15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilar muammosi hal bo‘lmadimi?
Ko‘pchilik pedagoglarning xalqtaliminfo.uz
tahririyatiga ma’lum qilishicha, 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy
malaka toifali o‘qituvchilarni attestatsiyaga jalb qilish masalasi bo‘yicha
yana tushunmovchiliklar boshlangan.
O‘zi nima bo‘lgandi?
2021-yil 17-sentyabrda Vazirlar
Mahkamasining 572-son qarori bilan pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish
tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Ana o‘shanda nizomning 6-band,
2-xatboshida ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan
oliy malaka toifali o‘qituvchilar umrbod attestatsiyaga jalb qilinmasligi
aytilgandi. Bundan o‘qituvchilar juda xursand bo‘lishdi.
Ammo ularning xursandchiligi
uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki, 2022-yil 2-avgustda Vazirlar
Mahkamasining 425-son qarori bilan 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega
bo‘lganlar emas, balki oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va
uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlargina navbatdagi majburiy
attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilandi.
Keyin shu yerda bir muammo kelib
chiqdi va ko‘pchilik 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega
bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar endi nima qiladi degan savollar bera
boshladi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi
alohida xat chiqarib, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega
emasligi, shu sababli 2022-yilning 2-avgustiga qadar 15 yil uzluksiz ish
stajiga ega bo‘lgan hamda oliy toifaga ega (bunda oliy toifa ega bo‘lganlik
davri muhim emas) bo‘lgan pedagoglarga nisbatan tatbiq etilmasligini ma’lum qildi.
2022-yilda bo‘lgan muammo joriy
yilgi attestatsiya jarayonida yana avj ola boshladi. Maktabgacha va maktab
ta’limi vazirligi esa bu yil ham yana qayta rasmiy bayonot berib, Xalq
ta’limi vazirligining 2022-yil 12-sentabrdagi 03-03/1-4619-son xati hozirgi
kunda ham o‘z kuchida ekanligini ma’lum qildi va 2022-yilda ta’lim
tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lganligi uchun navbatdagi-majburiy
attestatsiyadan ozod qilingan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi
lavozimidagi) pedagog kadrlar joriy yilgi navbatdagi-majburiy attestatsiyalarga
jalb qilinmasligini eslatdi.
Unda yana qanday muammo bor?
Pedagog kadrlarini attestatsiyadan
o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomning 6-bandida navbatdagi majburiy
attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagoglar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. Xalq ta’limi vazirligining 2022-yil
12-sentabrdagi 03-03/1-4619-son xatiga tayanib aytadigan bo‘lsak, 2022-yil
2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar endilikda
umrbod attestatsiyaga jalb qilinmasligi kerak. Ammo nizomda nazarda tutilmagan,
lekin ayrim mas’ullar tomonidan berilgan og‘zaki topshiriq hamda pedkadr.uzedu.uz
platformasi talabiga ko‘ra, 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali
o‘qituvchilar mazkur platformadan ro‘yxatdan o‘tib, umrbodlik sertifikatni
olishi kerak bo‘lmoqda.
Aslida bunday qoida pedagog kadrlarini
attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomda ko‘zda tutilmagandi. Ya’ni,
2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali
o‘qituvchilar attestatsiyaga jalb qilinmay, ularga oliy toifa bo‘yicha haq to‘lash
boshlansa muammolar shu yerda tugardi. Lekin bunday bo‘lmadi.
O‘qituvchilarni qiynayotgan
navbatdagi muammo hududiy yuridik markazlardan salbiy xulosalar berilishidir. Ya’ni,
malaka toifasi umrbod saqlab qolingan pedagoglarga oliy malaka toifa bo‘yicha
haq to‘lash bo‘yicha rasmiylashtirilgan buyruqlarga yuridik markazlar tomonidan
ijobiy xulosa berilmagan. Shuning uchun barcha berilgan bayonotlarda aytilgan
normalar amalda ishlamadi.
Bu chigal masalani qanday qilib
ijobiy hal qilish mumkin?
Bizningcha, Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda 2022-yil
2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilarning
yillik ish stajini qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblab chiqib, ular
orasidan shu toifaga kiradigan pedagoglar ro‘yxatini shakllantirib, birgina
buyruq orqali ushbu o‘qituvchilarning malaka toifasi umrbod saqlanib qolinganligi
hamda ularga oliy malaka toifa bo‘yicha haq to‘lab borish yuzasidan buyruq chiqarish lozim.
Izohlar 5
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi o‘quvchilarning zararli odatlari haqida xabar bergan pedagoglar mukofotlanishi mumkin
Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi
Endi CHQBT rahbarlariga ham 20 foizgacha ustama to‘lanadi
Endi yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinfdan dars ololmaydi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi
Ingliz tili o‘qituvchilari nomidan vakil Hasanboy Rasulov, ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov, Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi direktori o‘rinbosari Sardor Raximboyev hamda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidovalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Yangiliklar
Jismoniy tarbiya va musiqa fani o‘qituvchilari boshqacharoq tartibda attestatsiyadan o‘tadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun attestatsiya sinovlari qanday shaklda o‘tkazilishini yana bir bor eslatdi.
Yangiliklar
Vazirlik huzuridagi Baholash markazi ingliz tili o‘qituvchilarini yuzma-yuz muhokamaga taklif qildi
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ingliz tili fani o‘qituvchilarni 5-15-noyabr kunlari soat 09:00 dan 18:00 ga qadar yuzma-yuz muhokama qilish uchun Markazga taklif qildi.
Yangiliklar
“Apellyatsiya natijasidan qoniqmaganlar sudga murojaat qilishi mumkin” — vazirlik
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar masalasi kun tartibiga ko‘tarilgandan so‘ng, rasmiy bayonot bilan chiqdi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang