Top.Mail.Ru
Endi ayrim maktab bitiruvchilari bog‘chada tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlash huquqiga ega bo‘ladi

Endi ayrim maktab bitiruvchilari bog‘chada tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlash huquqiga ega bo‘ladi

10:00 / 30.04.2024 7.21k
Endilikda umumta’lim muassasalarida pedagogik sinflar tashkil qilinadi va mazkur sinfni tamomlagan bitiruvchilarga maxsus sertifikat beriladi. Sertifikatga ega bo‘lgan pedagogik sinf bitiruvchilari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlash huquqiga ega bo‘ladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini pedagog kasbiga maqsadli tayyorlash va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra 10 va 11-sinflarda pedagogik sinflar tashkil qilinadi. Bunda o‘quvchilar orasidan pedagog kasbiga layoqati va qiziqishi mavjudlari saralab olinadi hamda maktab pedagogik kengashi tavsiyasi asosida direktorning buyrug‘i bilan pedagogik sinflarga qabul qilinadi.

Pedagogik sinflarda o‘quv jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

O‘qishning birinchi yili (10-sinf)da:

  • o‘quvchilarda pedagog kasbining ahamiyati va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida tasavvurlar kengaytiriladi;

  • pedagog kasbining qadriyatlari, pedagogning nutq madaniyati, zamonaviy pedagog faoliyatiga qo‘yiladigan talablar, uning imiji va odob-axloqi to‘g‘risida tushunchalar beriladi;

  • tarbiyachining kasbiy sifatlari, zamonaviy tarbiyachining ma’naviy qiyofasi, yordamchi tarbiyachining kasbiy tayyorgarligi haqida bilimlar beriladi.

O‘qishning ikkinchi yili (11-sinf)da:

  • o‘quvchilarning pedagogika, psixologiya, o‘quv ishlari metodologiyasi sohasidagi boshlang‘ich bilimlari rivojlantiriladi va chuqurlashtiriladi;

  • pedagogika fani va amaliyotining zamonaviy tendensiyalari, ta’lim strategiyalari va modellari o‘rgatiladi, pedagog faoliyatida noan’anaviy metodlarning ahamiyati, ta’lim-tarbiya jarayonini loyihalashtirish va texnologiyalashtirish o‘rgatiladi;

  • tarbiyachining bolalarni tarbiyalashdagi shaxslararo munosabat madaniyati, shaxsning ruxiy (psixik) xususiyatlari, tarbiyachining xulq-atvorini belgilovchi psixologik xususiyatlari, tarbiyachining pedagogik qobiliyati tushunchalari va ko‘nikmalari o‘rgatiladi.

  • 10-sinfdan pedagogik sinf faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda unga 25 nafardan ko‘p bo‘lmagan o‘quvchilar qabul qilinadi. Talab va ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha pedagogik sinflar tashkil etilishi mumkin.

Pedagogik sinflardagi o‘quvchilarga ikki o‘quv yili davomida jami 136 soatlik pedagogik kasbi bilan bog‘liq o‘quv dasturi asosida ta’lim beriladi.  O‘quv jarayoni bilan bog‘liq boshqa masalalar tayanch o‘quv rejasi va dasturiga muvofiq belgilanadi.

Pedagogik sinflarda dars o‘tish uchun jalb etilgan professor-o‘qituvchilarga maktab tayanch o‘quv rejasining kasbiy ta’lim yo‘nalishidagi soat hisobidan soatbay haq to‘lanadi.

Pedagogik sinfni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasining 2-darajasidagi sertifikat kasb.maktab.uz platformasi orqali elektron shaklda beriladi.

Sertifikatga ega bo‘lgan pedagogik sinf bitiruvchilari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi yordamchisi lavozimida ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan o‘quvchilar uchun qayta yakuniy nazorat joriy yil avgust oyida tashkil etiladi. Qayta yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan o‘quvchilarga qo‘shimcha imkoniyat va sertifikat berilmaydi.

Pedagogik sinf faoliyati hamda dars samaradorligi uchun javobgarlik maktabga biriktirilgan pedagogika oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan belgilangan mas’ulga yuklanadi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagogik sinflari tashkil etilgan maktablar va biriktirilgan pedagogika oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga metodik yordam ko‘rsatadi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati
  • Pedagogik sinflar

Ulashish