Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan oʻzgaradi
Prezidentning 2026-yil 4-avgustdagi PQ-292-son qarori bilan alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjat nafaqat inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, balki alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarning sifatli taʼlim olishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, zamonaviy taʼlim vositalaridan foydalanishi hamda ularga xizmat koʻrsatuvchi pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham yangi mexanizmlarni belgilab berdi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2028-yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan islohotlarning asosiy maqsadi alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni erta aniqlash, ularni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan toʻliq qamrab olish, yashash joyiga yaqin hududlarda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuziv muhitni shakllantirish hamda ularning intellektual va kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqarishdan iborat.
“Oilabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi
Qarorning eng muhim yangiliklaridan biri — alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar bilan ishlashning yangi modeli joriy etilishidir.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab mamlakatda “oilabay”ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Endilikda ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolani taʼlim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda amaliy yordam beradi, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanishi doimiy kuzatib boriladi hamda zarurat tugʻilganda qoʻshimcha ijtimoiy yordam va xizmatlarga yoʻnaltiriladi. Bu orqali bolani faqat taʼlim muassasasiga joylashtirish emas, balki uning rivojlanishini uzluksiz kuzatib borish tizimi yaratiladi.
Bolalarning taʼlimga ehtiyoji yangicha tartibda aniqlanadi
Qarorga muvofiq, 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning alohida taʼlimga ehtiyoji “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan aniqlanadi.
Muhimi, endilikda baholash faqat tibbiy tashxis bilan cheklanmaydi. Bolaning psixologik-pedagogik holati, funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi hamda jamiyatdagi ishtiroki ham baholanadi. Dastlab ushbu tizim 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida joriy qilinadi.
Individual yondashuv asosida taʼlim tashkil etiladi
2026/2027-oʻquv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni individual taʼlim rejalari asosida tashkil etiladi.
Har bir bolaning imkoniyati, qobiliyati va oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqib alohida taʼlim dasturi ishlab chiqiladi. Asosiy eʼtibor bolani mustaqil hayotga tayyorlash, uning kommunikativ, ijtimoiy, akademik va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratiladi.
Shuningdek, zaruratga qarab o‘quv rejalari qayta shakllantirilishi, yangi fanlar, korreksion mashg‘ulotlar hamda kasbga yo‘naltirish darslari kiritilishi mumkin bo‘ladi.
Zamonaviy assistiv jihozlar vaucher asosida beriladi
Qaror bilan alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni zamonaviy yordamchi vositalar bilan taʼminlashning yangi mexanizmi ham joriy etildi.
2027-yil 1-maydan boshlab assistiv jihozlar vaucher tizimi orqali beriladi. Vaucherlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hamda Bolani kompleks baholash guruhi xulosasi asosida ajratiladi. Bu esa bolalarni zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash jarayonini ancha soddalashtirishi kutilmoqda.
Taʼlim tashkilotlarida yangi imkoniyatlar yaratiladi
Qarorda alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarga sifatli taʼlim berish uchun maktablarda qo‘shimcha shtatlar ham joriy etilishi belgilangan.
Xususan, 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab davlat umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan har bir koʻzi ojiz pedagog uchun bittadan shaxsiy assistent (tarjimon-kotiba) shtati ajratiladi.
Bundan tashqari, ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab va maktab-internatlarining birinchi hamda ikkinchi sinflarida har bir sinfga bittadan assistent-oʻqituvchi shtati joriy qilinadi. Ushbu mutaxassislar oʻquvchilarning darslarni samarali oʻzlashtirishiga koʻmaklashadi.
Nogironligi boʻlgan abituriyentlar va pedagoglar uchun qulayliklar kengaytiriladi
Qarorda oliy taʼlimga kirish hamda pedagoglarning attestatsiyasi boʻyicha ham muhim yangiliklar nazarda tutilgan.
2027/2028-oʻquv yilidan boshlab nogironligi boʻlgan abituriyentlar oliy taʼlimga kirish imtihonlarida, nogironligi boʻlgan pedagoglar esa attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida belgilangan vaqt meʼyorining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha vaqt oladi. Bundan tashqari, imtihon materiallari Brayl alifbosida, audio va elektron formatlarda ham taqdim etiladi.
Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish uchun grantlar ajratiladi
Davlat umumtaʼlim maktablarida alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun zarur sharoitlarni yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Har yili kamida 50 ta maktabga “Inklyuziv taʼlim muhiti” granti ajratiladi. Grant miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha etadi.
Mazkur mablagʻlar panduslar oʻrnatish, sensor xonalar tashkil etish, sanitariya xonalarini moslashtirish, maxsus mebel va jihozlar xarid qilish, rivojlantiruvchi oʻquv vositalarini sotib olish kabi tashabbuslarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, korreksion sinf tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga ham har bir oʻquvchi uchun hududiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 baravaridan 11 baravarigacha subsidiya ajratiladi. Bu nodavlat sektorning inklyuziv taʼlimdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Maxsus pedagoglarni tayyorlash va ragʻbatlantirish tizimi oʻzgaradi
Qaror maxsus pedagoglar faoliyatini rivojlantirishga ham qaratilgan. Oliy taʼlim muassasalarida boshlangʻich sinf oʻqituvchilari maxsus pedagogika fanlarini chuqurlashtirilgan dasturlar asosida oʻrganadi. Maxsus pedagoglarning malaka oshirish kurslari yangilanadi, talabalar maxsus bazaviy taʼlim tashkilotlarida amaliyot oʻtaydi.
Bundan tashqari, “Maxsus pedagog” kasbiy standarti ishlab chiqiladi, pedagoglar faoliyati keys-stadi usulida baholanadi.
Yana bir muhim yangilik shundaki, alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari pedagoglariga KPI natijalari asosida har oylik ustamalar toʻlash tizimi joriy etiladi. Bunda har bir oʻquvchining individual rivojlanish xaritasi elektron tizimda yuritilishi hisobga olinadi.
Inklyuziv taʼlim infratuzilmasi kengaytiriladi
Qaror bilan inklyuziv taʼlim muassasalari sonini ham sezilarli oshirish rejalashtirilgan. 2026–2028-yillar davomida respublika hududlarida 14 ta ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktabi hamda 86 ta ko‘p tarmoqli maktab yoki maktab-internatini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, umumtaʼlim maktablarida inklyuziv sinflar ochish, ularni toʻsiqsiz muhit talablariga moslashtirish, nogironligi boʻlgan oʻquvchilar uchun zarur mebel va jihozlar bilan taʼminlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Maxsus maktablar uchun yangi avlod darsliklari yaratiladi
Qaror bilan tasdiqlangab chora-tadbirlar dasturida maxsus maktablar uchun yangi avlod darsliklari va metodik qoʻllanmalarni yaratish ham nazarda tutilgan.
Endilikda xalqaro tajriba asosida yangi oʻquv adabiyotlari ishlab chiqiladi, Brayl alifbosidagi darsliklar soni koʻpaytiriladi, oʻquvchilarning hayotiy va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan didaktik mahsulotlar yaratiladi. Shuningdek, maxsus maktab oʻquvchilarini oliy taʼlimga tayyorlash maqsadida fan olimpiadalari va diagnostik test sinovlari muntazam oʻtkaziladi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan oʻzgaradi
Ko‘zi ojiz pedagoglar uchun muhim yangilik: endi har bir o‘qituvchiga alohida shaxsiy assistent biriktiriladi
1-sinflar uchun “Prezident sovg‘asi”ni hududlarga tarqatish boshlandi, maktablarga qachon yetkaziladi?
Bolalarga avtomobilni boshqarishga berganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Endi uy ta’limida dars beradigan o‘qituvchilarga "yo‘l haqi" ham to‘lab beriladi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi tegishli qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangiliklar
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Bu haqda prezident qarori qabul qilindi
Yangiliklar
Inklyuziv ta’lim o‘qituvchilarini sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Bu haqda Davlat dasturida nazarda tutilgan
Yangiliklar
34 mingta bola nogironligi sabab ta’lim muassasasalariga bormayapti
Nogironligi bor bolalarning ta’lim bilan qamrovi pastligi aytildi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang