Top.Mail.Ru
Boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasi muhokamalar markazida

Boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasi muhokamalar markazida

14:13 / 12.08.2026 1.00k

Ma’lumki, boshlang‘ich sinflarda bir qancha alohida fanlar ham o‘qitiladi. Shu kunga qadar mazkur fanlarning ayrimlari yuqori sinf o‘qituvchilari, ayrimlarini esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitib kelingan.


Ammo, dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritlganidan so‘ng bu borada turli xil tushunmovchiliklar kelib chiqa boshladi.  Xususan, jismoniy tarbiya fani aynan qaysi fan o‘qituvchilariga berilishi ham koplab savollarni tugdirmoqda.


Shu sababli, bugungi maqolamizda bu borada qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarni tahlil qilgan holda ma’lumotlar berib o‘tamiz.


Ma’lumki, 2020-yilning 10-avgustida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari imzolagan ko‘rsatma xatida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining qaysi fanlardan dars berish huquqiga ega ekanligi haqida tushuntirish berilgan. Unda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining diplomida “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish” ixtisosligi berilgan bo‘lsagina ular “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berishi mumkin ekanligi aytilgan.


Ammo, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi o‘qituvchilarining ko‘plab talab va istaklarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining ko‘rsatmasiga asosan 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab maktablarda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dars berish huquqiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berish huquqi beriligan. 


Demak, Bosh vazir imzolagan hujjatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab diplomida qanday mutaxaxasislik yozilganidan qat’iy nazar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 1-4-sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berishi mumkinligini tushunish mumkin.


Yuqori sinf o‘qituvchisi boshlang‘ich sinfda dars berolmaydimi?


Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.


Bunda boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi inobatga olinishi qayd etilgan.


Mazkur qoidadan kelib chiqadigan bo‘lsak, yuqori sinflarda dars beradigan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi 1-4-sinflarga dars berolmasligi mumkin. Ammo, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 9-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan malaka tavsiflari bu qoidani rad etadi.


Ya’ni, vazirlik tomonidan belgilangan malaka tavsiflarida jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi yoshiga nisbatan Sport vazirligi tomonidan belgilangan jismoniy tayyorgarlik va sport sinovlarini bajara olish koʻnikmasiga ega boʻlishi talab etilishi nazarda tutilgan.


Bilamizki, malaka tavsifi — muayyan lavozimni egallash va unda faoliyat yuritish uchun xodimga qo‘yiladigan mutaxassislik, kasbiy bilim, ko‘nikma va boshqa talablarni belgilovchi me’yoriy hujjat hisoblanadi. Ya’ni, malaka tavsifi xodimning aynan shu lavozimda ishlashi uchun qanday talablarga javob berishi kerakligini belgilab beradi. 


Ayan shu qoidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, 1-4-sinflarda jismoniy tarbiya fanini faqatgina “Jismoniy tarbiya” fani ixtisosligi boʻyicha dars berish huquqiga ega bo‘lgan, ya’ni diplomida “Jismoniy tarbiya” yoki “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish” mutaxassisligi qayd etilgan o‘qituvchilar o‘qitishi kerak bo‘ladi.


Diplomida qanday mutaxaxasislik yozilganidan qat’iy nazar 1-4-sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berishi mumkin bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari esa Sport vazirligi tomonidan belgilangan jismoniy tayyorgarlik va sport sinovlarini bajara olish koʻnikmasiga ega boʻlganligi to‘g‘risidagi hujjatni olishi kerak bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, amaldagi hujjatlar tahlil qilinganda, 1–4-sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan aniq javob talab qiladigan izohlar zarurligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarga berilgan huquq, dars soatlarini taqsimlashda belgilangan yangi mezonlar hamda malaka tavsiflaridagi talablarning bir-biriga zidligi ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda.


Shu bois, dars taqsimotida turlicha yondashuvga yo‘l qo‘ymasligi uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu masalaga rasmiy izoh berishi lozim. Xususan, 1–4-sinflarda jismoniy tarbiya fanidan aynan qaysi toifadagi pedagoglar dars berishi mumkinligi, ularga qanday malaka talablari qo‘yilishi va dars soatlarini taqsimlashda aynan kimlarga ustuvorlik berilishi aniq belgilab berilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dars taqsimoti

Ulashish