Top.Mail.Ru
Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi

15:43 / 11.11.2025 1.43k

Joriy yilning 30-31-oktabr kunlari ingliz tili o‘qituvchilari uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Ammo, imtihonda qatnashgan pedagoglarning katta qismi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaga, keyinroq Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga ham murojaat qilgandi.


Keyinroq, vazirlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ingliz tili fani o‘qituvchilarni yuzma-yuz muhokama qilish uchun Markazga taklif qildi.


Shundan so‘ng, ingliz tili o‘qituvchilari nomidan vakil Hasanboy Rasulov, ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Komil Jalilov, Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi direktori o‘rinbosari Sardor Raximboyev, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova hamda bir qancha xorijiy ekspertlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan. Bu haqda Komil Jalilov o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.


Ma’lum bo‘lishicha, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan ingliz tili o‘qituvchilari vakillariga attestatsiyada ingliz tili o‘qituvchilariga berilgan test topshiriqlari bazasini tahlil qilish imkonini berilgan va ular barcha testlarni shaxsan o‘zlari birma-bir tahlil qilib chiqqan.

“Markaz bizga attestatsiyada ingliz tili o‘qituvchilariga berilgan test topshiriqlari bazasini tahlil qilish imkonini taqdim etdi. Adolat yuzasidan aytishim kerak: “eatable - edible” dan boshqa jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan test topshiriqlarini ko‘rmadim. 

Ayrim (kam sonli) mujmalroq tuzilgan test topshiriqlarini ko‘rdim (va ular bo‘yicha o‘z fikrlarimni markaz vakillariga yetkazdim), lekin u test topshiriqlarida ham to‘g‘ri javob bor, ya’ni so‘ralayotgan narsani bilgan o‘qituvchi test topshirig‘iga javob bera oladi. 

Masalan, tarix yoki ona tili o‘qituvchilarining sudgacha borishiga sabab bo‘lgani kabi muammolarni (xotirani tekshiradigan test topshiriqlari ulushi oshib ketishi yoki noto‘g‘ri javob variantining to‘g‘ri deb olinishi singari) holatlarni aynan ingliz tili test topshiriqlari bazasida ko‘rmadim”, - deydi Komil Jalilov.

“eatable - edible” keysi haqida


Ingliz tili o‘qituvchilariga attestatsiya test sinovida quyidagi mazmunda savol tushgan va u keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Which of the following is not a real word?

a) comparable B) tolerable C) eatable D) refundable

Vazirlik bu yerda C (eatable) variantini to‘g‘ri javob sifatida olgan bo‘lib, berilgan izoha ko‘ra, “eat” ga “-able” suffiksi qo‘shilsa, “edible” ko‘rinishini olishi kerak bo‘lgan. 


Lekin, test topshirig‘ining (savolning) shartiga e’tibor berilsa, berilgan so‘zlarning qaysi biri real so‘z emas, ya’ni ingliz tilida mavjud emas, deb ko‘rsatilgan. “Eatable” so‘zi esa mavjud, real so‘z va lug‘atlarda qayd etilgan. Va lug‘atlarda hatto “eatable” va “edible” so‘zlarining ma’no farqlari berilgan: “edible” so‘zi “yesa bo‘ladigan, iste’mol qilish uchun yaroqli / xavfsiz” ma’nosini beradi, “eatable” so‘zi esa “yeyish uchun yaroqli, lekin ta’mi unchalik ham yaxshi emas”, ya’ni “chidasa bo‘ladi” ma’nosini beradi. 


Ya’ni, ingliz tilidagi izohli lug‘atlarni tuzgan olimlarga ishoniladigan bo‘lsa, “eatable” ham real, ingliz tilida mavjud, lug‘atlarda qayd etilgan va ma’no jihatdan “edible” so‘zidan ozgina farq qiladigan so‘z. 


Asos: Oxford lug‘ati, Cambridge lug‘ati, Longman lug‘ati, Collins lug‘ati, Marriam-Webster lug‘ati.  


Demak, bu test topshirig‘ida to‘g‘ri javob mavjud bo‘lmagan va bu test topshirig‘i uchun pedagoglar bu test savoli uchun o‘qituvchilarga ball qo‘shib berilishi kerak, deb hisoblagan.


Test baholash shakli sifatida o‘qituvchi mahoratiga baho bera olmaydi


Komil Jalilovning aytishicha, fanni bilish va sinf bilan ishlash, ta’lim jarayonini samarali tashkil qilish - har xil narsalar hisoblanadi. 

“To‘g‘ri, o‘z fanini bilish - o‘qituvchilikning birinchi muhim sharti, lekin o‘qituvchilik fanni bilishdan tashqari boshqa ko‘nikmalarni ham talab qiladi. Bu ko‘nikmalarni test yordamida baholash imkonsiz”, - deydi Komil Jalilov.

Ma’lum bo‘lishicha, bu safar ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiyasida foydalanilgan test topshiriqlari qiyinlik darajasi yuqoriroq bo‘lgan - buni Markaz vakillari ham tan olishgan. Markaz mulozimlariga ko‘ra, o‘qituvchidan ishga kirish (ishda qolish) uchun B2 daraja talab qilinayotgani attestatsiyada hisobga olingan. 


Test variantlariga nazariy bilimlarni (fonetika, sotsiolingvistika, pragmatika) bo‘yicha topshiriqlar kiritilgan. Bu ham natijalarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. 

“Men, masalan, so‘ralgan nazariy bilimlarning hammasi ham o‘rta maktab o‘qituvchisiga kerak deb hisoblamayman. Markaz bilan umumiy xulosamiz shu bo‘ldiki, birinchi navbatda “biz o‘qituvchida qanday ko‘nikmalarni ko‘rishni istaymiz?” degan savol asosida spetsifikatsiyani takomillashtirish, kerak bo‘lsa jamoatchilik va mutaxassislar e’tiboriga havola qilib, keyin tasdiqlash va e’lon qilish kerak”, - deya fikr bildirgan Komil Jalilov.

Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspertning ta’kidlashicha, matnlar bilan bog‘liq test topshiriqlari nisbatan qiyinroq bo‘lgan (B2 daraja va undan yuqori). Bu test topshiriqlarining ayrimlarida tekshirilgan ko‘nikmalar - muallifning maqsadini aniqlash, matnning tonini (uslubini) aniqlash, matn yaxlit bo‘lishi uchun matnni to‘ldiradigan gap tanlash, matndan fakt va fikrni ajratish) an’anaviy til ko‘nikmalari imtihonlarida (IELTS, CEFR singari) tekshirilmaydi. Ya’ni, o‘qituvchilarda bunday ko‘nikmalar (yetarlicha) shakllanmagan bo‘lishi mumkin. Bu ham o‘qituvchilar natijalariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. 


Umumiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ingliz tili o‘qituvchilari attestatsiyasi atrofida yuzaga kelgan noroziliklar asosan test topshiriqlari mazmuni, ularning murakkabligi va baholash mezonlariga oid bo‘lgan. Ammo test bazasining batafsil o‘rganib, ochiq tahlil qilinishi shundan dalolat beradiki, unda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmagan, ayrim bahsli savollar esa ingliz tili o‘qituvchilari vakillariga izohi bilan to‘liq tushuntirib berilgan. 


Shuningdek, tahlil jarayonida noto‘g‘ri tuzilgan test savollari aniqlangan bo‘lsa va buni Markaz vakillari tan oladigan bo‘lsa, ushbu savollar uchun o‘qituvchilarga qo‘shimcha ball qo‘shib berish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Комментарии 2

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Аттестация

Поделиться