Top.Mail.Ru
O‘zbekistonda tennisni maktabdan boshlab ommalashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

O‘zbekistonda tennisni maktabdan boshlab ommalashtirishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi

15:28 / 25.09.2026 61

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi “Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-347-sonli qarori bilan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tennisni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.


Qarorda tennis sport turini ommalashtirish maqsadida yoshlar orasida tennisga qiziqishni oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni professional sportchi sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. 


Buning uchun sport infratuzilmasini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va tennis bo‘yicha mashg‘ulotlarni tizimli tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.


Hujjatdagi eng muhim yangiliklardan biri maktablar bilan bog‘liq. Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturi joriy etiladi. Mazkur dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.


Dastur doirasida, 1–4-sinf o‘quvchilarining jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishini shakllantirishga qaratilgan boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni tennis maktab o‘quvchilari uchun faqat alohida sport to‘garagi sifatida emas, balki boshlang‘ich sinflardagi jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari orqali ham tanishtiriladi.

Biroq, mazkur dastur barcha maktablarda bir xil shaklda joriy qilinmaydi. 


O‘quvchilarning tennisga qiziqishi va maktabdagi mavjud sport infratuzilmasiga qarab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tanlab olinadi. Tanlangan maktablarda tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi.


Ushbu seksiyalarni kim yuritishi ham qarorda aniq belgilangan. Mashg‘ulotlar tanlab olingan umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi. Shunday qilib, maktabdagi tennis mashg‘ulotlari sport maktablari bilan bog‘langan holda tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.


Tennis uchun maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash ham ko‘zda tutilmoqda. Dasturda umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi mavjud tennis infratuzilmasini xatlovdan o‘tkazish, tegishli maktablarni tanlab olish va ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash ham nazarda tutilgan.


Xususan, tanlab olingan maktablarda tennis bo‘yicha sport seksiyalarini tashkil etish, sport inventarlari bilan ta’minlash hamda “tennis wall” moslamalari bilan jihozlash belgilangan. Ushbu ishlar 2026–2027-yillarda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.


Dasturga ko‘ra, “Juniors Tennis Initiative”ni ishlab chiqish ishlari ham 2026-yilning o‘zida boshlanadi. 2026-yil noyabr–dekabr oylarida dastur loyihasini ishlab chiqish jarayoniga mutaxassislarni jalb etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va shu asosda dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan. 


Shu davrda tennis bo‘yicha sport infratuzilmasi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham xatlovdan o‘tkaziladi. Keyingi bosqichda xatlov natijalariga ko‘ra maktablar tanlab olinib, ularda tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi. Dasturda tanlangan maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, sport inventarlari bilan ta’minlash va “tennis wall” moslamalari bilan jihozlash ham nazarda tutilgan.


Yangi tizim faqat tennisga qiziqadigan o‘quvchilarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Qarorda tennis sport turi bo‘yicha milliy terma jamoalarni shakllantirish uchun zarur tayyorgarlikni ko‘rish, xalqaro musobaqalarda qatnashadigan sportchilarni tayyorlash va buning uchun tegishli sport infratuzilmasini rivojlantirish ham belgilangan. Shu ma’noda maktablarda boshlanadigan mashg‘ulotlar tennis bo‘yicha keyingi sport tayyorgarligining dastlabki bosqichlaridan biri sifatida ko‘zda tutilgan.


Qaror bilan 2030-yilgacha tennis bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 3 ming nafarga, tennis bo‘yicha trenerlar sonini esa 200 nafarga yetkazish, O‘zbekistonning tennis sporti bo‘yicha Osiyoda top-5 talikka kirishi va tennisni istiqbolli sport turlari qatoriga kiritish choralari ko‘rilishi belgilangan.


Maktablar uchun belgilangan vazifalar ana shu katta maqsadlarning boshlang‘ich nuqtalaridan biri bo‘lib ko‘rinadi. Chunki qarorda 1–4-sinf o‘quvchilarining jismoniy tarbiya darslaridan boshlab tennisga qiziqishni shakllantirish, keyinchalik tanlab olingan maktablarda sport seksiyalarini tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash mexanizmi belgilangan.


Hujjatda ushbu yo‘nalishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga ham aniq vazifa yuklatilgan. Vazirlik O‘zbekiston tennis federatsiyasi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturini joriy etishi kerak.


Qarorning ijrosini ta’minlash doirasida esa maktablarda tennis infratuzilmasini o‘rganish, dastur uchun mos ta’lim tashkilotlarini tanlash, sport seksiyalarini tashkil etish va ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash kabi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Natijada tennisni maktab yoshidan boshlab ommalashtirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni keyingi bosqichdagi sport tayyorgarligiga yo‘naltirishga qaratilgan tizim shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Физическая культура

Поделиться