1-4-sinfdagi “Jismoniy tarbiya” dars soatlarini boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan olib qo‘yilishi to‘g‘rimi?
Savol
Boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini kim o‘qitishga haqli? Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisimi yoki jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisimi? Maktabimizda boshlang‘ich sinflardagi jismoniy tarbiya darslari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan olib qo‘yildi. Tuman bo‘limi rahbari maktab direktoriga ushbu dars soatlarini jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga berish kerakligini aytgan. Biroq, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining diplom ilovasida boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitish metodikasi ko‘rsatilmagan.
Maktabimizda jismoniy tarbiya fanidan 4 nafar o‘qituvchi bor: 2 nafari oliy malaka toifasiga, 1 nafari II malaka toifasiga ega, yana 1 nafari yaqinda oliy ta’lim muassasasini tamomlagan. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari orasida 1 nafari oliy, 9 nafari I malaka toifasiga ega. Ularning 2 nafarining diplomida “sport-tarbiyaviy ish” yo‘nalishi mavjud emas, qolgan 7 nafarida esa ushbu yo‘nalish mavjud.
Shuningdek, 4 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi II malaka toifasiga ega bo‘lib, ulardan 3 nafarining diplomida “sport-tarbiyaviy ish” yo‘nalishi bor, 1 nafarining diplomida esa bu yo‘nalish mavjud emas. Yana 1 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassis bo‘lib, uning diplomida “sport-tarbiyaviy ish” yo‘nalishi mavjud. Shunday vaziyatda boshlang‘ich sinflardagi jismoniy tarbiya dars soatlari qaysi o‘qituvchilarga berilishi kerak?
Javob
Ma’lumki, boshlang‘ich sinflarda bir qancha alohida fanlar ham o‘qitiladi. Shu kunga qadar mazkur fanlarning ayrimlari yuqori sinf o‘qituvchilari, ayrimlarini esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitib kelingan. Jismoniy tarbiya fani ham shular jumlasidandir. 2020-yilning 10-avgustida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari imzolagan ko‘rsatma xatda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining qaysi fanlardan dars berish huquqiga ega ekanligi haqida tushuntirish berilgan. Unda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining diplomida “Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish” ixtisosligi berilgan bo‘lsa, ular “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berishi mumkin ekanligi nazarda tutilgan.
Ammo, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi o‘qituvchilarining ko‘plab talab va istaklarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining ko‘rsatmasiga asosan 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab maktablarda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dars berish huquqiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berish huquqi beriligan. Demak, Bosh vazir imzolagan hujjatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab diplomida qanday mutaxaxasislik yozilganidan qat’iy nazar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berishi mumkin.
Yuqori sinf o‘qituvchisi boshlang‘ich sinfda dars berolmaydimi?
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Bunda boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi inobatga olinishi qayd etilgan.
Mazkur qoidadan kelib chiqadigan bo‘lsak, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘lmagan yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olmagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari 1-4-sinflarga dars berolmaydi. Mazkur talab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish hamda dars soatlarini taqsimlashda yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan kiritilgan. Chunki, 7–10 yoshdagi bolalarning bilimni qabul qilishi, tushunchalarni idrok etishi va o‘quv materiallarini o‘zlashtirish jarayoni yuqori sinf o‘quvchilaridan sezilarli darajada farq qiladi.
Shu sababli, boshlang‘ich sinflarda dars berish nafaqat muayyan fan bo‘yicha bilimga, balki aynan shu yoshdagi bolalar bilan ishlash metodikasiga ega bo‘lishni ham talab etadi. Bu talab jismoniy tarbiya faniga ham taalluqli. Ya’ni, boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanidan dars berish uchun o‘qituvchining ushbu fan bo‘yicha bilimga ega bo‘lishining o‘zi yetarli emas. U boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitish metodikasi bo‘yicha ham ta’lim olgan bo‘lishi kerak. Faqat birgina vaziyatda — ya’ni boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘lgan yoki boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya metodikasi bo‘yicha ta’lim olgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarigina 1–4-sinflarda dars o‘tish huquqiga ega.
Ushbu vaziyatda darslar qanday taqsimlanishi kerak?
Savolda keltirilgan vaziyatda yuqori sinfda dars beruvchi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega emasligi hamda ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olmaganligi bois boshlang‘ich sinflardagi “Jismoniy tarbiya” dars soatlari ularga berilmaydi. Ya’ni, boshlang‘ich sinfdagi mavjud dars soatlari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
Bunda eng birinchi navbatda oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga maksimal miqdordagi dars soati ajratilib, qolgan dars soatlari 9 nafar I malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglar o‘rtasida teng miqdorda taqsimlanadi. Agar, shunda ham dars saotlari ortib qolsa, ana undan so‘ng ushbu dars soatlari 4 nafar II malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglar o‘rtasida teng miqdorda taqsimlanadi.
Eng so‘nggida esa mutaxassis, malaka toifasiga ega bo‘lmagan o‘qituvchiga dars saotlari ajratiladi. Bunda maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻqituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin boʻlgan dars soatlari boshqa oʻqituvchilarga berilishi mumkin.
Izohlar 12
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Toshkentda maktab avtobuslariga ehtiyoj o‘rganilmoqda
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Maktablarda yangi to‘garaklar tashkil etiladi, ular bepul bo‘ladi
Maktab kutubxonalari rivojlantiriladi, direktor o‘rinbosarlari mahalla kutubxonalariga mas’ul bo‘ladi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Maktab maslahatchisiga dars berish masalasiga vazirlik rasmiy tushuntirish berdi
Maktab maslahatchisi lavozimida ishlayotgan xodimga Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori asosida haftasiga 10 soatgacha o‘qituvchi lavozimini qo‘shib olib borish, ya’ni shu tartibda o‘quv yuklamasi yuritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangiliklar
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘qituvchiga qo‘shimcha dars soatlari ajratib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilgani uchun qamoqqa olindi.
So'ragan edingiz
24 soat boshlang‘ichda, 60 soat yuqori sinflarda: informatika darslari qanday taqsimlanadi?
“Informatika va axborot texnologiyalari” fani 1-, 2-, 3- va 4-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani o‘quvchilarning mantiqiy va tizimli fikrlashini rivojlantirishga qaratilganligi sababli mazkur fan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilishi belgilangan.
So'ragan edingiz
Dars taqsimotida TKT sertifikati qanday ustunlik beradimi?
Ushbu vaziyatda ikki nafar o‘qituvchida ham tegishli sertifikatlar bo‘lgani bois, dasr soatlarini taqsimlashda malaka toifasiga qarab emas, aynan sertifikatlar darajasiga qarab dars soatlari taqsimlanishi maqsadga muvofiq.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang