O‘zbekistonning PISA 2025 xalqaro tadqiqotidagi natijalari e’lon qilindi
PISA — Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi bo‘lib, turli davlatlarda 15 yoshli oʻquvchilarning savodxonligini (oʻqish, matematika va tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qoʻllash qobiliyatini baholovchi dasturdir.
Ushbu dastur 1997-yilda joriy etilgan boʻlib, har uch yilda bir marta oʻtkaziladi, birinchi marta 2000-yilda oʻtkazilgan. 2022-yilda esa O‘zbekiston ham ilk bor PISA xalqaro tadqiqotda ishtirok etgandi.
2025-yilgi PISA tadqiqotida 91 mamlakat va iqtisodiyot ishtirok etdi. Biroq OECD O‘zbekistonning matematika va o‘qish bo‘yicha javob ma’lumotlarida ayrim nomuvofiqliklar kuzatilgani qayd etildi. Bu nomuvofiqliklar esa Oʻzbekiston natijalarini ishonchli solishtirish imkonini bermagan. Shu sababli, faqat tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar e’lon qilindi.
PISA 2022 tadqiqotida O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar matematika fanidan jami 364 ball to‘plagan. Bu natijalar boshqa mamlakatlar bilan solishtirilganda, ancha past ko‘rsatgich hisoblanadi. PISA 2022 tadqiqotida jami 81 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, O‘zbekiston ana shu mamlakatlar orasida 72-o‘rinni egallagan.
Bunda O‘zbekiston PISA 2022 tadqiqotining boshqa yo‘nalishlari — o‘qish savodxonligi bo‘yicha 336 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni, tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha esa 355 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni egallagandi.
2025-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblangandi. Bu ayblovlar PISA 2025 tadqiqotida barcha prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlangandi. Shundan so‘ng bu mavzu doirasida turli xil bahslar boshlangan.
Xususan, ushbu ayblovlarga javoban sobiq vazir Hilola Umarova maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmasligini, vazirlikka ko‘zbo‘yamachilik kerak emasligini aytgandi. Ammo vazirlik bu borada boshqa tushuntirish bermagandi.
Shundan so‘ng, Gazeta.uz nashri Parijdagi OECD shtab kvartirasiga murojaat qilib, O‘zbekistondagi PISA tadqiqotlarida barcha prezident maktablari ishtirok etayotgani yuzasidan izoh so‘raydi. PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer esa PISA 2025 tadqiqotiga prezident maktablarini qo‘shishni O‘zbekiston tomon so‘raganini, shuningdek, O‘zbekistondagi tadqiqotlarda barcha prezident maktablari qo‘shimcha guruh sifatida ishtirok etayotganini va ular umumiy natijaga ortiqcha ta’sir o‘tkazmasligini ma’lum qiladi.
PISA tadqiqotida har bir davlatdan qatnashadigan maktablar soni xalqaro talablar asosida belgilanadi. Bunda tadqiqotda ishtirok etayotgan mamlakatdan jami maktablarning kamida 2 foizi ishtirok etishi kerak. Bundan tashqari, minimal ishtirokchilar soni sifatida 150 ta maktab va 6 000 nafar o‘quvchi belgilangan.
PISA tadqiqoti uchun har bir ishtirokchi mamlakatda minglab maktablar orasidan faqat bir nechtasi tanlab olinadi, lekin bu tanlov butun mamlakatdagi o‘quvchilarning umumiy darajasini aks ettirishi kerak.
Ya’ni, tadqiqotda ishtirok etuvchi maktablar mamlakatning barcha hududlaridan reprezentativlik tamoyili asosida tasodifiy ravishda tanlab olinishi tadqiqotning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Agar tadqiqotda ishtirok etish uchun faqatgina eng yaxshi maktablar tanlab olinsa, bu reprezentativ tanlov bo‘lmaydi, chunki u holda PISA natijasi faqat elit maktablardagi o‘quvchilarning natijasini ko‘rsatadi, butun mamlakatdagi o‘quvchilarning real natijasini emas.
Shuning uchun ham PISA tadqiqotida maktablar tasodifiy tanlab olinib, bu tanlov shahar va qishloq maktabi, olis hududdagi maktab, o‘qitish tili, maktab turi (davlat/xususiy) kabi omillarni hisobga oladi. Aynan shu sababli ham PISA tadqiqotida maktablar tasodifiy tanlab olinishi belgilangan.
Ya’ni, reprezentativlik — bu PISA tanlovining eng muhim tamoyillaridan biri, chunki u orqali faqat kuchli yoki zaif maktablar emas, balki mamlakatdagi haqiqiy o‘quvchilar holati aniqlanadi.
PISA 2025 tadqiqotida jami 233 ta ta’lim muassasasi qatnashib, ulardan 17 tasi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, 4 ta xususiy maktab, 1 ta maktab-internati, 1 ta harbiy musiqa akademik litseyi, 1 ta respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi hamda 209 tasini oddiy umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning matematika va o‘qish bo‘yicha ma’lumotlarida nomuvofiqliklar aniqlangani sababli OECD ushbu ikki yo‘nalish bo‘yicha natijalarni e’lon qilmagan. Shu sababli, faqat tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar e’lon qilindi.
O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rtacha natijasi 438 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich OECD mamlakatlari o‘rtacha natijasi — 482 balldan 44 ball past. Biroq O‘zbekistonning PISA 2022-yildagi tabiiy fanlar natijasi bilan taqqoslaganda o‘sish juda katta bo‘lgan: +83 ball. Shu sababli, OECD O‘zbekistonni 2022–2025-yillar oralig‘ida tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi oshgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.
Bu o‘sish o‘rtacha ballning oshgani bilan bog‘liq emas, balki, O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha past natija ko‘rsatuvchi o‘quvchilar ulushini ham keskin qisqartirgani bilan bog‘liq. 2022–2025-yillarda 2-darajadan past natija ko‘rsatuvchi o‘quvchilar ulushi 46,1 foiz punktiga kamaygan, yuqori natija ko‘rsatuvchilar ulushi esa 0,5 foiz punktiga oshgan. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi bu qisqarish ishtirokchilar orasidagi eng katta o‘zgarishlardan biridir.
O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijalariga o‘quvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti unchalik ham katta ta’sir ko‘rsatmagan. Ushbu omil o‘quvchilar natijalaridagi farqning atigi 1,3 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgan o‘quvchilarning 22 foizi yuqori natijaga erishgan. Ya’ni, ularning har beshinchisidan ko‘prog‘i sharoiti og‘ir bo‘lishiga qaramay, eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar qatoridan joy olgan.
2022–2025-yillarda og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy guruhdagi o‘quvchilarning tabiiy fanlar natijasi 85 ballga, qulay sharoitdagi o‘quvchilarning natijasi esa 87 ballga oshgan. Ular o‘rtasidagi tafovut atigi 2 ballni tashkil qilgan. Shu bilan birga, nisbatan og‘irroq sharoitdagi o‘quvchilarda past natija ko‘rsatuvchilar ulushi 47,5 foiz punktga, qulay sharoitdagi o‘quvchilarda esa 49,2 foiz punktga kamaygan.
Bu O‘zbekiston natijalaridagi o‘sish faqat sharoiti yaxshi bo‘lgan o‘quvchilar hisobiga ta’minlanmaganini ko‘rsatadi. Biroq sharoiti og‘ir bo‘lgan o‘quvchilarning ham yuqori natijalarga erishishini ta’minlash hali ham muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda tabiiy fanlar bo‘yicha qizlarning o‘rtacha natijasi 442 ball, o‘g‘il bolalarniki esa 433 ball bo‘lgan. Demak, qizlar o‘g‘il bolalardan 9 ball yuqori natija ko‘rsatgan.
2022–2025-yillarda qizlarning tabiiy fanlardan natijasi 85 balldan ko‘proq, o‘g‘il bolalarning natijasi esa 80 ballga oshgan. Natijada gender tafovuti qizlar foydasiga 5 ballga ortgan.
Past natija ko‘rsatuvchilar ulushi ham har ikki guruhda keskin qisqargan: qizlarda 49,7 foiz punktga, o‘g‘il bolalarda 42,5 foiz punktga. Yuqori natija ko‘rsatuvchilar ulushi esa qizlarda 0,6, o‘g‘il bolalarda 0,4 foiz punktga oshgan.
Shunday qilib, O‘zbekistonda tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar ham qizlar, ham o‘g‘il bolalar orasida yaxshilangan. Biroq qizlarning natijalaridagi o‘sish o‘g‘il bolalarnikiga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan.
PISA 2025da tabiiy fanlar bo‘yicha o‘quvchilarning faqat umumiy bilimi emas, balki uchta asosiy ko‘nikmasi ham alohida baholangan. O‘zbekistonda eng yuqori natija ilmiy hodisalarni tushuntirish bo‘yicha qayd etilgan — 439 ball. Ilmiy tadqiqotlarni baholash bo‘yicha o‘rtacha natija 436 ball, ilmiy axborotni baholash va undan qaror qabul qilishda foydalanish bo‘yicha esa 434 ballni tashkil etgan. Umumiy tabiiy fanlar natijasi 438 ball bo‘lgan.
Bu natijalar o‘zbekistonlik o‘quvchilarining uchala yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlari deyarli bir xil darajada ekanini ko‘rsatadi. Eng yaxshi natija hodisalarni ilmiy tushuntirish bo‘yicha qayd etilgan — 439 ball. Eng past natija esa ilmiy axborotni baholash va undan qaror qabul qilishda foydalanish bo‘yicha — 434 ball.
Bu jihat e’tiborga molik. Chunki ilmiy savodxonlik faqat ilmiy faktlarni bilish bilan cheklanmaydi. O‘quvchi olingan ma’lumotni tahlil qilishi, uning qanchalik ishonchli ekanini baholashi va shu ma’lumotlar asosida to‘g‘ri xulosa yoki qaror chiqara olishi ham kerak.
PISA 2025 O‘zbekiston uchun yangi ko‘rsatkichlardan biri — kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish ko‘nikmasini ham baholadi.
O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi o‘rtacha natijasi 402 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichni matematika natijasi bilan adashtirmaslik kerak. Hisobotdagi ma’lumotlar bilan bog‘liq muammolar sabab O‘zbekistonning matematika natijasi e’lon qilinmagan. 402 ball aynan kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish natijasidir.
Taqqoslash uchun, O‘zbekiston tabiiy fanlardan 438 ball olgan. Demak, kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish natijasi bundan 36 ball past. Bundan tashqari, OECD O‘zbekistonning tabiiy fanlardagi natijasini hisobga olgan holda, kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish bo‘yicha natija kutilganidan 55 ball past ekanini qayd etgan.
Bu farq e’tiborga loyiq. Chunki tabiiy fanlarni yaxshi bilishning o‘zi o‘quvchi raqamli muhitdagi murakkab muammolarni ham yaxshi hal qila oladi, degani emas. Buning uchun bilim bilan birga muammoni tahlil qilish va yechim topish ko‘nikmalari ham kerak.
Shu sababli O‘zbekiston uchun muhim vazifalardan biri — o‘quvchilarning fanlardan olgan bilimlarini raqamli muammolarni hal qilishda qo‘llay olishiga erishish, deyiladi hisobotda. Endilikda o‘quvchi nafaqat ma’lumotlarni bilishi, balki uni yangi va murakkab vaziyatlarda qo‘llay olishi kerak.
PISA 2025 o‘quvchilarning faqat akademik natijalarini emas, ularning o‘rganishga bo‘lgan munosabatini ham o‘rgandi. O‘zbekiston bo‘yicha qat’iyatlilik indeksi 0,19, qiziquvchanlik indeksi 0,21, maqsad qo‘yish indeksi 0,47, yordam so‘rash indeksi 0,13, kognitiv moslashuvchanlik indeksi esa 0,15 ni tashkil etdi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilarning 53,1 foizi o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish mumkin, deb hisoblaydi. PISA topshiriqlarini bajarishda tez javob berish natijasida noto‘g‘ri javob bergan o‘quvchilar ulushi esa 12,2 foizni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkichlar ichida maqsad qo‘yish bo‘yicha natija nisbatan yuqori — 0,47. Ya’ni, O‘zbekiston o‘quvchilari o‘qish jarayonida o‘z oldiga maqsad qo‘yish bo‘yicha boshqa ko‘rsatkichlarga qaraganda yaxshiroq natija qayd etgan.
Biroq o‘quvchilarning ilm-fanga bo‘lgan qarashlarini ifodalovchi ko‘rsatkich –0,23 ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘quvchilarning o‘rganishga bo‘lgan qarashlari bir xil emasligini ko‘rsatadi.
PISA ma’lumotlariga ko‘ra, qat’iyatlilik va yangi narsalarni o‘rganishga qiziqish o‘rtasida bog‘liqlik mavjud. O‘z oldiga qo‘ygan vazifasini bajarishda qat’iy bo‘lgan o‘quvchilarining deyarli barchasi yangi narsalarni o‘rganishni yoqtirishini bildirgan. Bu esa o‘quvchining qiyinchiliklarga qaramay o‘qishni davom ettirishi uning yangi bilimlarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
O‘quvchining natijasiga faqat darsning o‘zi emas, maktabdagi muhit ham ta’sir qiladi. PISA 2025 ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘quvchilarning maktab jamoasining bir qismi ekanini his qilishi bilan bog‘liq ko‘rsatkich 0,24ni tashkil etgan.
O‘quvchilarning 65,4 foizi maktabda o‘qishni qadrlashini bildirgan. 54,4 foizi esa ta’lim kelajakda ijtimoiy mavqeini yaxshilashga yordam berishiga ijobiy qaraydi.
O‘zbekistonda maktablardagi intizomiy muhit indeksi 0,82ni tashkil etgan. Bu OECD mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha 0,14 ko‘rsatkichdan ancha yuqori. O‘quvchilarning 75,5 foizi maktabda bullying, ya’ni o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik va tazyiq holatlari bilan bog‘liq muammolar kam bo‘lgan muhitda ta’lim oladi. Dars qoldirmaslik bo‘yicha ko‘rsatkich esa 55,1 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston 2022–2025-yillarda o‘quvchilarning maktabda hamda maktabga borish va qaytish vaqtida o‘zini xavfsiz his qilishi sezilarli yaxshilangan mamlakatlar qatoridan joy olgan.
Demak, maktab muhitida intizom va xavfsizlik bo‘yicha ijobiy holat kuzatilmoqda. Biroq o‘quvchilarning darsga muntazam qatnashishini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
PISA 2025da o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham baholangan. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0,73ni tashkil etgan.
O‘zbekistondagi maktablarning 66,5 foizida o‘qituvchi yetishmovchiligi mavjud emas. O‘quvchilarning 98,4 foizi esa tengdoshlaridan o‘qishda yordam olish imkoniyati mavjud bo‘lgan maktablarda tahsil oladi.
Biroq moddiy resurslar masalasida vaziyat boshqacharoq. Maktablarning atigi 47,5 foizi moddiy resurslar yetishmovchiligi yo‘qligini bildirgan. Bu maktablarning yarmidan ko‘prog‘ida ma’lum darajada moddiy resurslar bilan bog‘liq muammo mavjudligini anglatadi.
PISA 2025 O‘zbekiston maktablarining raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini ham baholadi. Raqamli qurilmalar yordamida ta’limni rivojlantirish imkoniyati indeksi O‘zbekistonda 0,93 bo‘lgan. OECD o‘rtacha ko‘rsatkichi esa –0,03ni tashkil etgan.
Sun’iy intellektdan foydalanish O‘zbekiston o‘quvchilari orasida ham ancha keng tarqalgan. O‘quvchilarning 48,6 foizi AI’dan kamida haftasiga bir marta o‘qishda yordam olish uchun foydalanishini bildirgan. Yana 80,6 foizi maktabdagi darslarda AI yordamida yaratilgan ma’lumotlarni qanday baholashni o‘rganayotganini aytgan.
Raqamli qurilmalarning o‘quvchilarni chalg‘itishi masalasida 61,1 foiz o‘quvchi qurilmalardan foydalanish ularning diqqatini chalg‘itmasligini bildirgan. O‘quvchilarning 69,2 foizi maktabda mobil telefonlardan foydalanishga ruxsat berilmaydigan sharoitda ta’lim oladi. 87,2 foizi esa raqamli qurilmalardan foydalanish bo‘yicha fanlarga mos alohida ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan maktablarda o‘qiydi.
Biroq raqamli texnologiyalarning mavjudligi o‘quvchilarning natijasi avtomatik ravishda yaxshilanadi degani emas. PISA ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellektdan o‘qishda me’yorida va maqsadli foydalanish yuqoriroq natijalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Aksincha, undan haddan tashqari yoki samarasiz foydalanish o‘quv natijalariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar AI’dan foydalanish natijani yaxshilaydi yoki yomonlashtiradi, degan sababiy xulosani berishga imkon bermaydi.
Yana bir ijobiy o‘zgarish — 2022–2025-yillarda O‘zbekistonda maktablarda raqamli resurslar yetishmasligi sezilarli kamaygan. Demak, keyingi vazifa faqat maktablarni qurilmalar bilan ta’minlash emas. Muhimi, mavjud texnologiyalardan dars jarayonida qanday va qanchalik samarali foydalanilayotganidir.
PISA 2025 O‘zbekiston o‘quvchilarining atrof-muhitga oid bilim va qarashlarini ham baholadi. Ekologik fanlar bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rtacha natijasi 433 ballni tashkil etdi.
Biroq O‘zbekiston o‘quvchilarining ekologik faoliyatdagi ishtiroki ancha yuqori. O‘quvchilarning 90 foizdan ko‘prog‘i so‘rovnomada ko‘rsatilgan beshta ekologik faoliyatning kamida bittasida qatnashganini bildirgan. Bu O‘zbekistonning ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yuqori natija qayd etgan mamlakatlar qatorida ekanini ko‘rsatadi.
Ekologik faoliyatlarda qatnashmagan o‘quvchilarning 29 foizi atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shug‘ullanadigan tanishlari yo‘qligini sabab sifatida ko‘rsatgan.
Bu ma’lumotlar o‘quvchilarining ekologik masalalarda amaliy faolligi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Biroq ekologik bilimlar bo‘yicha natijalar bundan pastroq. Shu sababli o‘quvchilarning mavjud faolligini ekologik bilim va tushunchalarni chuqurlashtirish, shuningdek, atrof-muhit bilan bog‘liq masalalarni tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga olib borish muhim.
PISA 2025 natijalari O‘zbekiston ta’lim tizimida erishilgan yutuqlar va hali e’tibor qaratish zarur bo‘lgan bir nechta muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatadi.
Birinchisi — tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar sezilarli yaxshilangan. O‘zbekistonning natijasi 2022-yilga nisbatan 83 ballga oshgan. Shu davrda past natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ulushi ham 46,1 foizga kamaygan. Bu O‘zbekistonda nafaqat o‘rtacha natija oshganini, balki past natija ko‘rsatgan o‘quvchilar soni ham sezilarli kamayganini ko‘rsatadi.
Ikkinchisi — yuqori natijaga erishayotgan o‘quvchilarni ko‘paytirish zarur. Past natija ko‘rsatganlar ulushi keskin kamaygan bo‘lsa-da, yuqori natija ko‘rsatganlar ulushi atigi 0,5 foizga oshgan. Demak, keyingi bosqichdagi vazifa sifatida faqat past natija ko‘rsatayotgan o‘quvchilar natijasini yaxshilash bilan cheklanmasligi kerak. O‘quvchilarning murakkab masalalarni tahlil qilish, mustaqil fikrlash va yechim topish ko‘nikmalarini ham rivojlantirish zarur.
Uchinchisi — o‘quvchilarning olgan bilimlarini amalda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirish. O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball, kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish ko‘nikmasi bo‘yicha esa 402 ball olgan. Ya’ni, bu ikki natija o‘rtasida 36 ball farq bor. Bundan tashqari, OECD hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonning kompyuter yordamida murakkab muammolarni hal qilish ko‘nikmasi bo‘yicha natijasi tabiiy fanlardagi ko‘rsatkichidan kelib chiqib kutilgan natijadan 55 ball past bo‘lgan. Bu o‘quvchilarning bilimlarini raqamli muammolarni hal qilishda qo‘llash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
To‘rtinchisi — PISA 2025 natijalarini talqin qilishda ma’lumotlarning cheklanganini hisobga olish kerak. O‘zbekistonning matematika va o‘qish bo‘yicha ma’lumotlarida nomuvofiqliklar aniqlangani sababli OECD ushbu ikki yo‘nalish bo‘yicha natijalarni e’lon qilmagan. Shu bois PISA 2025 natijalariga asoslanib, O‘zbekiston o‘quvchilarining barcha fanlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari haqida to‘liq xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
PISA 2025 O‘zbekiston ta’lim tizimida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar borligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, tabiiy fanlar bo‘yicha 83 ballik o‘sish va past natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ulushining keskin kamayishi muhim natija hisoblanadi.
Biroq bu hali ish yakunlanganini anglatmaydi. Endi asosiy vazifa — natijasi past o‘quvchilar sonini kamaytirish bilan birga, yuqori natija ko‘rsatadigan o‘quvchilar sonini ham ko‘paytirish.
Buning uchun o‘quvchiga faqat bilim berish yetarli emas. U o‘rgangan bilimini yangi vaziyatda qo‘llashi, ma’lumotni tahlil qilishi, dalilning ishonchliligini baholashi va murakkab muammoni mustaqil hal qila olishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston ta’lim tizimining keyingi vazifasini bir jumla bilan ifodalash mumkin — endi asosiy e’tibor faqat kamchiliklarni bartaraf etishga emas, yuqori natijalarni ko‘paytirishga, faqat bilim berishga emas, o‘quvchining bu bilimlardan amalda foydalana olishiga qaratilishi kerak.
PISA 2025 tadqiqotida Singapur va Xitoyning Pekin, Shanxay, Jiangsu va Zhejiang hududlari eng yuqori natijalarni qayd etgan. Ular tabiiy fanlar, matematika va o‘qish bo‘yicha uchala asosiy yo‘nalishda ham yetakchi bo‘lgan.
Tabiiy fanlar bo‘yicha eng yuqori natijani B-S-J-Z (Xitoy) — 597 ball bilan qayd etgan. Singapur — 560 ball bilan ikkinchi o‘rinda. Keyingi o‘rinlarda Makao (541), Xitoy Taypeyi (540), Yaponiya (538), Estoniya (527) va Janubiy Koreya (526) joylashgan. OECD bo‘yicha o‘rtacha natija 482 ballni tashkil etgan.
Bunda Singapur nafaqat o‘rtacha natijalar bo‘yicha, balki yuqori darajadagi o‘quvchilar ulushi bo‘yicha ham ajralib turadi. Mamlakatda o‘quvchilarning qariyb 90 foizi tabiiy fanlardan kamida 2-darajaga yetgan. 26 foizi esa 5- yoki 6-darajaga, ya’ni eng yuqori natijalar guruhiga kirgan. OECD bo‘yicha bu ko‘rsatkich mos ravishda 74 va 7 foizni tashkil etadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi
Bog‘chalardagi tarbiyachi yordamchisi lavozimi ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatiga kiritilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
“PISA tadqiqotiga prezident maktablarini qo‘shishni O‘zbekiston tomon so‘ragan” — Andreas Shlyayxer
Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblangandi. Bu ayblovlar PISA 2025 tadqiqotida barcha prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlangandi.
Ta'lim siyosati
“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblandi. Bu ayblov PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablari “tasodifiy” tanlab olinganligi bilan izohlangan.
Yangiliklar
PISA 2025 tadqiqotida O‘zbekistondan ishtirok etadigan maktablar soni ma’lum bo‘ldi
Unda jami maktablarning maktablarning 2,29 foizi ishtirok etishi rejalashtirilmoqda
Maqola
Germaniya PISA tadqiqotida past natija qayd etgach "PISA-shok" dasturini qabul qilgan
Germaniya 2000-yilda PISA tadqiqotlarida ilk marta ishtirok etganida xuddi O'zbekiston kabi past natijalarni qayd etgan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang