Top.Mail.Ru
Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda, bu Konstitutsiyaga zid

Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda, bu Konstitutsiyaga zid

17:55 / 20.08.2026 94

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabning tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflariga to‘lov-shartnoma asosida qo‘shimcha sinflarni tashkil etilayotganligi haqida xabar berdi.


Ma’lum bo‘lishicha, pulli sinflar narxi bir oyga 1-4-sinflar uchun oyiga 24 000 000 so‘m, 5-11-sinflar uchun esa 29 000 000 so‘m etib belgilangan. Jamoatchilik faollari bunga e’tibor qaratdi.


Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning yozishicha, soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat maktabi tekin bo‘lishi kerak.

“Tasavvur qilyapsizmi? Davlat maktabida, ya’ni soliq to‘lovchilar hisobidan moliyalashtiriladigan va Konstitutsiya bo‘yicha tekin bo‘lishi kerak bo‘lgan maktabda o‘quvchi o‘qishi uchun ota-ona endi pul to‘laydi. Axir, bu surbetlikning yangi cho‘qqisi emasmi?

O‘zi shundoq ham agentlik tizimidagi maktablar maktab ta’limi tizimida tengsizlikning yorqin namunasi bo‘lsa, ularga davlat byudjetidan “oddiy” maktablarga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq pul ajratilsa, ota-ona farzandi bunday maktablarga kirishi uchun repetitorlar va qo‘shimcha darslarga yaxshigina pul sarflashga majbur bo‘lsa, endi “to‘lov shartnoma asosida qabul” degani nimasi?

Yoki umumiy o‘rta ta’limning mohiyati - o‘quvchilarni ota-onalarning cho‘ntagiga qarab ajratish emas, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar barcha uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini teng ta’minlash ekanini anglaydigan hech kim qolmadimi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida?” - deydi Komil Jalilov.

Uning ma’lum qilishicha, Agentlikning 1206 qisqa raqamidagi koll-markazi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu maktablarda “to‘lov shartnoma” asosida o‘qish uchun taxminiy narx hozircha boshlang‘ich sinflar uchun 24 million so‘m, yuqori sinflar uchun 29 million so‘m etib belgilangan.


Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Shokir Tursun esa davlat ochgan maktabda joy bo‘lsa, nega bepul sinflar emas, pulli sinflar ochilyapti? Agar joy yo‘q bo‘lsa, shartnoma asosida o‘qitiladigan bolalar qayerda o‘qiydi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.


Pedagog, bloger Isroil Tillaboyev ham pullik sinflar uchun belgilangan narxlarga ishonmay, uning o‘zi ham Agentlik koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, bunga aniqlik kiritganini, rostdan ham Agentlik xodimlari buni tasdiqlaganini ma’lum qildi.


Tillaboyev yozgan postida mazkur holatni keskin tanqid qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasidan iqtibos keltirgan.

“Xususiy maktablarga pul to‘lab o‘qishni endi tushunganimizda, ko‘nikayotganimizda, endi davlat maktabiga ham pul to‘lab o‘qitishga to‘g‘ri keladigan bo‘lmoqda shekilli, bu sho‘ring qurg‘ur qora xalq!

Shu kungacha o‘quvchilarni bilimiga, repetitorga qatnab o‘qigan-o‘qimaganiga qarab, majburiy tabaqalanishga olib kelganiga ko‘nikkandik, endilikda tikkalay siz-u-bizning, xalqning budjetiga qurilgan va butunlay xalqniki bo‘lgan davlat (!) maktabida pullik qo‘shimcha sinflar ochilmoqda.

Bu maktablarda “to‘lov shartnoma” asosida o‘qish uchun taxminiy narx hozircha boshlang‘ich sinflar uchun 24 million so‘m, yuqori sinflar uchun 29 million so‘m qilib belgilangan ekan. Oyiga. Mening o‘zim ham bu narxga ishonmay, telefon qilib operator bilan gaplashdim, shunday dedi.

Savol: Bosh Qomusimiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasi “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir.” moddasi bor edi-ku?” - deya post yozgan Isroil Tillaboyev.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi qayd etilgan.


Hukumatning 2019-yil 22-apreldagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.


Pullik ta’lim xizmatlaridan topilgan budjetdan tashqari mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori o‘qituvchilarga haq to‘lashga, qolgan qismi maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi mumkin. Bundan boshqa holatlarda pulli xizmat ko‘rsatilishiga, shuningdek pullik sinflar ochilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ba’zi davlat maktablarida pullik sinflar ochilayotganligi haqida xabarlar tarqalganda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bunga munosabat bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasigi — “davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlaydi” degan normani eslatgan holda Davlat ta’lim standartlaridagi darslar pul evaziga o‘qitilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Maktabga qabul

Ulashish