Top.Mail.Ru
Ta’limga oid hujjatlar vazirlik seyfidami?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Ta’limga oid hujjatlar vazirlik seyfidami?

00:23 / 04.10.2025 23
To‘g‘ri, maqola sarlavhasida biroz kinoya bor, oddiy sarlavha orqali esa muammoga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining e’tiborini torta olmasligimiz mumkin edi. Chunki, hozir biz ko‘taradigan muammoning ko‘lami keng, lekin buni vazirlik hali-beri his qilmaydiganga o‘xshaydi. Tizim katta, vazirlik esa muammolar ildizini mutlaqo boshqa joydan qidirib yurgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

Ma’lumki, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi O‘zbekistondagi eng ko‘p xodimlar ishlaydigan soha hisoblanadi. Shu sababli, mehnat qonunchiligida ham eng ko‘p ziddiyatli holatlar aynan shu tizimda uchraydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi mehnat qonunchiligi eng ko‘p buziladigan sohalardan biri deb topilgani ham fikrimizga asos bo‘la oladi.


Misol uchun, 2024-yilning yanvar-aprel oyi davomida mehnat qonunchiligining eng ko‘p buzilishi maktablarda kuzatilgan5 612 ta. Undan keyingi o‘rinda maktabgacha ta’lim muassasalarida ham shunday qonun buzilishi holatlari ko‘p bo‘lgan — 2 173 ta


2024-yil davomida ishga tiklash, ish haqi undirish va boshqa mehnat nizolari bilan bog‘liq sudlarda ko‘rilgan jami 2078 ta fuqarolik ishining 1364 tasi (66 foiz) qanoatlantirilib, tizimda mehnat qonunchiligi normalari buzilishi oqibatida da’vogarlar foydasiga 14 mlrd so‘m ish haqi hamda qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘mlik majburiy progul uchun haq va ma’naviy zararlar undirish haqida qarorlar qabul qilingan. 


Mehnat qonunchiligi buzilishining omillaridan biri sifatida, vazirlik tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning quyi tizimga o‘z vaqtida va to‘liq yetib bormasligini ham ko‘rsatish mumkin. 


Amaliyotda shunday holatlar ko‘p uchraydiki, vazirlik bir qaror yoki buyruqni imzolaydi, biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay unga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritiladi. Yangilangan hujjatning mazmunidan faqat vazirlikning o‘zi xabardor bo‘ladi, ammo quyi bo‘g‘indagilar eski tartib asosida ishlashda davom etaveradi.


Shu kabi holatlar sababli huquqiy normalarni qo‘llashda chalkashliklar yuzaga keladi, bu esa oxir-oqibat mehnat qonunchiligi buzilishiga olib keladi. 


Biz 2024-yilda ham aynan shu masalani ko‘tarib, sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining shaxsan o‘ziga mazkur muammoning yechimi sifatida ta’lim sohasidagi qonunchilikni kodifikatsiya qilishni, ya’ni Ta’lim kodeksini ishlab chiqish taklifini ilgari surgandik. Ammo foydasi bo‘lmadi, vazirlik ushbu taklifimizni inobatga ham olmadi.


Ta’lim sohasiga oid normalarning tez-tez o‘zgarishi


Vazirlik tomonidan imzolangan juda ko‘p buyruqlar vaqti-vaqti bilan o‘zgarib, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritib turiladi. Ayrimlari esa butunlay bekor qilib ham yuboriladi. Aksiga olib, ayrim buyruqlar XDFU – xizmat doirasida foydalanish tartibida imzolanganligi sababli, bu turdagi hujjatlar ommaga mutlaqo e’lon qilinmaydi. Natijada esa ko‘pchilik eski hujjat namunasidan foydalanadi va yana tizimda tushunmovchiliklar yuzaga kelaverdi.


Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i ham vazirlikning XDFU buyrug‘i bilan bekor qilib yuborilgan. Mazkur buyruq bilan esa “Direktorlar kengashi to‘g‘risida” nizom, “Direktor lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish to‘g‘risida”gi tartib hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining malaka tavsiflari belgilangandi.


Demak, vazirlikning 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i bir yil ham “yashamadi”. Yomon tomoni shundaki, maktab direktorlarini ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlash haqidagi asosiy hujjat bu safar XDFU tarzida imzolangandi. Ya’ni, bu kabi buyruqlardan faqatgina vazirlik tizimining yuqori bo‘g‘inida ishlovchi sanoqli xodimlar foydalana oladi xolos, boshqalar esa yo‘q. 


Qizig‘i shundaki, 2025-yil 19-avgustda ham maktab direktorlarini lavozimga tayinlash to‘g‘risida yana bir buyruq imzolangan. Ya’ni, direktorlarni lavozimga tayinlash tartibi to‘g‘risida 2023-2025-yillar oralig‘ida naq 3 ta hujjat imzolangan. 


Yana bir misol sifatida sinf rahbarlarni lavozmiga tayinlash masalasini aytishimiz mumkin. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 25-avgustdagi 308-son buyrug‘iga 5-ilova “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining ayrim buyruqlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar”ga muvofiq vazirlikning “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va sinf rahbarlarining lavozim yo‘riqnomasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 27-iyundagi 190-son buyrug‘iga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. 


Unga ko‘ra, endilikda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarga sinf rahbarlik bermaslik, shuningdek, sinf rahbari uchun kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lish talabi bekor qilindi. 


Qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan hujjatni esa ochiq manbalardan topish amrimahol. Shu sababli, sinf rahbarlarini lavozimga tayinlashdagi bu o‘zgarishlarni deyarli hech kim bilmaydi, vazirlikning o‘zidan boshqa.


Shuningdek, maktabgacha va maktab tizimida faoliyat yuritadigan xodimlarning malaka talablari ham deyarli har yili o‘zgaradi. Ushbu hujjat shu kunga qadar taxminan 5-6 marotaba qayta imzolangan.

Ammo joylarda hali-hamon eski tahrirdagi hujjatlarga asoslanib ish ko‘rish holatlari uchrayotgani hech kimga sir emas. Bu turdagi hujjatlarga yuzlab misollar keltirish mumkin.


Vazirlik imzolagan hujjatlar ochiq manbalarda yo‘q


Masalaning eng muammoli jihati shundaki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan imzolangan hujjatlarni ochiq manbalardan topish juda ham qiyin.


Vazirlik bu kabi hujjatlarni na rasmiy saytiga joylaydi, na e-qaror.gov.uz elektron tizimiga. Misol uchun, Adliya vazirligi tomonidan imzolanadigan har bir hujjat e-qaror.gov.uz elektron tizimiga joylab boriladi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy uzedu.uz saytiga esa oxirgi marta 2024-yil uchun atigi bir dona hujjat, umumiy hisobda 23 ta hujjat yuklab qo‘yilgan, ularning ayrimlari esa faqat sarlavhadan iborat. Vaholanki, hozirgi kunga qadar tizimga oid juda ko‘p hujjatlar imzolangan.


Vazirlikning gov.uz/uzedu saytidagi hujjatlar rukniga esa 3 ta hujjat ko‘rsatilgan bo‘lib, shunchaki, lex.uz tizimiga yo‘naltirib qo‘yilgan.


To‘g‘ri, vazirlik tomonidan imzolangan hujjatlar ijro.gov.uz platformasi orqali imzolanmoqda, lekin u ham ochiq manba vazifasini o‘tay olmaydi. Hatto, vazirlik tomonidan imzolangan ayrim hujjatlarni mazkur platformadan topishning o‘zi ham imkonsiz. 


Misol uchun, vazirlikning 2025-yil 25-avgustdagi 308-son buyrug‘ini boshqa manbalar orqali qidirib topishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo, buyruq haqiqiyligini tekshirib ko‘rish jarayonida hujjat ijro.gov.uz platformasidan ham o‘chirib yuborilganiga guvoh bo‘ldik.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan imzolangan hujjatlar lex.uz saytida ham bor-ku, deyishingiz mumkin. Ammo, masalaning e’tiborli jihati shundaki, mazkur tizimga faqatgina Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyruqlar joylab boriladi. Lekin Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining juda ko‘p hujjatlari hatto Adliya vazirligidan ham ro‘yxatdan o‘tmagan.


Muammolar gapirildi, unda yechim qayerda?


Buning yechimi juda ham oddiy. Agar vazirlik xohlasa, tizimga oid barcha hujjatlarni bir joyga jamlashi va jamoatchilikka ochiqlashi mumkin. Buning uchun esa har bir imzolangan hujjat o‘sha kunning o‘zidan kechiktirmasdan vazirlik saytiga joylanishi shart.


Lekin bu ham tizimdagi muammoli vaziyatlarga to‘liq yechim berolmaydi. Chunki, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida huquqiy chalkashliklar, noaniqliklar va ayrim me’yorlarning bir-biriga ziddiyatli holatlari ko‘p uchraydi.


Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, vazirlik tomonidan imzolangan hujjat bir yilga bormay bekor qilinadi va yangi hujjat imzolanadi, quyi tizim esa eski hujjatdan foydalanishda davom etadi.


Chunki, eski va yangi tahrirda imzolangan hujjatni solishtirish imkoniyati mavjud emas. Agar o‘sha hujjat lex.uz saytiga joylanganda edi, avval imzolangan hujjatga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganligini ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lardi.


Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham tizimiga oid hujjatlarni bir yerda jamlaydigan maxsus platformani ishga tushirishi va har bir imzolangan hujjatlarni ana shu platformaga joylab borish tartibini yo‘lga qo‘yishi samarali yechim bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.


Vazirlik ta’lim sohasidagi qonunchilikni kodifikatsiya qilishni istamas ekan, hech bo‘lmaganda sohaga oid hujjatlarni ochiq platformalarda e’lon qilib borishi shart. Bizningcha, bu masalani Adliya vazirligi ham qat’iy nazoratga olishi lozim.


Umid qilamizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu muammoni e’tiborsiz qoldirmaydi. Agar masala yana e’tibordan chetda qoladigan bo‘lsa yoki vazirlik muammo qolib, uni ko‘tarib chiqqan tomonni aybdor qilib ko‘rsatish maqsadida kichik bayonot bilan cheklanmoqchi bo‘lsa, xalqtaliminfo.uz tahririyati ta’lim sohasidagi qonunchilik hujjatlari jamlangan ochiq platformani o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib yaratishga ham tayyor.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • министерство
  • Образовательный кодекс

Поделиться

line

Тематические новости