1-sinflar uchun “Prezident sovg‘asi”ni hududlarga tarqatish boshlandi, maktablarga qachon yetkaziladi?
Yangi 2026–2027-o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolar ekan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladigan “Prezident sovg‘alari”ni hududlarga yuborishni boshladi. 5-avgust kuni tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlarga ushbu jarayon, maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi hamda yangi darsliklar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilida mamlakatdagi 10 225 ta umumta’lim maktabida 550 mingdan ortiq o‘qituvchi 6,7 milliondan ziyod o‘quvchiga ta’lim beradi. Bolalarning qariyb 795 ming nafari bu yil birinchi sinfga qadam qo‘yadi. Joriy yilning 5-avgust holatiga ko‘ra, ulardan 680 ming nafari yoki rejaning 85 foizi maktablarga qabul qilingan.
Ana shu o‘quvchilar uchun har yili an’anaviy tarzda topshiriladigan “Prezident sovg‘asi” jamlanmasi ham tayyorlandi. Bu yilgi jamlanma 12 turdagi o‘quv qurolidan iborat bo‘lib, unga o‘quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, ikki dona oddiy qalam, 12 rangli qalamlar to‘plami, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, ikki dona o‘chirg‘ich, 12 rangli akvarel bo‘yoqlari, yelim hamda qalamdon kiritilgan.
Press-tur avvalida vazirlik huzuridagi “Ta’minot va logistika xizmati” korxonasi tomonidan ushbu o‘quv qurollarini hududlarga olib ketayotgan avtomobillar karvoni kuzatildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, sovg‘alar 15-avgustga qadar mamlakatning barcha hududlariga yetkaziladi. Shundan so‘ng, qabul qilingan o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 25-avgustga qadar barcha maktablarga to‘liq tarqatilishi rejalashtirilgan.
“Prezident sovg‘alari” “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlaridan so‘ng tantanali ravishda o‘quvchilarga topshiriladi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu jamlanmalar nafaqat davlat maktablari, balki nodavlat maktablar hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalarida tahsil oladigan birinchi sinf o‘quvchilariga ham beriladi.
Vazirlik har bir bolani o‘quv qurollari bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida o‘quvchilarning nomma-nom ro‘yxatini shakllantirgan. Bu jarayonda davlat maktablari bilan bir qatorda nodavlat va boshqa idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari ham hisobga olingan.
Press-tur davomida 1-sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan yangi darsliklar majmuasi ham ommaviy axborot vositalari vakillariga taqdim etildi. Mutaxassislar yangi darsliklarning o‘ziga xos jihatlari, mazmunidagi yangiliklar hamda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbir Toshkent shahridagi Chilonzor tumanining 202-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Mazkur ta’lim muassasasida yangi o‘quv yilida 1260 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olishi, shundan 175 nafari birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 13 nafar o‘quvchi, jumladan, bu yil qabul qilingan ikki nafar birinchi sinf o‘quvchisi ana shunday sinflarda ta’lim olmoqda. Ular uchun maktabda “to‘siqsiz muhit” yaratilib, zarur sharoitlar ta’minlangan.
Shunday qilib, yangi o‘quv yili arafasida birinchi sinf o‘quvchilarini o‘quv qurollari bilan ta’minlash, yangi darsliklarni maktablarga yetkazish hamda ta’lim muassasalarini o‘quv yiliga tayyorlash ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Belgilangan muddatlarga amal qilinsa, sentyabr oyida 795 mingga yaqin bola maktabdagi ilk kunini “Prezident sovg‘asi” bilan qarshi oladi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tadi — vazirlik topshiriq berdi
Bu yil 1696 nafar o‘qituvchiga qariyb 7 mln 500 ming so‘mlik vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi
Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda
Maktablarda yangi o‘quv yili 2-sentyabrdan boshlanadi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabning tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflariga to‘lov-shartnoma asosida qo‘shimcha sinflarni tashkil etilayotganligi haqida xabar berdi.
Yangiliklar
1-sinfga qabul uchun fuqarodan 300 dollar olgan maktab xodimi qo‘lga tushdi
Asaka tumanidagi maktablardan birida faoliyat yurituvchi kadrlar bo‘yicha menejer 1-sinfga qabul qilishni va’da qilib, fuqarodan 300 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Yangiliklar
Bolalarni 1-sinfga joylashdagi kadastr muammolari tufayli maxsus shtab tuzildi
Davlat kadastrlari palatasi tomonidan bolalarni 1-sinfga joylashdagi kadastr bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish maqsadida Respublika bo‘yicha tezkor shtab tashkil etildi.
So'ragan edingiz
1-sinf uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta maktabga ariza topshirsa bo‘ladimi?
Joriy yilda birinchi sinfga qabul jarayonlari 20-iyun kunidan boshlangan. Bunda qabul jarayonlari ikkita bosqichda amalga oshiriladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang