Top.Mail.Ru
O‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayaptimi?

O‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayaptimi?

17:38 / 17.08.2026 2.01k

Yangi o‘quv yili oldidan maktablarda dars soatlarini taqsimlash jarayonida pedagoglar orasida savollar ko‘paymoqda. Xalqtaliminfo.uz'ga kelib tushayotgan murojaatlarda aytilishicha, bu yil ayrim maktablarda o‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayapti. 20 soatdan ortib qolgan dars soatlari esa o‘qituvchilarga berilmay, vakant sifatida ko‘rsatilmoqda.


Pedagoglar dars soatlarini taqsimlashda bunday cheklov mavjud yoki mavjud emasligiga, shuningdek, ortib qolgan dars soatlarini vakant sifatida ko‘rsatishning qonuniy asoslariga oydinlik kiritilishini so‘ramoqda.


Ma’lumki, pedagog xodimlarga dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi (3271-sonli) nizom asosida taqsimlanadi.


Mazkur nizomga muvofiq ustuvor ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi mumkin. Ya’ni, pedagog xodimlarga bir yarim stavka (30 soat) gacha dars soati berilishi mumkin.


Maktab direktori tomonidan ustuvor ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmasligi dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizom talablarining buzilishi hisoblanadi.


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF–126-son Farmoni bilan 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab maktablardagi mavjud vakansiyalar haqida hisobot berish tartibi ham bekor qilingan. Ya’ni, ish beruvchilar bandlik organlariga mavjud vakansiyalar haqida hisobot berishga majbur emas.


Shuningdek, bandlik organi yo‘llanmasi bilan bo‘sh ish o‘rniga kelgan nomzod ishga qabul qilinmagan taqdirda, ish beruvchi sabab keltirishi shart bo‘lmaydi va buning uchun ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.


Darslarni adolatsiz taqsimlaganlik uchun javobgarlik bor


Umumta’lim muassasalarida dars soatlarini taqsimlash maktabning Pedagogik kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli, birinchi navbatda Pedagogik kengash darslar adolatsiz taqsimlangan taqdirda, uni tasdiqlamaslik huquqiga ega.


Ammo shunga qaramay, maktab direktori yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan dars soatlarini taqsimlash borasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilmasa, ularga nisbatan javobgarlik bor.


Ma’lumki, Xalq ta’limi vazirining 2016-yil 30-maydagi 6-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagogik kengashi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, maktab direktori pedagogik kengash raisi hisoblanadi. Pedagogik kengash qarorlari ijrosining umumiy nazorati esa pedagogik kengash raisi tomonidan amalga oshiriladi.


Shu sababli, maktab direktorining Pedagogik kengash qaroriga zid ravishda, qonunchilik hujjatlarini buzgan holda o‘zboshimchalik bilan darslarni adolatsiz taqsimlashi mehnat qonunchiligini buzish sifatida baholanadi.


Bunday vaziyatlarda maktab direktoriga nisbatan Mehnat kodeksining 312-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo turlaridan biri qo‘llanilishi mumkin.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari (2 mln 60 ming so‘m)dan o‘n baravari (4 mln 120 ming so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 


Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (4 mln 12 ming so‘m)dan o‘n besh baravari (6 mln 180 ming so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Shu sababli, maktab direktorlariga dars taqsimotida “20 soat”ni umumiy chegara sifatida qo‘llamaslik tavsiya etiladi. Agar o‘qituvchi nizomda belgilangan tartibda ustunlikka ega bo‘lsa, unga qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorda, jumladan 30 soatgacha dars berilishi mumkin.


Qolgan dars soatlarini asossiz ravishda vakansiya sifatida ko‘rsatish yoki boshqa o‘qituvchiga berish esa javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida amalga oshirilishi lozim.


Ma’lumot uchun: Ta’lim muassasalarida dars soatlari adolatsiz taqsimlangan taqdirda pedagog xodimlar hududiy Bandlik yoki Adliya bo‘limlariga, shuningdek Kasaba uyushmasiga murojaat qilishlari mumkin.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dars taqsimoti

Ulashish