Bugungi o‘quvchi — ertangi iqtisodiyot: PISA nimadan ogohlantirmoqda?
2026-yil 8-sentyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Parijdagi shtab-kvartirasida PISA-2025 natijalari e’lon qilindi. 1997-yildan buyon har uch yilda bir marta oʻtkaziladigan PISA (Programme for International Student Assessment) o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur hiosoblanadi.
2025-yilgi tadqiqotda 91 mamlakat va iqtisodiyotdan 760 mingdan ziyod o‘quvchi qatnashdi. Bu gal asosiy e’tibor tabiiy-ilmiy savodxonlikka qaratildi (2022-yilda — matematika savodxonligi). IHTTning qayd etishicha, butun dunyo bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlar pasaygan: tabiiy-ilmiy, o‘qish va matematika savodxonligi bo‘yicha o‘rtacha natijalar kuzatuvlar tarixidagi (2000-yildan beri) eng past darajani ko‘rsatgan.
Bugungi maqolada esa PISA-2025 natijalariga shunchaki ta’limdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari sifatida emas, balki kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omil sifatida qaraladi.
Xususan, PISA natijalarining mehnat unumdorligi, iqtisodiy o‘sish, kelajakdagi kadrlar salohiyati va hatto pensiya ta’minotiga qanday aloqadorligi tahlil qilinadi. Shuningdek, o‘quvchilarda uzoq muddatli vazifalarni bajarishga bo‘lgan qunt va tirishqoqlikning pasayishi, tezkor natija va mukofotga o‘rganishning ta’lim hamda kelajakdagi mehnat bozoriga ehtimoliy ta’siri haqida so‘z yuritiladi. Mazkur jihatlarni Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim sifati departamentining sobiq direktori Laziz Xo‘jaqulov tahlil qiladi.
PISA: iqtisodiy tanglik, bizning pensiyalarimiz, mobil o‘yinlar va “shoshqaloq avlod” xususida
Nega ta’lim sohasi vakili bo‘lmagan katta yoshdagilar, ayniqsa farzandi yoinki nabiralari bo‘lmaganlar PISA natijalariga e’tibor qaratishi kerak, degan savolga qisqa qilib javob bermoqchi bo‘lsak, bu taxminan 2040-2060 yillarda iqtisodiyotda faoliyat yuritadigan ishchi kuchining sifat ko‘rsatgichi desak bo‘ladi.
Ya’ni, mamlakatlar PISA da qatnashib, 15 yoshli o‘quvchilarni shuning uchun ham baholaydilarki, chunki bu yoshdagi qatlam kelajakda inson kapitali bo‘lib yetishadi. Bu tadqiqotdagi natijalarning pasayishi esa iqtisodiy muammo sifatida bir nimani tuzatish kech bo‘lgandagina yuzaga chiqadi.
Iqtisodiy prognoz ham shu asosda shakllanadi. Hozirgi natijalar esa iqtisodiy jihatdan salohiyati balandroq amaldagi ishchi kuchini asta sekin salohiyati pastroq ishchi kuchi egallashni boshlashini bashorat qilmoqda. Buning effekti bugun yoki ertaga deyarli sezilmaydi, lekin o‘n yillar davomida mehnat unumdorligi, yangi texnologiyalarni o‘zlashtira olish qobiliyati, daromadlar va iqtisodiy o‘sish templariga salbiy ta’siri orqali sezila boshlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, kamroq daromadlar, qamroq soliq tushumlari va bizning avlod uchun kamroq pensiya va nafaqalar degani.
Hanushek va Woesmann nomli iqtisodchi olimlarning PISA natijalari va YAIM o‘rtasidagi bog‘liqlik modeliga ko‘ra, amaldagi maktab o‘quvchilarining PISA natijalarining 25 ballga oshishi ushbu avlodning umri davomida YAIM ning o‘sishiga yaxshigina ijobiy ta’siri taxmin qilingan.
[Hanushek, E. A., & Woessmann, L. (2015). Universal Basic Skills: What countries stand to gain. Paris: OECD Publishing]
Boshqa bir modelda esa, IHTT mamlakatlaridagi barcha o‘quvchilarining hech bo‘lmasa bazaviy (2-daraja) savodxonlik darajasiga chiqishi diskontlangan kelajakdagi YAIM ni taxminan 3,5% ga o‘sishi hisoblab chiqilgan.
Shuningdek, global tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, jahon bo‘yicha bazaviy ko‘nikmalarning yetishmovchiligi (defisiti) asr yakuniga kelib dunyo miqyosida 700 trln AQSH dollariga teng hajmda iqtisodiy yo‘qotishlarga (ya’ni, potensial ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlarga nisbatan kamroq), ya’ni diskontlangan jahon YAIM sining 12% ni yo‘qotilishiga olib keladi. Bu raqamlar gap nima haqida ketayotganligiga umumiy tushuncha hosil qilishingiz uchun, model raqamlardir.
[Gust, S., Hanushek, E. A., & Woessmann, L. (2024). Global universal basic skills: Current deficits and implications for world development. Journal of Development Economics, 166, 103205]
Lekin PISA faqatgina umumiy mehnat unumdorligini bashorat qilishda emas, balki uning uchun sohaviy taqsimotni ham belgilashda foydalaniladi. IHTT o‘zining 2025 yilgi PISAga bag‘ishlangan hisobotida tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha jami 33 mln.lik 15 yoshlilarning 1,9 mln nafari eng yuqori ikki darajasi (5- va 6- darajalarga) mos tushishini taxmin qilmoqda. Bu 1,9 mln. o‘quvchilar esa aynan jahondagi fan va texnologiyalarning kadrlar zahirasi, desak bo‘ladi.
[OECD. (2026). PISA 2025 results (Volume I): Future-ready students. OECD Publishing.]
Bu raqam aniqlangach, IHTT keyingi bosqichda mana shu 1,9 mln nafar kadrlar zaxirasidan 30 ga yoshga to‘lgunga qadar, iqtisodiyot drayveri bo‘lmish fan va texnika (STEM) sohalarida ishlamoqchi bo‘lganlarni aniqlaydi, va bu raqam 1,02 million potensial mutaxassislar va tadqiqotchilarga teng ekanligini bashorat qiladi.
Iqtisodiyot uchun bu ( 33 mln. kishilik) taqsimotning ikki guruhi ham muhim. Chunki tabiiy ilmiy savodxonlikning kamida bazaviy (2-darajasiga) erishganlar amaldagi texnologiyalar va ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni o‘zlashtirish uchun kerak bo‘ladigan qatlam bo‘lsa, qolgan 1,9 mln intellektual elita esa yangi bilimlar, innovatsiyalar va texnologiyalar yaratish uchun kerak.
IHTT bundan avval o‘zining avvalgi tabiiy-ilmiy savodxonlik bilim darajasi kuchli bo‘lgan o‘quvchilar to‘g‘risida o‘tkazgan tadqiqotida shu faktni alohida ta’kidlab, bazaviy ko‘nikmalar mavjud texnologiyalardan foydalanish uchun zarur bo‘lsa, yuqori darajadagi ko‘nikmalar esa yangi texnologiyalarni yaratish uchun shartligini aytib o‘tgan edi. Ekonometrik tadqiqotlarda tabiiy-ilmiy savodxonlikda bazaviy va yuqori darajadagi ko‘nikmalarga ega kishilarning bir-biriga nisbati kelgusi iqtisodiy o‘sishga bevosita bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun, iqtisodchilar hozirgi PISA 2025 tadqiqoti natijalarini faqatgina o‘quvchilarning o‘zlashtirishi pasayib ketishi deb baholamasligi kerak. Ushbu pasayish keyingi sikllarda ham davom etaversa, jahon iqtisodiyotini texnologik inqiroz kutmoqda, desak bo‘ladi.
Tadqiqot natijalarining pasayish tendensiyasi saqlanib qolishi mantiqiy zanjirni hosil qiladi:
- aholining yetarlicha ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan katta qismi past o‘rtacha mehnat unumdorligi va texnologik o‘zgarishlarga qiyinroq moslashish degani;
- o‘rtacha ko‘nikmalarga ega aholining ulushidagi kamayish iqtisodiyotda malakali kadrlarning kamayishi degani;
- yuqori darajadagi ko‘nikmalarga ega aholining ulushidagi kamayish esa yangi texnologiyalarning yaratish qobiliyatiyatidagi pasayish degani.
PISA tadqiqotlarining avvalgi va hozirgi natijalari ochiq resurslarda joylashtirilgani uchun ularga qaytadan alohida to‘xtalib o‘tirmaymiz, lekin bitta faktni keltirib o‘tmoqchimiz: 2025-yilgi PISA natijalari ushbu tadqiqot tarixida eng past natijalar bilan esda qolarli bo‘ldi.
2022-yilga qaraganda o‘qish savodxonligi 14 ballga, matematika 9 ballga pasaygan bo‘lsa, tabiiy savodxonlik deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa da, 2015-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrni tahlil qilsak, o‘qish savodxonligi 28 ball, matematika 22 ball, tabiiy savodxonlik esa 7 ballga pasaygan.
Endi eng diqqatga sazovor faktlarga o‘tsak:
Barcha 3 yo‘nalish, ya’ni o‘qish, matematika va tabiiy fan savodxonligi bo‘yicha bazaviy darajaga chiqa olmagan o‘quvchilar soni 2022-yildagi 16% dan 2025-yilda 20% ga chiqdi. Ya’ni, bu fakt har 5 ta boladan 1 tasi amalda savodsiz degani.
Ikkinchi ko‘zga tashlanadigan holat esa, avvallari umumiy pasayishdan birmuncha himoyalangan qatlam, ya’ni o‘ziga to‘q oilalarning farzandlarining ham ko‘rsatgichlari sezilarli pasaygan. Aholining iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli yuqori bo‘lmaganlarning farzandlari bilan ijtimoiy iqtisodiy sharoitlari qoniqarli bo‘lganlarning farzandlari ko‘rsatgichlar orasida farq kamaymoqda va bu o‘ziga to‘q oilalarning farzandlarining bilimi pasayishi hisobiga bo‘lmoqda.
Va yana bir qiziq holat, o‘quvchilarning test jarayonidagi hatti-harakatlari ham o‘zgargan. Ular xato javoblarni shunchalik qisqa muddatda berishmoqdaki, bu qisqa muddat ichida savolni diqqat bilan o‘qib, miyada qayta ishlashning imkoni yo‘q.
Bunday “shoshqaloqlar” ulushi 2018-yildagi 6,6% dan 2025-yilda 11,4% ga oshgan. Shu bilan birga, katta hajmdagi matn va uzoq muddatli tahlil talab qiladigan vazifalar bilan ishlash shaklidagi savollarga to‘g‘ri javob berish ko‘rsatgichlariyam ham pasaygan.
PISA 2025 tadqiqotlarida umumiy natijalarining pasayishi bilan birgalikda, berilgan vazifa murakkab yoki zerikarli tuyula boshlaganda, tirishqoqlik bilan masala (vazifa)ni yakunigacha yechish istagi ko‘rsatgichlari ham pasaygan. O‘quvchilari ko‘proq qunt va tirishqoqlik ko‘rsatgan mamlakatlar esa tabiiy-ilmiy savodxonlikda yuqoriroq natijalar ko‘rsatishgan.
Shuning uchun, agar mavjud tendensiya saqlanib qolsa (va katta ehtimol bilan saqlanib qolsa kerak), 20 yildan keyin biz murakkab masalalar ustida tezda natija olmasdan uzoq boshqotira oladigan insonlar sonini kamayishini kuzatamiz. Bu esa, o‘z navbatida, faqatgina umumiy o‘rta ta’lim emas, balki muhandislik, dasturshunoslik, tibbiyot, fundamental va amaliy tadqiqotlar sohalariga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazadi.
Ilm-fan uchun bunday prognoz ayniqsa qattiq zarba hisoblanadi, chunki ilm-fan vakillarining kattagina plastini aynan ilmiy tajribalarni ko‘plab marta qayta qayta o‘tkazadigan, salbiy natijalarni tuzatishga oylab, o‘zini bag‘ishlaydigan va hech qanday ilmiy muvafaqqiyat kafolatisiz ilmiy tadqiqot metodikalarini o‘zgartirib, laboratoriyalarda tirishqoqlik bilan ishlaydigan ilmiy xodimlar tashkil etadi.
Ya’ni, keyingi avlodlarda, bir tomondan matematika va tabiiy-ilmiy savodxonlikda yuqori darajadagi ko‘nikmaga ega shaxslar ulushi kamaysa, ikkinchi tomondan esa tezda natija (mukofot) olib kelmaydigan sohalar (ilmiy tadqiqotlar)da tirishqoqlik va sabr bilan mehnat qiluvchilar ulushi kamaysa, ilm-fanning kadrlar zahirasi, yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, iqtisodiyot va jamiyatning haqiqiy ilmiy salohiyati (PhD va DSc ilmiy darajaga egalar soni emas), tabiiyki, pasayadi.
Nega bunaqa bo‘lyapti degan savolni bolalarning erta yoshdan ta’limining bir jihati, neyrobiolgiya bilan bog‘lab, tahlil qilib ko‘rsak:
Bolaning nerv tizimi kichikligidanoq amal va uning natijasi o‘rtasida talab qilinadigan vaqtga o‘rganish hosil qiladi. Zamonaviy texnologik muhit esa bu ikki nuqta o‘rtasidagi vaqtni keskin qisqartirmoqda.
Avvalgi, ya’ni bizning va bizdan avvalgi avlod uchun kutish hayotimizning uzviy qismi bo‘lgan: ko‘pgina ishlarimiz, mehnatimiz, sa’y-harakatlarimizning natijasini soatlab, kunlab va hattoki oylab kutishga majbur bo‘lganmiz. Hozirgi avlod bolalari esa o‘zlarining kunlik ishlari va amallarining natijasini deyarli darhol olish imkoniyatiga ega. Shuning uchun bir inson uzoq muddat bir amal bajarib, natija olmasligi noodatiy hol bo‘lib qoldi.
Shuning o‘zi ham tezda natija olishga va voqelikning tezda o‘zgarishiga bo‘lgan talab ortib, natijasiz uzoq muddat amalga oshiriladigan vazifa sub’yektiv og‘ir tuyuladigan bo‘lib qolgan.
Bu yo‘nalishda eng qiziqarli tadqiqotlar Joseph McGuire va Joseph Kable tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, uning asosiy g‘oyasida inson atrof-muhitdagi amal natija o‘rtasidagi davriy uzilish (kutish)ga o‘rganib, moslashadi va natija kutishdan ma’no bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida xulosa chiqaradi, degan fikr yotadi.
2012-yildagi tadqiqotda insonlarni tasodifiy taqsimot orqali amalga oshirilayotgan ish va natija (mukofot) o‘rtasida har xil vaqt davriyligi bo‘lgan ikki muhitga ajratishgan. Tajribadan yaqqol ko‘ringanki, tadqiqot ishtirokchilari natijani qancha kutish maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risida ikki xil qarorga kelishgan. Tajribada, amallari uchun tezroq natijaga erishgan ishtirokchilar qat’iyatliroq bo‘lishgan, qilgan amalini natijasini hali beri ko‘rmagan ishtirokchilar esa, natijani kutishdan tezroq voz kechishgan.
Ya’ni, qat’iyatlilik, “o‘z-o‘zini boshqarishning” belgilangan xossasi emas, balki atrof muxitdagi sharoitning davriy statistikaga moslashuv mexanizmi ekan. Oddiyroq aytganda, natija bo‘lavermagach, uzoq vaqt kutganlar, “foydasi yo‘q” deb, qat’iyatsizlik bilan ko‘l siltab, natija kutmay ketishgan.
[McGuire, J. T., & Kable, J. W. (2012). Decision makers calibrate behavioral persistence on the basis of time-interval experience. Cognition, 124(2), 216–226.]
Uch yildan keyin esa, olimlar ushbu tadqiqotning validligini Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilingan boshqa bir tadqiqotda funksional MRT apparati bilan miya faoliyatni tekshirish orqali yana bir bor baholashgan. Amaliy jihatdan natijani kutish uchun berilgan bir xil vaqt oralig‘ini, tajribada qatnashgan har bir inson, avval natijani kutishda qanday tajribaga ega bo‘lgan bo‘lsa, shunga yarasha baholagan.
Miya ventromedial prefrontal qobig‘ida, bundan oldin natijani kutib, tezda mukofot olganlarda (ya’ni kutishdan naf bor, deb hisoblaydiganlar) ijobiy emosiyalar o‘choqlari faollashgani ko‘rsatgan. Shuning uchun tadqiqot mualliflari qat’iyatlikni insonning irodasi va impuls o‘rtasidagi kurash emas, balki amalga oshirilgan harakat va uning natijasi o‘laroq mukofotni kutish uchun sarflanajak vaqtning doimiy baholanishi sifatida talqin qilishgan.
[McGuire, J. T., & Kable, J. W. (2015). Medial prefrontal cortical activity reflects dynamic re-evaluation during voluntary persistence. Nature Neuroscience, 18(5), 760–766.]
Bu esa, o‘z navbatida, aynan biz yuqorida aytib o‘tganimiz, PISA natijalari bilan bog‘liq hodisadir. Ya’ni, hozirgi davr o‘quvchilari darrov natija olishga o‘rganishgan. Bunga, albatta axborot texnologiyalar, sun’iy intellekt va ko‘pgina maishiy qulayliklarning hozir-u-nozirliga ham sabab. Va o‘z navbatida, aksariyat o‘quvchilar 5 daqiqa qunt talab etadigan matematik misolni yechishdan ko‘ra (baholash PISAda bo‘lgani singari anonim bo‘lsa), duch kelgan javobni belgilab ketaverishadi.
Bu bilan bog‘liq yana bir qiziq hodisa, hozirgi bog‘cha yoshidagi bolalarning mobil telefonlarda o‘ynaydigan turli o‘yinlari bilan ham bog‘liq. Ko‘pchilik o‘yin ishlab chiqaruvchilar bolalar o‘yin o‘ynab, zerikib qolmasin deb, raqobat nuqtayi nazaridan tezda mukofot va g‘alaba olib keladigan, o‘yin davomida xato qilsa-da kechiradigan turli o‘yinlar taklif etishmoqda. O‘zimiz ham, guvohi bo‘lganimiz, ko‘pgina, ayniqsa, mehnat bilan band yosh ota-onalar kichik yoshli bolalariga tinchlantirish uchun telefonni, o‘yin o‘ynash uchun berib qo‘yishadi.
Shuning uchun, bolalar ham bunga moslashib, bir o‘yindan zeriksa, darrov ko‘proq virtual mukofot beradigan boshqa o‘yinga o‘tib ketishini ko‘pchilik sinchkov ota-onalar kuzatgandir. Bu ta’limda, o‘ziga xos “o‘yinga asoslangan o‘rganish” (game-based learning)ni raqamli sohaga ko‘chishiga ham turtki bo‘ldi.
Amalda esa, inson miyasi hozirgi vaqtda qilib turgan ishining natijasi (mukofoti)ni emas, shu bilan birga ushbu davr davomida boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qanday muqobil mukofot va natijaga erishishini ham tahlil qiladi. Agar atrof-muhit (masalan, telefondagi o‘yinlar) bolalarni ma’lum vaqt oralig‘ida ko‘proq mukofot olishga o‘rgatsa, sekin bajariladigan amallar (masalan, 5 daqiqa vaqt talab qiladigan nisbatan murakkab matematik misollar) inson miyasidagi mukofot uchun “qiymati haddan tashqari yuqori” mukofot bo‘lib, shu paytda boshqa ko‘proq mukofotlar bor variant tanlanadi.
Eksperimentlar ham aynan shundan dalil bermoqda. Ma’lum davr ichida ko‘proq mukofot (natija) olishga o‘rgangan miya elektroensefalografiya orqali tadqiq qilinganda kognitiv tanqidiy fikrlash qismidagi faollik pasayib, ko‘proq xatolar evaziga bo‘lsa-da, qisqa vaqtda ko‘proq amallarni ma’lum mukofot uchun bajarishga harakat qilgan.
[Lin, H., Ristic, J., Inzlicht, M., & Otto, A. R. (2022). The average reward rate modulates behavioral and neural indices of effortful control allocation. Journal of Cognitive Neuroscience, 34(11), 2113–2126.]
Boshqacharoq aytadigan bo‘lsak, 2000-yillardan avvalgi avlodda qilinadigan ishlarning natijasi sekin kuzatilgan va qo‘shimcha bir necha daqiqa kutishning qadri unchalik yuqori bo‘lmagan, oqibatda tirishqoqliq va qunt bilan mehnat qilish normal hisoblangan.
Zamonaviy raqamli muhitda esa, potensial natija deyarli har soniyada mavjud, shuning uchun natijaga (mukofotga) erishilmay sarflangan har bir daqiqaning “qiymati” yuqori hisoblanadi va ratsional o‘rganilgan strategiya natijani kutishdan ko‘ra, yangi vazifaga o‘tishdan iborat bo‘ladi.
Bundan qanday xulosalar chiqarsak bo‘ladi?
Avvalo shuni aytgan bo‘lardik-ki, PISA tadqiqotlari natijalari, to‘g‘rirog‘i uning oqibatlari hamma sohada ham bir xil sezilmaydi. Bunda, eng ko‘p yo‘qotishlar sarflangan sa’y-harakat va mehnat bilan uning mevalari, ya’ni natijalari orasida eng katta davriy tavofut bo‘lgan sohalarda kuzatiladi. Bular fundamental ilm-fan tadqiqotlari, eksperimental tadqiqotlar, murakkab muhandislik, dasturshunoslik, tibbiyot, katta hajmdagi matnlar bilan ishlash kabi ma’lum bir maqsad yo‘lida qunt bilan uzoq davr ishlash, ko‘p marotaba xatolarni tuzatish va muvafaqqiyatsizlidan tushkunlikka tushmagan holda tirishqoqlik bilan mehnat qilish talab qiladigan sohalardir.
Bunda esa, o‘z navbatida, yanada pessimistik prognoz ko‘zga tashlanadi. Hattoki, hozirgi o‘quvchilarning o‘rtacha intellekt darajasida katta pasayish bo‘lmasa-da, qunt bilan ishlashga tayyor insonlar ulushi kamayib boraveradi. Bu esa, kelajakdagi kadrlar zahirasi oldidagi asosiy muammo yoshlarning qanchasi matematika yoki tabiiy va aniq fanlar savodxonligida kuchli ekanligida emas, balki ularning qanchasi oylab va yillab, darrov natijaga erishmasdan sabr bilan ishlay olishga dosh bera olishda bo‘ladi.
Ya’ni, yuqoridagi kuzatuvlarning oqibatlariga bunday izoh bergan bo‘ladi:
Salbiy natijalarni “hazm qila olmaslik”. Bu ilm-fan uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, ilmiy tadqiqotlarning aksariyat qismi muvafaqqiyatli tadqiqotlar ketma-ketligi emas, balki xatolar va ulardan chiqariladigan xulosalardan iborat. Tadqiqot kerakli natija bermasligi mumkin, gipoteza o‘z tasdig‘ini topmasligi mumkin, tanlangan metodika xato bo‘lishi mumkin. Oqibatan, qilingan xatoni tuzatish, metodikani yangilash va eksperimentlarni takrorlash kerak bo‘ladi.
Agar inson natija tezda kelmasligini hazm qila olmasa, u ishni tashlab, boshqa vazifaga o‘tib ketish ehtimoli ortadi. Shuning uchun, gap nafaqat uzoq muddat qunt bilan ishlay olish, balki salbiy natijalarga chidab berish va xatolarni ilmiy tuzatish haqida ketmoqda.
Katta yoshda yangi bilimlarni o‘zlashtira olmaslik. Yangi kasblar yoki murakkab ko‘nikmalarni o‘zlashtirish oylab, inson o‘rganish natijalarini o‘zida ko‘rguncha ba’zan esa yillab mehnat talab qiladi. Ya’ni olinayotgan yangi bilim va ko‘nikmalar tezda o‘z natijasini berishni kuzatib bo‘lmaydi va bularnig pirovard foydasi ancha keyin ko‘rinadi. Agar bunday kutishning sub’yektiv qiymati oshaversa, uzoq muddatli o‘qish va o‘rganish qiyinlashib, yosh bilan bog‘liq kasbiy layoqasizlik xavfi oshaveradi.
Guruhlarda ishlash va keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda muammolar. Qunt va tirishqoqlik bilan mehnat qilishga moyillikning pasayishi va odamlarda vaqtning sub’yektiv qiymati ortishi, ayniqsa, natija (mukofot)ga erishish davri birmuncha uzoq bo‘lgan, shuningdek ko‘plab odamlar o‘rtasida taqsimlangan ishlarda kuchli ta’sir kuzatilishi mumkin.
Ilm-fan, muhandislik, tibbiyot va yirik texnologik loyihalarda yakuniy natija ko‘pincha o‘nlab yoki yuzlab ishtirokchilarning bir-biriga bog‘liq ish faoliyatiga asoslangan bo‘ladi. Bunda ushbu ishga jalb qilingan insonlarning har biri umumiy ishning faqat qaysidir bir qismini bajaradi va uzoq davr mobaynida o‘z mehnatining natijasi (mukofoti)ni ko‘rmasligi mumkin.
Bu kabi faoliyat turlari nafaqat alohida insonning tirishqoqligini, balki butun ishlab chiqarish jarayoning bir vaqtning o‘zida hamohang, silliq mexanizm ishlashini talab qiladi. Mabodo, jarayon ishtirokchilari uzoq davr mobaynida natija (mukofot) qo‘lga kiritilmasligini tobora qiyinroq qabul qila boshlasa, ushbu vaziyat endi faqat qaysidir alohida shaxsning emas, balki ushbu shaxslar birgalikda guruh sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan salmoqli ilmiy-tadqiqot va texnologik loyihalarning samaradorligiga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi.
Shuning uchun ilm-fandagi fundamental tadqiqotlar, tibbiy dori vositalarini yaratish, yangi kimyoviy materiallar, energetika sohasidagi yangi texnologiyalari va uzoq eksperimental davriylikni talab qiladigan shu kabi sohalar boshqalar sohalarga nisbatan ko‘roq zarar ko‘rishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotdagi innovasion faoliyat qisqa texnologik sikllarga, tez ishlab chiqiladigan va natijasi tezda kuzatiladigan yechimlarga qarab og‘ib borish ehtimoli oshadi.
Murakkab tizimlarni boshqarish. Muammoning eng keng ko‘lami bugun qabul qilingan qarorning oqibatlari yillar yoki hatto o‘nlab yillardan keyin namoyon bo‘ladigan sohalarda kuzatiladi. Infratuzilma, tibbiyot, energetika, ekologiya, xavfsizlik va ko‘plab davlat ahamiyatiga ega tizimlari hozir resurs sarflab, natijasiga bugungi insonning o‘zi shaxsan hech qachon guvoh bo‘lmasligi mumkin bo‘lgan kelajak uchun investisiya kiritish qobiliyatini talab qiladi.
Agar uzoq kutishning sub’yektiv qiymati oshib borsa, qisqa muddatli natija muntazam ravishda uzoq muddatli natijadan ustun qo‘yila boshlaydi. Natijada xavf faqat ayrim noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishida emas, balki samarasi vaqt jihatidan juda kech namoyon bo‘ladigan jarayonlarga surunkali ravishda yetarli darajada investisiya kiritilmasligida namoyon bo‘ladi.
Maqola so‘ngida shuni aytmoqchimiz-ki, bugungi maktab o‘quvchilarining natijalari, jumladan, texnologiyalarning hayotimizga kirib kelishi oqibatlarini tashuvchi qatlamdir. O‘zimizning avlod ham, tan olib aytadigan bo‘lsak, hozir o‘qib turganingiz kabi uzun matnlarni o‘qish ko‘nikmasini ancha yo‘qotib qo‘ygan avlodmiz, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Ijtimoiy tarmoqlarda, biror-bir maqola uzun ekanini ko‘rishimiz bilan uni pastga qarab tezda o‘tkazib yuboramiz. Bu o‘zgarishlarni avvalo o‘zimizda ko‘rishimiz mumkin. Shuning uchun farzandlarimiz yoki nabiralarimiz bizdan boshqacha bo‘lishini kutish biroz g‘alati.
Laziz Xo‘jaqulov
Xalq ta’limi vazirligi ta’lim sifati departamenti sobiq direktori
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
2031-yilgacha barcha maktab darsliklari yangi alifboga o‘tkaziladi — vazir o‘rinbosari
В Ташкенте изучается потребность в школьных автобусах
Директора школы арестовали после распределения учебных часов
В школах будут организованы новые кружки, участие в них будет бесплатным
Тематические новости
Политика образования
O‘zbekistonning PISA 2025 xalqaro tadqiqotidagi natijalari e’lon qilindi
O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rtacha natijasi 438 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich OECD mamlakatlari o‘rtacha natijasi — 482 balldan 44 ball past. Biroq O‘zbekistonning PISA 2022-yildagi tabiiy fanlar natijasi bilan taqqoslaganda o‘sish juda katta bo‘lgan: +83 ball. Shu sababli, OECD O‘zbekistonni 2022–2025-yillar oralig‘ida tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi oshgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.
Новости
“PISA tadqiqotiga prezident maktablarini qo‘shishni O‘zbekiston tomon so‘ragan” — Andreas Shlyayxer
Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblangandi. Bu ayblovlar PISA 2025 tadqiqotida barcha prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlangandi.
Политика образования
“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblandi. Bu ayblov PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablari “tasodifiy” tanlab olinganligi bilan izohlangan.
Новости
Стало известно количество школ из Узбекистана, которые примут участие в исследовании PISA 2025
Планируется, что в нем примут участие 2,29% всех школ
Русский
Редактировать комментарий