Metodbirlashma rahbarlari KRK sertifikati olmasa, ustamasi bekor bo‘ladimi?
Savol
KRK sertifikati bo‘lmagan pedagoglarga metodik birlashma rahbarligi uchun beriladigan 10 foizlik ustama bekor qilinishi haqida buyruq chiqdimi? Buxgalterlarimiz shunday deyapti.
Asos sifatida 823-sonli buyruqqa avgust oyida o‘zgartirish kiritilganini aytishmoqda, lekin tegishli hujjatni ko‘rsatishmadi. Shu masalaga aniqlik kiritib bersangiz.
Javob
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 26-bandiga ko‘ra, fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik birlashma rahbarlariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 10 foiz miqdorida har oylik ustama belgilanishi mumkin.
Bunda metodik birlashma rahbarlariga oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini yanada yaxshilash, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, taʼlim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, STEAM yondashuvini samarali tatbiq etish, taʼlim jarayonida pedagog xodimlarga oʻz vaqtida metodik yordamni tashkil etish, ularning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirishda faolligi uchun ustama tayinlanadi.
Nizomda KRK sertifikati mavjud bo‘lishi shartligi haqida talab belgilanmagan. Ustama metodik birlashma rahbarining o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, fanlararo integratsiyani rivojlantirish va ta’lim sifatini yaxshilash borasidagi faolligi uchun belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, bunda nizomga 26-1-band kiritilgan.
Ushbu band bilan esa “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarida mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritayotgan fan oʻqituvchilariga asosiy ish joyi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktor jamgʻarmasi hisobidan olishi mumkin boʻlgan ustamaga qoʻshimcha ravishda lavozim maoshining 20 foizi miqdorida har oylik ustama haq belgilanishi nazarda tutilgan.
Metodbirlashma rahbarlariga to‘lanadigan 10 foizlik ustama va mentor-o‘qituvchilarga belgilangan 20 foizlik ustama alohida ustama turlari hisoblanadi. Shu sababli, mentor-o‘qituvchilarga belgilangan ustama metodbirlashma rahbarlariga to‘lanadigan ustama bilan bog‘liq emas.
2023-yil 22-avgustda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan metodbirlashma rahbarlariga ustama belgilash mezonlari ishlab chiqilgan. (Hujjat ilova qilinadi.) Unda ham asosiy e’tibor metodik birlashma rahbarining faoliyati va belgilangan mezonlar bo‘yicha to‘plagan ballariga qaratilgan.
Metodbirlashma rahbarlariga 10 foizlik ustamalar quyidagi tartibda belgilanadi
Ta’lim jarayonida pedagog xodimlarga o‘z vaqtida metodik yordamni tashkil etish, ularning kasbiy va metodik mahoratini hamda malakasini oshirishdagi faolligi. Bunda metodbirlashma a’zolari uchun kamida 3 ta metodik tadbir (o‘quv-seminar, mahorat darslari, fanga doir qo‘shimcha ma’lumotlar, yangiliklar muhokamasi yuzasidan davra suhbati va hokazo) tashkil etilgan bo‘lsa 30 ball, tashkil etilmagan bo‘lsa 0 ball qo‘yiladi.
Buning uchun ishchi guruhga metodik tadbir haqida 1 varaqdan oshmagan holda qisqa ma’lumot va tadbirdan 2 dona fotolavha taqdim etiladi.
Ta’lim va tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etishdagi faolligi. Bunda metodbirlashma a’zolariga ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanish uchun chorakda 1 ta pedagogik texnologiya yoki o‘qituvchilarning fanni o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarini to‘ldirish usullari tavsiya etilgan bo‘lsa 20 ball, tavsiya etilmagan bo‘lsa 0 ball qo‘yiladi.
Buning uchun tavsiya etilgan pedagogik texnologiya yoki o‘quvchilarning fanni o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish usullari haqida 1 varaqdan oshmagan qisqa ma’lumot taqdim etiladi.
Fanlararo integratsiyani kuchaytirish va STEAM yondashuvini samarali tatbiq etishdagi faolligi. Bunda umumta’lim muassasasida boshqa fan metodbirlashmalari bilan fanlararo integratsiyani kuchaytirish va STEAM yondashuvini samarali tatbiq etish masalasi chorakda bir marta muhokama qilingan bo‘lsa 10 ball, muhokama qilinmagan bo‘lsa 0 ball qo‘yiladi.
Buning uchun metodik tadbir haqida 1 varaqdan oshmagan holda qisqa ma’lumot taqdim qilinadi.
Umumta’lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini yanada yaxshilashdagi faolligi. Bunda umumta’lim muassasasidagi metod birlashmaga a’zo bo‘lgan o‘qituvchilarning barchasi “Ochiq dars”lar tashkil etgan bo‘lsa 30 ball, “Ochiq dars”lar tashkil etmagan bo‘lsa 0 ball qo‘yiladi.
Shuningdek, metodbirlashma yig‘ilishini chorak davomida o‘tkazgan bo‘lsa 10 ball, metodbirlashma yig‘ilishini o‘tkazmagan bo‘lsa 0 ball beriladi.
Mazkur ko‘rsatkichlar har chorak yakuni bo‘yicha hisoblanmaydi, bunda 1-chorak natijalari 2-chorak davomida, 2-chorak natijalari 3-chorak davomida, 3-chorak natijalari 4-chorak davomida, 4-chorak natijalari esa keyingi yilning 1-choragi davomida amal qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 823-son qarorning 26-bandida metodik birlashma rahbarlariga 10 foizlik ustama belgilash uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” sertifikatiga ega bo‘lish talabi nazarda tutilmagan. Shu bois, faqat mazkur sertifikat mavjud emasligi sababli ustamani bekor qilish uchun asos ko‘rsatilishi lozim.
Buxgalteriya xodimlari 823-son qarorga o‘zgartirish kiritilganini ta’kidlayotgan bo‘lsa, ulardan ushbu o‘zgartirishni nazarda tutuvchi hujjatning raqami, sanasi va tegishli bandini taqdim etishlarini so‘rash maqsadga muvofiq. Hozircha biz tekshirgan hujjatlarda aynan “Kasbiy rivojlanish kuni” sertifikati yo‘qligi uchun metodik birlashma rahbarlariga beriladigan 10 foizlik ustamani bekor qilish talabi aniqlanmadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati kuzatildi
Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Olis hudud ustamasini hisoblashda o‘qituvchining qaysi ish staj hisobga olinadi?
Mazkur tartib olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni rag‘batlantirish, olis hududdagi ta’lim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida joriy qilingan.
Bilasizmi?
Pedagog xodimlarga beriladigan qanday ustama turlari bor?
Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim maktabi pedagog xodimlarining erishgan natijasiga qarab, ularga turli xil ustamalar belgilanadi. Bugungi maqolamizda mazkur ustamalarning ayrim turlari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Yangiliklar
O‘qituvchilarga 100 va 30 foizlik ustamalar beriladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi
Yangi o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “sifat indeksi” tizimi joriy qilinadi. Bunda Maktablar pedagogik jamoaning salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi.
Yangiliklar
2026-2027-o‘quv yilida 40 foizgacha ustama oladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
2026-yil 23-sentabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirrining 359-sonli buyrug‘i bilan rahbar va pedagog kadrlarga ustama toʻlanadigan 601 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari ro‘yxati tasdiqlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang