik “Canva” kompaniyasi bilan 20 million dollarlik grant kelishuviga erishgani haqidagi xabardan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Canva for Education platformasidan foydalanish pedagoglar uchun shundoq ham bepul ekanligi haqida yoza boshladi.
Jumladan, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov Canva for Education K-12 (umumiy oʻrta taʼlim) oʻqituvchilari uchun tekin ekanligi haqidagi ma’lumotni ulashdi. Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa vazirlik kelishuvi Oʻzbekistonlik oʻqituvchilar uchun maktabda ishlashini tasdiqlovchi hujjatni yuklash byurokratiyasidan ozod qilishga qaratilgan boʻlishi mumkinligini aytdi.
Biz esa masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bilan bog‘lanib, bu boradagi qo‘shimcha tafsilotlar bilan tanishdik.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda “Canva”ning oddiy, bepul versiyasi cheklangan imkoniyatlar bilan foydalanuvchilarga taqdim etilib kelinadi. Ammo, dunyoda hech qaysi IT kompaniya 6,5 million auditoriyalik 10 000 dan ziyod maktabga, barcha o‘qituvchi va o‘quvchilarga, 3 yil davomida to‘liq imkoniyatlarni shunchaki “tekin” taqdim etmaydi – bu biznes qoidasi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, “Canva” uchun vazirlik tomonidan hech qanday pul to‘lamagan. 20 million dollar – bu Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etilgan mablag‘ ham emas. Bu shartnomada belgilangan qiymat bo‘lib, bu 10 000 dan ziyod maktablar 3 yil davomida to‘liq imkoniyatlar tarifining (premium pocket) foydalanishga tenglashtirilgan qiymati hisoblanadi.
Bundan tashqari, bu oddiy “dastur ulashish” emas, balki “Canva” bilan rasmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, yangi o‘quv yilidan e-Maktab tizimi orqali “Canva” platformasiga kirish imkoniyati yaratiladi, platformadan foydalanish yuzasidan o‘qituvchilarga trening o‘tiladi, “Canva”ga o‘zbek milliy dizayn atributlari hamda shablonlari joylashtiriladi, foydalanuvchilarga aynan qaysi yo‘nalishlarda taqdimotlar qiziqligi borasida umumiy tahlil olib boriladi. Bu esa loyihani amalga oshirishda tizimli yondashuv ekanligini ko‘rsatadi.
“Maqsad aniq – o‘quvchilarimizda kreativ fikrlash, amaliy va taqdimot qilish ko‘nikmalarini, shuningdek raqamli savodxonlikni milliy miqyosda rivojlantirishdir”, - deydi Dilfuza Sobirova.
Maʼlumot uchun: “Canva” bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida keng qoʻllanilayotgan yetakchi platforma hisoblanadi.
“Canva for Education” oʻzida quyidagi 5 ta muhim yoʻnalishni qamrab oladi:
- Kreativ tafakkurni rivojlantirish — minglab shablonlar orqali ijodiy yondashuv;
- Taqdimot va infografika koʻnikmalari — zamonaviy vizual materiallar yaratish;
- Sunʼiy intellekt asosidagi vositalar — SI yordamida tezkor va sifatli kontent tayyorlash;
- Jamoa boʻlib ishlash — onlayn tarzda guruhlarda hamjihatlikda ishlash;
- Raqamli savodxonlik — zamonaviy raqamli dunyo uchun eng muhim koʻnikmalar.
Eslatib o‘tamiz, 2013-yilda Avstraliyada tashkil etilgan Canva bugungi kunda dunyoning eng ommabop grafik dizayn platformalaridan biri hisoblanadi. Platformadan millionlab o‘qituvchilar, o‘quvchilar, talabalar va mutaxassislar taqdimotlar, infografikalar, dars ishlanmalari, videolar hamda boshqa vizual materiallarni tayyorlashda foydalanib kelmoqda.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Vazirlik o‘qituvchilarga “Canva” uchun 20 million dollar to‘ladimi?
Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti
Jazirama issiqdan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar aytildi
Bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ishi: 11 nafar ayblanuvchiga sud hukmi o‘qildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Yangi o‘quv yilidan Navoiyda sun’iy intellektga ixtisoslashgan sinflar ochilishi mumkin
Yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida “Bir maktab – bir IT sinf” tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochish taklif etildi.
Yangiliklar
“Endi o‘qituvchilar ishini virtual yordamchi bajaradi” — Sherzod Shermatov
Maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platforma joriy qilinadi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi.
Yangiliklar
O‘qituvchilar uchun ChatGPT’da maxsus servis qo‘shildi
OpenAI kompaniyasi pedagoglar uchun maxsus ishlab chiqilgan “ChatGPT for Teachers” servisini taqdim etdi.
Qozog'iston
Endi qozog‘istonlik o‘qituvchilar ChatGPT’dan bepul foydalanadi
Qozog‘iston hukumati OpenAI bilan ta’lim tizimida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha memorandum imzoladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang