Top.Mail.Ru
15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilar muammosi hal bo‘lmadimi?

15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilar muammosi hal bo‘lmadimi?

11:24 / 19.02.2024 7.72k

Ko‘pchilik pedagoglarning xalqtaliminfo.uz tahririyatiga malum qilishicha, 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilarni attestatsiyaga jalb qilish masalasi bo‘yicha yana tushunmovchiliklar boshlangan.

 

O‘zi nima bo‘lgandi?

2021-yil 17-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 572-son qarori bilan pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Ana o‘shanda nizomning 6-band, 2-xatboshida ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy malaka toifali o‘qituvchilar umrbod attestatsiyaga jalb qilinmasligi aytilgandi. Bundan o‘qituvchilar juda xursand bo‘lishdi.

Ammo ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 
Chunki, 2022-yil 2-avgustda Vazirlar Mahkamasining 425-son qarori bilan 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lganlar emas, balki oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlargina navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilandi.


Keyin shu yerda bir muammo kelib chiqdi va ko‘pchilik 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar endi nima qiladi degan savollar bera boshladi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi alohida xat chiqarib, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi, shu sababli 2022-yilning 2-avgustiga qadar 15 yil uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan hamda oliy toifaga ega (bunda oliy toifa ega bo‘lganlik davri muhim emas) bo‘lgan pedagoglarga nisbatan tatbiq etilmasligini malum qildi.

2022-yilda bo‘lgan muammo joriy yilgi attestatsiya jarayonida yana avj ola boshladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa bu yil ham yana qayta rasmiy bayonot berib, Xalq ta’limi vazirligining 2022-yil 12-sentabrdagi 03-03/1-4619-son xati hozirgi kunda ham o‘z kuchida ekanligini ma’lum qildi va 2022-yilda ta’lim tashkilotlarida 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lganligi uchun navbatdagi-majburiy attestatsiyadan ozod qilingan oliy malaka toifali (bosh o‘qituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar joriy yilgi navbatdagi-majburiy attestatsiyalarga jalb qilinmasligini eslatdi.

Unda yana qanday muammo bor?

Pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomning 6-bandida navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagoglar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. Xalq ta’limi vazirligining 2022-yil 12-sentabrdagi 03-03/1-4619-son xatiga tayanib aytadigan bo‘lsak, 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar endilikda umrbod attestatsiyaga jalb qilinmasligi kerak. Ammo nizomda nazarda tutilmagan, lekin ayrim mas’ullar tomonidan berilgan og‘zaki topshiriq hamda pedkadr.uzedu.uz platformasi talabiga ko‘ra, 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar mazkur platformadan ro‘yxatdan o‘tib, umrbodlik sertifikatni olishi kerak bo‘lmoqda.

Aslida bunday qoida pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomda ko‘zda tutilmagandi. Ya’ni, 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar attestatsiyaga jalb qilinmay, ularga oliy toifa bo‘yicha haq to‘lash boshlansa muammolar shu yerda tugardi. Lekin bunday bo‘lmadi. 

O‘qituvchilarni qiynayotgan navbatdagi muammo hududiy yuridik markazlardan salbiy xulosalar berilishidir. Ya’ni, malaka toifasi umrbod saqlab qolingan pedagoglarga oliy malaka toifa bo‘yicha haq to‘lash bo‘yicha rasmiylashtirilgan buyruqlarga yuridik markazlar tomonidan ijobiy xulosa berilmagan. Shuning uchun barcha berilgan bayonotlarda aytilgan normalar amalda ishlamadi.

Bu chigal masalani qanday qilib ijobiy hal qilish mumkin?

Bizningcha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilarning yillik ish stajini qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblab chiqib, ular orasidan shu toifaga kiradigan pedagoglar ro‘yxatini shakllantirib, birgina buyruq orqali ushbu o‘qituvchilarning malaka toifasi umrbod saqlanib qolinganligi hamda ularga oliy malaka toifa bo‘yicha haq to‘lab borish yuzasidan buyruq chiqarish lozim.

Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida jami 53 ming 914 nafar oliy toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchilar faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning ma’lum bir qismini esa 2022-yilning 2-avgustiga qadar 15 yil uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilarni tashkil etadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa ana shu pedagoglar ro‘yxatini shakllantirib olishi zarur deb hisoblaymiz.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya

Ulashish