Top.Mail.Ru
Maktab kutubxonalari holati ayanchli ahvolga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi

Maktab kutubxonalari holati ayanchli ahvolga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi

12:16 / 27.08.2026 260

2026-yil 1-avgust kuni Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida umumta’lim maktablari kutubxonalarining joriy holati, badiiy kitob fondi va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari e’lon qilindi. 


“Yuksalish” harakati tomonidan 2026-yilning 18–26-may kunlari o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi 250 ta umumta’lim maktabini qamrab olingan. O‘rganishlar shahar va tuman markazlari bilan birga olis qishloq hududlarida ham olib borildi.


221 ta maktabda kitob fondi tavsiya etilgan darajadan past


O‘rganilgan 250 ta maktabning 221 tasida, ya’ni 88,4 foizida har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan kitoblar soni xalqaro tavsiyalarda belgilangan ko‘rsatkichdan past ekani qayd etildi. Ayrim maktablarda badiiy adabiyotlar soni bir o‘quvchiga atigi 0,5–1 nusxadan to‘g‘ri kelmoqda. Ba’zi maktab kutubxonalarining jami kitob fondi esa 500 nusxaga ham yetmaydi.


Hududlar kesimida ham sezilarli farqlar mavjud. Masalan, Qashqadaryo viloyatining ayrim maktablarida bir o‘quvchiga 0,5 ta, Samarqand viloyatidagi ayrim maktablarda 0,6 ta, Toshkent shahrining ayrim maktablarida esa 0,7–0,8 ta badiiy adabiyot to‘g‘ri kelayotgani aniqlandi.


Shuningdek, ayrim maktablarda lotin yozuvidagi zamonaviy badiiy adabiyotlar yetishmasligi qayd etildi. Bu esa bugungi kunda lotin grafikasi asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun mavjud kitob fondidan samarali foydalanishni qiyinlashtirmoqda.


Har to‘rtinchi o‘rganilgan maktabda kitob fondining sezilarli qismi eskirgan

Monitoring kitob fondlarini yangilash masalasida ham tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. O‘rganilgan 62 ta maktabda, ya’ni 25 foizida kitob fondining 30 foizdan 75 foizgacha qismi eskirgan. Yana 34 ta maktabda mavjud kitoblarning 5 foizdan 30 foizgacha qismi foydalanishga yaroqsiz holatda saqlanayotgani aniqlandi.


Ayrim hududlardagi maktablarda kitob fondining eskirish darajasi 50–75 foizgacha yetgan. Bu holat kutubxona fondlarini muntazam inventarizatsiyadan o‘tkazish, eskirgan va yaroqsiz adabiyotlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish hamda ularning o‘rnini zamonaviy, o‘quvchilarning yoshi va qiziqishlariga mos adabiyotlar bilan to‘ldirish zarurligini ko‘rsatmoqda.


Davlat dasturida belgilangan ayrim adabiyotlar maktablarga yetib bormagan

Monitoring davomida davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan adabiyotlar bilan ta’minlash masalasi ham o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, 207 ta maktabda o‘zbek adabiyotining rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan asarlari mavjud emasligi qayd etildi. Shuningdek, 2025-yilda nashr etilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 50 jildlik to‘plami 64 ta maktab kutubxonasida mavjud emasligi aniqlandi.


90 ta maktabda alohida o‘quv zali mavjud emas


Maktab kutubxonalarining moddiy-texnik bazasi ham monitoringning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. O‘rganilgan 250 ta maktabning 90 tasida, ya’ni 36 foizida alohida o‘quv zali mavjud emas. Shundan 30 ta maktabda o‘quv zali umuman tashkil etilmagan, 60 ta maktabda esa sinfxona, kitob ombori yoki kutubxonaning bir qismi o‘quv zali sifatida moslashtirilgan.


Ayrim holatlarda kutubxona va o‘quv zallaridan kitob saqlash ombori sifatida foydalanilayotgani, mebel va kitob javonlari eskirgani, xonalarning yoritilishi talab darajasida emasligi ham kuzatilgan.


Bu esa kutubxonani faqat kitob saqlanadigan xona emas, balki o‘quvchilar erkin mutolaa qilishi, izlanishi va bilim olishi mumkin bo‘lgan zamonaviy makon sifatida rivojlantirish zaruratini ko‘rsatadi.


Har uchta maktabdan birida raqamli imkoniyatlar yetarli emas

O‘rganilgan 82 ta maktabda, ya’ni 32,8 foizida kutubxonalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun yetarli sharoit yaratilmagan. Ayrim kutubxonalarda kompyuter yoki internet mavjud emas, ayrimlarida mavjud texnika eskirgan, kitoblar hisobi va kataloglar esa hanuz qog‘oz shaklida yuritilmoqda.


Ba’zi maktab kutubxonalarida kompyuter mavjud bo‘lsa-da, u internet tarmog‘iga ulanmagan yoki kutubxona ehtiyojidan boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. Ayrim hududlarda esa kutubxonachilar ish jarayonida shaxsiy noutbuklaridan foydalanishga majbur bo‘layotgani qayd etilgan.


Monitoring natijalari maktab kutubxonalarini yagona elektron tizimga integratsiya qilish, elektron katalog, kitoblarni qidirish va hisobini yuritish tizimini joriy etish, o‘quvchilar uchun elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ko‘rsatdi.


112 ta maktab kutubxonasini boshqa soha mutaxassislari yuritmoqda

O‘rganilgan 112 ta maktabda, ya’ni 44,8 foizida kutubxonachilik faoliyatini boshqa mutaxassislik egalari olib borayotgani aniqlandi. Ular orasida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, texnologiya va fan o‘qituvchilari, iqtisodchilar, buxgalterlar, psixologlar va boshqa soha vakillari bor.


Shuningdek, ayrim maktablarda kutubxonachilar ish vaqtining katta qismini ijara darsliklarini qabul qilish, saralash, tarqatish va hisobini yuritish kabi ularning asosiy vazifalaridan tashqari ishlarga sarflayotgani ma’lum bo‘ldi.

Maktab kutubxonalarini “Aqlli kutubxona” modeliga o‘tkazish taklif qilindi

Jamoatchilik monitoringi natijalaridan kelib chiqib, maktab kutubxonalarini rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy taklif va tavsiyalar berildi.


Xususan, barcha maktab kutubxonalarining kitob fondini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, fondlarni bolalarning yoshi va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan zamonaviy badiiy va bolalar adabiyotlari bilan muntazam boyitish, lotin yozuvidagi yangi nashrlar ulushini oshirish zarurligi qayd etildi.


Shuningdek, yangi badiiy adabiyotlar xarid qilish va zamonaviy kutubxona infratuzilmasini yaratishga mahalliy budjet hamda budjetdan tashqari mablag‘larni yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish, “Tashabbusli budjet” dasturida maktab kutubxonalarini modernizatsiya qilish va yangi kitoblar xarid qilish uchun alohida loyiha yo‘nalishini joriy etish taklif qilindi.


Eskirgan va foydalanishga yaroqsiz kitoblarni hisobdan chiqarish tartibini soddalashtirish, maktab kutubxonalari va o‘quv zallari uchun zamonaviy talablarni ishlab chiqish ham muhim vazifa sifatida belgilandi.


Bundan tashqari, kutubxonalarni bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish, “Aqlli kutubxona” ekotizimiga o‘tish, yagona elektron katalog, ID-kartalar, elektron kitoblar va raqamli o‘quv resurslaridan foydalanishni kengaytirish taklif etildi.


Kutubxona sohasi bo‘yicha maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish hamda kutubxonachilarni ularning lavozim vazifalariga kirmaydigan ortiqcha texnik va ma’muriy ishlarga jalb qilishni cheklash zarurligi bildirildi.


Ijobiy tajribalar ham bor


Monitoring davomida ayrim hududlarda maktab kutubxonalarini rivojlantirishga qaratilgan samarali tajribalar ham qayd etildi. Xususan, Navoiy viloyatida bitiruvchilar va homiylarni maktab kutubxonalari kitob fondini boyitishga jalb etuvchi “Maktabimga tuhfa” aksiyasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, o‘rganilgan 29 ta maktabda har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan badiiy adabiyotlar soni xalqaro tavsiyalarda qayd etilgan ko‘rsatkichdan yuqori ekani aniqlandi.


Biroq monitoring natijalari maktablar va hududlar o‘rtasida kitob fondi, infratuzilma va zamonaviy kutubxona xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha sezilarli tafovutlar saqlanib qolayotganini ham ko‘rsatdi.

Izohlar 8

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kitobxonlik

Ulashish