Farg‘onada maktab direktorlari ommaviy ravishda majburiy rotatsiya qilinyapti, vazirlik bundan xabardormi?
Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 5 yildan ortiq ishlagan maktab direktorlarni ommaviy ravishda majburiy rotatsiya qilinayotgani haqida xalqtaliminfo.uz'ga murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning aytishicha, bunday holat o‘tgan yili ham kuzatilgan va ko‘plab norozichiliklarga sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu safar Toshloq, Qo‘shtepa va Yozyovon tumanlarida 5 yildan ortiq faoliyat yuritgan maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasalari direktorlariga yig‘ilishlar o‘tkazilib, boshqa ta’lim muassasasiga o‘tish aytilgan.
Ayrim rahbarlarning iddao qilishicha, agar ular bunga rozi bo‘lmasa, masala sud tartibida hal etilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
“Farg‘onada o‘tgan yili katta norozilik va qonun buzilishlarga olib kelgan maktab va bog‘cha direktorlarini majburiy ish joyini o‘zgartirish amaliyoti, ya’ni “rotatsiya” qilish yana boshlandi. Bu gal navbat Toshloq, Qo‘shtepa va Yozyovon tumanlariga keldi. Boshqarma mas’ullari 5 yildan ortiq ishlagan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari direktorlariga bosim o‘tkazib, ixtiyoriy boshqa muassasaga o‘tmasa, kerak bo‘lsa, sud tatibida hal qilinishi haqida ogohlantirdi.
Biz bunday tartib hech qaysi qonunchilik hujjatlarida aks ettirilmaganini, o‘tgan yillardagi ommaviy “rotatsiyalar” ortida ta’lim muassasalaridagi muhit salbiy tomonga o‘zgarganini bilamiz. Aslida viloyat ta’lim boshqarmasining bunday vakolati va qonuniy asosi bormi?
Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida amalda ishlab kelayotgan rahbarlarning ish jarayoniga aniq baho berish, ular boshqarayotgan ta’lim muassasasini davlat va jamiyat oldidagi vazifalarni bajarishiga munosabat bildirish, ularning faoliyatiga qonuniy baho berishning boshqa mexanizmlaridan foydalanish maqsadga muvofiq emasmi?”, - deydi maktab direktorlaridan biri.
Yana bir maktab direktorining aytishicha, hozirgi kunga kelib Farg‘onadagi juda ko‘plab ta’lim muassasasi rahbarlari boshqa muassasalarga majburiy tartibda o‘tkazib bo‘lingan.
“Bizni boshqa maktablarga almashtirib yuborishdi. Endi esa umuman o'zimiz bilmaydigan muhitga tushib qoldik. Yangi jamoani tanimaymiz, o‘qituvchilarni bilmaymiz, ota-onalarni tanimaymiz, mahallaning o'ziga xos tomonlarini ham bilmaymiz.
Direktor uchun maktabni boshqarish faqat hujjat yuritish emas-ku. Har bir o‘qituvchining fe’l-atvorini, qaysi sinfda qanday muammo borligini, qaysi oila bilan alohida ishlash kerakligini vaqt o‘tib bilasiz. Bular bir-ikki kunda o‘rganiladigan narsa emas.
Endi esa hammasini boshqatdan boshlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Ota-onalar ham bizni tanimaydi, biz ham ularni tanimaymiz. Jamoa bilan chiqishib ketguncha ham ancha vaqt ketadi. Shu vaqt ichida maktabdagi ishlar ham sekinlashadi.
Eng achinarlisi, avval boshlagan ishlarimiz, rejalarimiz yarim yo‘lda qoldi. Yangi kelgan direktor ham hamma narsani qaytadan o‘rganadi. Bu esa bolalarga ham, o‘qituvchilarga ham foyda bermaydi, deb o‘ylayman.
Agar direktor yomon ishlayotgan bo‘lsa, bunga qonuniy baho berishsin, tekshirishsin, javobgarlikka tortishsin. Lekin faqat besh yil ishlagani uchun boshqa maktabga yuborish qanchalik to‘g‘ri, buni tushunmayapmiz. Hozir ko‘pchilik hamkasblarimiz shu holatdan norozi”, - deydi ismi sir qolishni xohlagan yana bir maktab direktori.
Rotatsiydan maqsad korrupsiyami?
Tahririyat bilan suhbatlashgan maktab direktorlaridan biri rotatsiya zarurati korrupsiyaning oldini olish bilan izohlanganini aytdi. Uning fikricha, agar maqsad haqiqatan ham korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish bo‘lsa, nega bu amaliyot faqat maktab va bog‘cha direktorlariga nisbatan qo‘llanayotgani tushunarsiz. Direktor bu boradagi e’tirozlarini quyidagicha bayon qildi:
“Rotatsiya sababini so‘raganimizda tizimda korrupsiya ko‘payib ketaganini sabab qilib keltirishdi. Mayli, korrupsiyaning oldini olish kerak, bunga hech kim qarshi emas. Lekin unda nega ishni direktorlardan boshlashyapti?
Axir viloyatdagi tizimni maktab direktorlari emas, boshqarma boshqaradi-ku. Tuman, shahar bo‘limlari ham bor. Korrupsiyaning oldini olish ham, nazorat qilish ham ularning vazifasi emasmi?
Agar bir joyda besh yil ishlash korrupsiyaga sabab bo‘lsa, unda bu qoida hammaga bir xil bo‘lishi kerak. Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov ham 2021-yildan beri shu lavozimda ishlayapti. Tuman bo‘limi boshliqlari orasida ham uzoq yillardan beri ishlab kelayotganlar bor.
Nega rotatsiya faqat maktab va bog‘cha direktorlariga tatbiq qilinadi? Agar maqsad rostdan ham korrupsiyaning oldini olish bo‘lsa, unda vazirlik buni yuqoridan boshlash kerak emasmi?”
Direktorlar majburiy rotatsiya qilinishi to‘g‘rimi?
Agar ushbu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topsa, tabiiy savol tug‘iladi: viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining direktorlarni majburiy ravishda boshqa muassasaga o‘tkazishga huquqi bormi?
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonovdan izoh oldik. Mutaxassisning ta’kidlashicha, Mehnat kodeksida rotatsiya degan tushuncha mavjud emas.
Mehnat kodeksida “xodimni boshqa ishga o‘tkazish” tushunchasi ishlatiladi. MK 138-moddasiga ko‘ra, xodim aynan o‘sha ish beruvchida ishni davom ettirganda uning mehnat vazifalarini o‘zgartirish xodimni boshqa ishga o‘tkazish hisoblanadi.
MK 139-moddasiga ko‘ra, xodimni boshqa ishga o‘tkazish qaysi muddatga amalga oshirilayotganligiga qarab boshqa ishga o‘tkazish turlari doimiy va vaqtinchaga ajratiladi.
Eng muhimi esa 140-moddada belgilangan. Unga ko‘ra xodimni boshqa ishga doimiy o‘tkazishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Faqatgina MK 154-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish holatlarida vaqtinchalik o‘tkazish xodim roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
Rotatsiya tushunchasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan bo‘lib, Qonunning 39-moddasiga (Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi) ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uning shaxsiy va kasbga oid sifatlarini rivojlantirish, faoliyatining samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uni egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimga o‘z roziligi bilan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining ro‘yxati belgilanadi. Ushbu lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning roziligisiz amalga oshiriladi.
Bunda alohida bir jihatga ham e’tibor qaratish lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-95-son Farmonidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, maktab va bog‘cha direktorlari davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanmaydi. Aksincha, boshqarma boshliqlari aynan davlat fuqarolik xizmatchisi sanaladi.
Demak, mehnat qonunchiligi nuqtayi nazaridan qaralganda direktorlarni boshqa maktab yoki bog‘chaga doimiy ravishda o‘tkazish uning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas.
Agar Farg‘onada direktorlarning ommaviy rotatsiyasi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan viloyat ta’lim tizimida shunday xavflar mavjudligini anglatadi.
Bunday holatda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamoatchilikka bu tashabbusning asoslarini ochiq tushuntirishi, Farg‘onada aynan qanday korrupsiyaviy xavflar aniqlangani yoki qanday tahlillar bunga sabab bo‘lgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek, direktorlarni majburiy tartibda boshqa ta’lim muassasalariga o‘tkazish vazirlikning ko‘rsatmasi asosida amalga oshirilmoqdami yoki bu hududiy boshqarmaning tashabbusimi, direktorlar faoliyati qaysi mezonlar asosida baholangani hamda nega aynan besh yildan ortiq ishlagan rahbarlar ommaviy rotatsiyaga jalb etilgani yuzasidan ham vazirlikning rasmiy izohi zarur.
Izohlar 14
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Bolalarga avtomobilni boshqarishga berganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda
Bog‘cha xodimlari uchun oliygohda dual ta’lim shaklida o‘qish tartibi belgilanmoqda
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat joriy etildi
Mavzuga doir yangiliklar
Surxondaryoda bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holat fosh etildi
Surxondaryo viloyatida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish jarayonida pora talab qilgan bog‘cha direktori qo‘lga olindi.
Yangiliklar
1-sinfga qabul uchun fuqarodan 300 dollar olgan maktab xodimi qo‘lga tushdi
Asaka tumanidagi maktablardan birida faoliyat yurituvchi kadrlar bo‘yicha menejer 1-sinfga qabul qilishni va’da qilib, fuqarodan 300 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Yangiliklar
“X-variant” masalasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 13 kishi hibsga olindi — Hindiston
2026-yilning may oyida Hindistonda tibbiyot oliygohlariga qabul uchun o‘tkazilgan NEET-UG imtihoni mamlakat tarixidagi eng yirik mojarolaridan biriga aylandi.
Yangiliklar
Maktab direktori lavozimi uchun 10 ming AQSH dollari talab qilgan MMTB xodimi qo‘lga olindi
Namanganda ikkita korrupsion holat fosh etildi. Bir holatda maktablaridan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan MMTB xodimi qo‘lga olingan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang