Pedagog xodimlarga beriladigan qanday ustama turlari bor?
Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim maktabi pedagog xodimlarining erishgan natijasiga qarab, ularga turli xil ustamalar belgilanadi. Bugungi maqolamizda mazkur ustamalarning ayrim turlari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Direktor jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamalar
Mazkur ustamalar pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 10 foizdan – 40 foizgacha bo‘lgan miqdorda tayinlanadi.
Uning tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” nizom bilan belgilanadi.
Fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashma rahbarlariga to‘lanadigan 10 foizlik ustama
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini yanada yaxshilash, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, ta’lim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, STEAM yondashuvini samarali tatbiq etish, ta’lim jarayonida pedagog xodimlarga o‘z vaqtida metodik yordamni tashkil etish, ularning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirishda faolligi uchun Ishchi guruhning qarori bilan umumta’lim muassasasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlarining bazaviy tarif tavkalariga 10 foiz har oylik ustama haq belgilanadi.
Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun ustama
Oʻz faoliyatida ijobiy natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 20-bandiga asosan olishi mumkin boʻlgan ustamaga qoʻshimcha ravishda jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha ragʻbatlantirilishi mumkin.
Bunda ragʻbatlantiriladigan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari ragʻbatlantiriladigan yildan avvalgi bir kalendar yil (yanvar — dekabr oylari) davomidagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan sport musobaqalaridagi ishtiroki hamda xalqaro assotsiatsiyalar tomonidan oʻtkaziladigan Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro olimpiadalarda erishgan natijalaridan kelib chiqib, ishchi guruh tomonidan har yili 15-yanvargacha bir kalendar yil (yanvar — dekabr oylari) uchun bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha har oylik ustamalar quyidagi tartibda belgilanadi:
- sport musobaqalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritganligi uchun — 5 foiz;
- sport musobaqalarining respublika bosqichida sovrinli oʻrinlarni (1 — 3-oʻrinlarni) qoʻlga kiritganligi uchun — 10 foiz;
xalqaro sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritganligi uchun — 20 foiz.
Qishloq joylarda ishlayotgan ayol jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun 15 foizlik ustama
2010-yil 1-apreldan boshlab qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustama haq belgilash yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 1-apreldagi “Qishloq joylardagi bolalar sporti ob’yektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1315-sonli qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan.
Mentor-o‘qituvchilarga to‘lanadigan 20 foizlik ustama
Ma’lumki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari joriy etilishi belgilangan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qarorida nazarda tutilgan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi tegishli buyrug‘i bilan “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish tartibi belgilangan.
Bunda “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarini tashkil etish uchun har bir tuman (shahar)da yuqori malakali o‘qituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantiriladi.
Mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
20 foizlik ustama mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan oʻqituvchilariga asosiy ish joyi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktor jamgʻarmasi hisobidan olishi mumkin boʻlgan ustamaga qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
Xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan maktab direktorlari va o‘qituvchilar uchun ustamalar
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 27-bandida maktab direktorlari va o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun to‘lanadigan ustamalar ham nazarda tutilgan.
Bunda Xalqaro matematika olimpiadasi — International Mathematical Olympiad (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi — International Physics Olympiad (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi — International Chemistry Olympiad (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi — International Biology Olympiad (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi — International Olympiad in Informatics (IOI) g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan oltin, kumush va bronza medallariga qarab tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama haq to‘lanadi.
Umumtaʼlim muassasalarining direktori va uning oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligiga, umumtaʼlim muassasasining belgilangan koʻrsatkichlariga qarab, 100 ballik tizim asosida baholanib, direktorlarga 20 foiz, direktor o‘rinbosarlariga 10 foizgacha ustama to‘lanadi.
Rahbar xodimlarga ustama to‘lash “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 30-dekabrdagi 478-sonli buyrug‘i bilan tartibga solinadi.
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 27-2-bandiga ko‘ra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali umumtaʼlim muassasalari direktorlaridan iborat boʻlgan Direktorlar kengashlarida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim muassasasi direktorlariga jamgʻarma hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz har oylik ustamalar toʻlanadi.
Mazkur ustama umumtaʼlim muassasasi samaradorlik ko‘rsatkichiga ko‘ra 20 fozilik ustama olayotgan direktorlarga to‘lab berilmaydi.
CHQBT rahbarlari uchun 20 foizlik ustama
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari va “Jasorat maktablari” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 688-son qarori qaroriga ko‘ra CHQBT rahbarlariga ustamalar belgilanishi mumkin.
Bunda CHQBT rahbarlariga ularning faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari (KPI) asosida erishilgan natijadorligidan kelib chiqib, bazaviy tarif stavkasining 20 foizigacha miqdorda qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadi.
Maktab rahbariyati hamda o‘qituvchilariga to‘lanadigan 40 foizgacha ustamalar
O‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati hamda o‘qituvchilariga bir o‘quv yili davomida 40 foizgacha ustamalar to‘lab beriladi.
Bunda maktab rahbariyati va o‘qituvchilari rag‘batlantirishga tavsiya etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari ro‘yxati har o‘quv yili yakunida e’lon qilinadi.
Rahbar va pedagog kadrlariga ushbu maktablar tomonidan ikkita bosqich doirasida jami to‘plangan ballarga qarab quyidagi miqdorlarda ustama belgilanadi:
- tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan birinchi 5 foiz umumta’lim maktablariga — 40 foiz;
- tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan keyingi 10 foiz umumta’lim maktablariga — 30 foiz;
- tahlil qilingan jami maktablar soniga nisbatan ballar ketma-ketligida eng yaxshi natija ko‘rsatgan keyingi 15 foiz umumta’lim maktablariga — 20 foiz;
- tahlil qilingan qolgan umumta’lim maktablariga — 10 foiz.
Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-may kungi “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 263-sonli qarori bilan tartibga solinadi.
Xalqaro tan olingan yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgan ayrim fan o‘qituvchilariga beriladigan ustamalar
Mazkur ustamalar xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz, milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga esa 20 foiz miqdorida to‘lanadi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PF-134-son farmoni, 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qaori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi bir necha vazirliklar bilan imzolagan 3-mh-sonli qo‘shma qarori bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37–son Farmoni 12-bandiga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega “Ona tili va adabiyot” hamda “Tarix” fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tizimi ham joriy qilingan.
Bunda B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga amaldagi lavozim maoshiga har oy 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Malakali pedagog kadrlar uchun vazir ustamasi
Ushbu ustamalar vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida 9 oy davomida beriladi.
Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi.
Buning tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining jamgʻarmasi toʻgʻrisida”gi nizom bilan belgilangan.
O‘quvchiligi vaqtida fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan pedagoglar uchun to‘lanadigan 100-150 foizlik ustama
Bunday ustamalar o‘quvchilik davrida xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan va keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga to‘lab beriladi.
Jumladan, xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga lavozim maoshining 150 foizi, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblariga esa lavozim maoshining 100 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.
Ushbu tartib Prezidentning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarorida belgilangan.
Olis hududlarda ishlaydigan pedagog xodimlarga to‘lanadigan ustamalar
Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib, quyidagi miqdorda ustamalar to‘lanadi:
- 6 oydan – 3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 10 foiz;
- 3 yildan – 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 20 foiz;
- 5 yildan – 10 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 30 foiz;
- 10 yildan – 15 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga 40 foiz;
- 15 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchiga esa 50 foiz ustama to‘lab beriladi.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi 471-sonli qarori bilan belgilangan.
Undan tashqari olis hududdagi maktabga borib ishlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchilarni yanada rag‘batlantirish uchun 2021-yil 11-yanvarda Prezidentning PQ-4940 sonli qarori ham imzolangan.
Unga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ishlaydigan o‘qituvchilar uchun to‘lanadigan ustama
Oliy ma’lumotli hamda birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida bir yil pedagogik ish stajga ega bo‘lgan pedagoglar ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan – 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Bunda boshqa hududlardan jalb etilgan o‘qituvchi-pedagoglarga quyidagicha miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:
- bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
- boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama.
Boshqa hududdan ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga jalb etilgan pedagoglarga faoliyat olib borgan davriga, biroq 2 yildan ortiq bo‘lmagan muddat davomida xizmat uy-joylari yoki tuman (shahar)lar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pullik kompensatsiya to‘lab berilishi ham ta’minlanadi.
Agar pedagog xodim amalda ishlayotgan ish joyida direktor jamg‘armasi hisobidan ustama olayotgan bo‘lsa, bu ustamalar ta’lim sifati past bo‘lgan maktabda ish boshlagan taqdirda ham bir o‘quv yili davomida saqlanib qoladi.
Boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi o‘quv yili uchun ham to‘lanadi.
Inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga to‘lanadigan qo‘shimcha ustama
Inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi sinfda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bir nafar bola uchun lavozim maoshining 10 foizi, ikki nafar bola uchun lavozim maoshining 20 foizi, uch nafar bola uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv ta’lim sinflarida to‘rt nafar va undan ortiq bola uchun ta’lim-tarbiya ishlarini olib borgan o‘qituvchilar va maxsus pedagoglarga lavozim maoshining 40 foizi miqdorida belgilanadi.
Boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar o‘qituvchilari va maxsus pedogoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida to‘lanadi. Inklyuziv ta’lim sinflari sinf rahbariga sinf rahbarligi uchun to‘liq hajmda qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi va u direktor jamg‘armasidan rag‘batlantiriladi.
Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan belgilangan.
Nufuzli xalqaro reyting o‘rin olgan ilmiy daraja ega bo‘lgan yosh mutaxassislarga to‘lanadigan ustamalar
Ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga 15 foizdan – 75 foizgacha ustamalar to‘lab beriladi. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmonida belgilangan.
Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan pedagoglarga beriladigan 70 foizlik ustama
Mazkur ustamalar 2025-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga joriy qilinadi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning yangilangan tahririga ko‘ra, xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan pedagglarga 70 foizlik ustama berish yo‘lga qo‘yilgan.
Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktori va uning o‘rinbosarlariga to‘lanadigan qo‘shimcha ustamalar
Menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar xodimlariga 5 yil muddat davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
- maktab direktorlariga – 50 foiz;
- direktor o‘rinbosarlariga – 30 foiz.
Mazkur ustamaga da’vogarlar A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida joriy qilingan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qishi hamda sertifikat olishi lozim.
Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan.
Pedagog xodimlarga to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlar
Umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga ma’lum bir vazifalarni bajarganlik uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari ham amalga oshiriladi. Bunda qoʻshimcha haq toʻlovlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ishlar uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan foiz hisobida quyidagi miqdorlarda to‘lamadi:
Sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra sinf rahbarligi uchun:
- 15 nafar oʻquvchigacha — 26,4 foiz;
- 16 nafardan 20 nafar oʻquvchigacha — 31,6 foiz;
- 21 nafardan 25 nafar oʻquvchigacha — 36,9 foiz;
- 26 nafardan 30 nafar oʻquvchigacha — 42,1 foiz;
- 31 nafar va undan koʻp oʻquvchi boʻlganda — 52,8 foiz;
- daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun (oʻquvchilar ikki guruhga boʻlib oʻqitiladigan fanlar boʻyicha ham) ajratilgan dars soatlariga mutanosib ravishda sinfdagi (sinf — komplektdagi) oʻquvchilar soni 15 nafargacha boʻlganda — 8,8 foiz, 15 nafar va undan ortiq boʻlganda — 17,6 foiz;
- informatika kabineti mudirligi uchun — 17,6 foiz;
- laboratoriya xonasi mavjud boʻlganda, fizika yoki kimyo fani oʻqituvchilaridan biriga — 50 foiz.
Bunda oʻqituvchilar yozgi yillik mehnat taʼtilidan qaytgandan keyin ularga yangi oʻquv yili boshlangunga qadar daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik hamda informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari amalga oshirilmaydi.
Mazkur normalar Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tartibga solinadi.
Keyingi maqolalarimizda boshqa turdagi ustamalar hamda pedagog xodimlarga bu kabi ustamalarni tayinlash tartibi haqida ham batafsil ma’lumotlar berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimlaridan biri tugatildi
14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi
Kelasi o‘quv yilidan bog‘cha tarbiyachilari uchun oliygohda o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi
O‘qituvchilarga 100 va 30 foizlik ustamalar beriladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
O‘qituvchilarga 100 va 30 foizlik ustamalar beriladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi
Yangi o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “sifat indeksi” tizimi joriy qilinadi. Bunda Maktablar pedagogik jamoaning salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi.
Yangiliklar
2026-2027-o‘quv yilida 40 foizgacha ustama oladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
2026-yil 23-sentabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirrining 359-sonli buyrug‘i bilan rahbar va pedagog kadrlarga ustama toʻlanadigan 601 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari ro‘yxati tasdiqlandi.
So'ragan edingiz
O‘qituvchi ta’tilda bo‘lgan davri uchun ham sertifikat uchun ustama to‘lab beriladimi?
Mehnat kodeksining 233-moddasiga muvofiq har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?
Shartnoma belgilangan talablarga mos tushmasa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang