Boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini kim o‘qitishi kerak? Vazirlik izoh berdi
Avvalroq, xalqtaliminfo.uz’da boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasiga doir maqola e’lon qilingandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur maqola yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Xususan, Nizomning 15-bandida boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishli fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi inobatga olinishi belgilangan.
Vazirlik mazkur talabning kiritilishiga sabab sifatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish hamda dars soatlarini taqsimlashda yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadini ko‘rsatgan.
7–10 yoshdagi bolalarning bilimni qabul qilishi, tushunchalarni idrok etishi va o‘quv materiallarini o‘zlashtirish jarayoni yuqori sinf o‘quvchilaridan sezilarli darajada farq qiladi. Shu sababli boshlang‘ich sinflarda dars berish nafaqat muayyan fan bo‘yicha bilimga, balki aynan shu yoshdagi bolalar bilan ishlash metodikasiga ega bo‘lishni ham talab etadi. Bu talab jismoniy tarbiya faniga ham taalluqli.
Vazirlik izohiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish uchun o‘qituvchining ushbu fan bo‘yicha bilimga ega bo‘lishining o‘zi yetarli emas. U boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitish metodikasi bo‘yicha ham ta’lim olgan bo‘lishi kerak.
Vazirlikning ta’kidlashicha, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya metodikasi bo‘yicha ta’lim olgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari ham 1–4-sinflarda dars o‘tish huquqiga ega.
Demak, yangi tartib jismoniy tarbiya fanini faqat boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga berishni nazarda tutmayapti. Bu yerda asosiy mezon — o‘qituvchining boshlang‘ich sinflarda aynan ushbu fanni o‘qitish metodikasini egallaganligi.
Ya’ni, yangi tartibning mazmuni “yuqori sinf o‘qituvchisi boshlang‘ich sinfda dars bera olmaydi” degan taqiqdan iborat emas. Aksincha, boshlang‘ich sinflarda dars beradigan pedagogdan ushbu yoshdagi o‘quvchilar bilan ishlashning o‘ziga xos metodikasini bilish talab etilmoqda.
Umuman olganda, vazirlik bergan izoh boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini kim o‘qitishi masalasidagi muhim jihatlarga aniqlik kiritdi. Demak, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchi yoki jismoniy tarbiya bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitish metodikasini egallagan pedagog 1–4-sinflarda ushbu fandan dars berishi mumkin.
Izohlar 9
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
29-avgustga qadar barcha hududlarda “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tadi
Ta’limga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflandi?
Nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi
Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan oʻzgaradi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish masalasi muhokamalar markazida
Ma’lumki, boshlang‘ich sinflarda bir qancha alohida fanlar ham o‘qitiladi. Shu kunga qadar mazkur fanlarning ayrimlari yuqori sinf o‘qituvchilari, ayrimlarini esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitib kelingan.
So'ragan edingiz
Dekret ta’tilidan qaytgan o‘qituvchilarga faqat ta’tildan avvalgi dars soatlarigina beriladimi?
Dekret ta’tilidan qaytgan o‘qituvchilarga ta’tildan avvalgi dars soatlarigina beriladi degan qoida yo‘q.
So'ragan edingiz
Bu yil rahbar xodimlarga dars berilmaydimi?
Rahbar xodimlarga dars berilmasin, degan taqiqlovchi qoida yo‘q.
So'ragan edingiz
Endi 1-sinflarni o‘qitadigan o‘qituvchilar oliy yoki birinchi toifali bo‘lishi kerakmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda “Joriy o‘quv yilidan 1-sinfni o‘qitadigan o‘qituvchilar oliy yoki birinchi toifali bo‘lishlari shart” degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Bu qanchalik asosli?
O'zbek
Izohingizni tahrirlang