Top.Mail.Ru
Malaka toifasi uchun to'lov qilgan ayrim o'qituvchilar pullariga “kuyib” qolyapti...mi?

Malaka toifasi uchun to'lov qilgan ayrim o'qituvchilar pullariga “kuyib” qolyapti...mi?

12:12 / 10.10.2024 9.32k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida pedagoglar attestatsiyasida ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirish muddatini joriy yilning 10-oktyabriga qadar uzaytirilganligini ma’lum qilgandi.


Ijtimoiy tarmoqlarda (xususan, @uzteachers telegram kanalida) elon qilingan xabarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ko‘rib chiqilayotgan arizalardagi xatolarni tuzatish va qayta topshirish uchun pedagoglarga imkoniyat berilmayapti.

Ariza uchun to‘lov qilganlar esa, to‘lovlariga kuyib qolishmoqda. 4-oktyabrda tahrirlash yopilgan ekan. Ayrim arizalar esa 6-7-oktyabrda ham ko‘rib chiqilmagan. Ko‘rib chiqilayotganlari ham rad etilsa, tahrirlash imkoniyati yo‘q”, - deyiladi xabarda.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida xalqtaliminfo.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rahimboyev bilan bog‘landi.


Sardor Rahimboyevning aytishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda vakolatli vazirliklar tomonidan hujjatlar qabul qilinmaganligi to‘g‘risida davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-sayti orqali pedagog kadrlarga xabarnoma yuboriladi.


Pedagog kadrlar hujjat qabul qilish to‘xtatilgunga qadar kamchiliklarni tuzatgan holda hujjatlarni qayta topshirishlari mumkin. Bunda pedagog kadrdan davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im takroran undirilmaydi.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan 
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solingan.


Nizom talablariga kora, pedagog kadrlardan hujjatlarni qabul qilish har yili 1-mart va 1-oktyabr sanalarida to‘xtatiladi.

“Biz hujjatlarni faqat 1-oktyabrgacha qabul qila olamiz. Aslida hujjatlarni qabul qilish 4-oktyabrda emas, 1-oktyabrdayoq toxtatilgandi. Lekin ayni damda, songgi kunlarda ro‘yxatdan o‘tgan pedagoglarning hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda. Haqiqatdan ham hujjatlar rad etilgandan keyin, o‘qituvchi uni qayta tahrirlay olmaydi.


Chunki, u 1-oktyabrdan keyin hujjat topshirgan bo‘lib qoladi. 
Agar biz pedagogning hujjatlarini rad etadigan bo‘lsak, u qayta tahrirlab bizga yana yuborishi kerak bo‘ladi. Hujjatlarni qayta yuborish jarayoni esa 1-oktyabrgacha tugaydi. 

Shu sababli, biz doim pedagoglarga hujjat topshirishni oxirgi muddat yetib kelguniga qadar cho‘zmaslikni, hujjatlarni vaqtliroq topshirib ro‘yxatdan o‘tib olishlarini tavsiya qilib kelamiz. 
Ana shundagina, mabodo hujjatda xatolik aniqlanib, biz rad etgan taqdirimizda ham pedagoglar uni qayta tahrirlashga ulgurishi mumkin. 

Endi hujjatlarida kamchilik aniqlanib, rad etilganlarni yanvar oyida qayta chaqiramiz, (lekin bunda pedagoglar yana to
lovni amalga oshirishiga tog‘ri keladi) hozircha oldimizda bundan boshqa yol yo‘q. Ayni damda biz hujjatlarni kech yuklagan pedagoglarga xohlagan taqdirimizda ham yordam bera olmaymiz.


Chunki, bu jarayonni tartibga soluvchi nizom mavjud. Nizomdan chetga chiqishga esa bizning haqqimiz yo‘q. 
Ammo ayni vaqtda mazkur nizomga o‘zgartirish kiritish ustida ishlamoqdamiz.

Ya’ni, to‘lovlarni amalga oshirgan, ammo hujjatlarni tahrirlashga ulgurmagan pedagoglarga qo‘shimcha muddat belgilash taklifini kiritganmiz”, - deydi vazirlik mas’ul xodimi Sardor Rahimboyev.

Malumot uchun: Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandiga ko‘ra, taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning haqqoniyligiga pedagog kadr mas’ul hisoblanadi.


Nizomning 25-bandida esa noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi aniqlangan har qanday bosqichda pedagog kadrning hujjatlarini qabul qilish va attestatsiyadan o‘tkazish jarayoni to‘xtatilishi, topshirilgan hujjatlar va to‘langan yig‘im qaytarilmasligi qayd etilgan.

Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatning qalbaki ekanligini aniqlash vakolatli vazirliklarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, tegishli vakolatli tashkilotlarga so‘rovnoma yuboriladi.

Pedagog kadrlar tomonidan topshirilgan hujjatlar qalbaki ekanligi aniqlangan taqdirda, mazkur hujjatlar vakolatli vazirliklar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

Nizomning 26-bandiga ko‘ra quyidagi holatlarda davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli vazirliklar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rad etilishi mumkin:

  • pedagog kadrlar tomonidan so‘rovnomaning elektron raqamli imzo yoki imzoni identifikatsiya qilishning boshqa vositalari yoxud SMS-xabarnoma bilan tasdiqlanmaganligi;

  • pedagog kadrlar tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani ma’lum bo‘lib qolganligi;

  • so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liq taqdim etilmaganligi;

  • attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning to‘lanmaganligi (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).

Davlat xizmatlari ko‘rsatishni mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslardan boshqa holatlar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nizomning 23-bandiga ko‘ra, pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortishga haqli (pedagog kadrni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish holatlari bundan mustasno).

Pedagog kadr davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda to‘langan yig‘im qaytarilmaydi. Pedagog kadrga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (pedagog kadrning vafot etishi, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi yoki pedagog kadr bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi tufayli davlat xizmatidan foydalanish zarurati mavjud emasligi) sababli davlat xizmatidan foydalanilmagan taqdirda, to‘langan yig‘im pedagog kadrga yoki uning qonuniy vakiliga qaytariladi.

Nizomning 30-bandiga ko‘ra, hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda vakolatli vazirliklar tomonidan hujjatlar qabul qilinmaganligi to‘g‘risida davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-sayti orqali pedagog kadrlarga xabarnoma yuboriladi.

Pedagog kadrlar hujjat qabul qilish to‘xtatilgunga qadar kamchiliklarni tuzatgan holda hujjatlarni qayta topshirishlari mumkin. Bunda pedagog kadrdan davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im takroran undirilmaydi.

Nizomning 31-bandiga ko‘ra, pedagog kadrlardan hujjatlarni qabul qilish har yili 1-mart va 1-oktyabr sanalarida to‘xtatiladi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Malaka toifa

Ulashish