Top.Mail.Ru
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi

Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi

13:17 / 02.09.2026 79

Hukumatning “Kutubxonalar faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirish va kitob savdosi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.


Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab, chekka va olis hududlarda namunali mahalla kutubxonalari tashkil etilib, ular elektron kitob o‘qish qurilmalari (planshetlar), audiokitoblar uchun quloqchinlar va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanadi. 


Bunda namunali mahalla kutubxonalarining doimiy ishlashiga mahalla raisi bilan birga maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ham mas’ul etib biriktiriladi. 


Hujjat loyihasida maktab kutubxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kitob fondini boyitish va o‘quvchilarning zamonaviy axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilanmoqda. 


Unga ko‘ra, har yili umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ularning kitob fondi kasbiy va sohaga oid adabiyotlar bilan to‘ldirib boriladi. Buning uchun, avvalo, maktab kutubxonalarining mavjud kitob fondi, texnik jihozlari va ehtiyojlari xatlovdan o‘tkaziladi. 


Shundan so‘ng bolalar uchun zarur adabiyotlar hamda kutubxonalar uchun kerakli texnik jihozlar ro‘yxati shakllantirilib, fondni bosqichma-bosqich boyitish ko‘zda tutilgan.


Shuningdek, hududlardagi bolalar kutubxonalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari kutubxonalarini lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar bilan muntazam to‘ldirib borish rejalashtirilmoqda. Buning uchun tegishli adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi va ushbu ro‘yxat asosida kitoblar xarid qilinib, kutubxona fondlari har yili yangi adabiyotlar bilan boyitiladi. 


Mazkur ishlarni 2027-yil mart oyidan boshlab tashkil etish, iyun oyidan esa har yili davom ettirish belgilangan.


Maktab kutubxonalarida internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan. Hujjatga ko‘ra, bolalar kutubxonalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablari kutubxonalarida Wi-Fi hududlari tashkil etiladi. 


Buning uchun mavjud texnik imkoniyatlar o‘rganilib, kutubxonalarni optik tolali internet tarmog‘iga ulash, Wi-Fi routerlarini o‘rnatish hamda tarmoqni xavfsiz internet tizimiga ulash choralari ko‘riladi. Ushbu ishlarni 2027-yil martidan boshlash va 2028-yil iyuniga qadar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.


Ta’lim muassasalariga kitob yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratilgan. 2027-yildan boshlab har yili mart oyida “Kitob karvoni” aksiyalarini tashkil etish va ular orqali hududlardagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar hamda mahallalarga adabiy-ma’rifiy mavzulardagi kitoblarni bepul yetkazib berish rejalashtirilmoqda.


Eslatib otamiz, avvalroq, “Yuksalish” harakati tomonidan 2026-yilning 18–26-may kunlari o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalaridan so‘ng maktab kutubxonalari holati ayanchli ahvolga kelib qolgani ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kitobxonlik

Ulashish