Top.Mail.Ru
Ikkita fandan dars beradigan o‘qituvchiga ustama qanday to‘lanadi?

Ikkita fandan dars beradigan o‘qituvchiga ustama qanday to‘lanadi?

10:03 / 03.11.2026 739

Savol

Men maktabda geografiya va tabiiy fanlardan dars berib kelyapman. 24 soat darsim bor. Shundan 6 soati geografiya, 18 soati tabiiy fan. 


Direktor jamg‘armasidan 20 foizlik ustama belgilangan. Ustama faqat geografiya fani uchun to‘langan. Shu to‘g‘rimi? Tabiiy fan uchun to‘lanmaydimi?


Javob

Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 10 foizdan – 40 foizgacha bo‘lgan miqdorda ustama belgilash Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” nizom bilan tartibga solinadi.


Nizomning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari”ga muvofiq, pedagog xodimlarning faoliyati 9 ta ko‘rsatkich asosida baholanadi. 


Baholash natijalariga ko‘ra, pedagog 100 ballgacha to‘plashi va to‘plagan ballidan kelib chiqib, unga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 40 foizgacha ustama belgilanishi mumkin.


Bunda oʻqituvchi bir necha fandan dars bergan taqdirda, uning faoliyati har bir fan boʻyicha alohida baholanadi.


Agar direktor jamg‘armasi hisobidan o‘qituvchining geografiya fani bo‘yicha faoliyati baholanib, unga 20 foiz ustama belgilangan bo‘lsa, ushbu ustama faqat geografiya fani dars soatlari uchun to‘lanadi.


Tabiiy fan bo‘yicha esa o‘qituvchining faoliyati alohida baholanishi kerak. Shu sababli, geografiya uchun belgilangan ustamani tabiiy fan soatlariga tatbiq etib bo‘lmaydi.


Ma’lumot uchun: Tabiiy fan 5–6-sinflardagina o‘qitilishi, ushbu fan bo‘yicha olimpiada va turli ko‘rik-tanlovlar tizimi shakllanmaganligi sababli, uni geografiya, biologiya va fizika fanlari bilan bog‘liq holda rag‘batlantirish masalasini hal qilish uchun amaldagi tartibga tegishli o‘zgartirish kiritilishi talab etiladi. 


Ushbu masalani Ta’lim va ilm-fan vazirligiga taklif sifatida kiritish va tegishli tartibda hal etish imkoniyatini ko‘rib chiqish rejamizda bor.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish