Trend ortidan ergashayotgan o‘quvchilar: taqiqmi yoki media savodxonlik?
Trendda bo‘lish bugungi kunda deyarli har bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi orasida ommalashgan tushunchaga aylanib ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda birgina video yoki chaqiriqning minglab va hatto millionlab kuzatuvchilar e’tiborini tortishi, ayniqsa, yoshlar va maktab o‘quvchilarini ham ushbu jarayonning faol ishtirokchisiga aylantirmoqda.
Biroq, ommalashgan har bir harakat ham foydali, har bir yangilik ham ijobiy mazmunga ega emas. Shu bois o‘quvchilar orasida keng tarqalayotgan trendlarni shunchaki zamonaviylik belgisi sifatida emas, balki ta’lim-tarbiya va ijtimoiy mas’uliyat bilan bog‘liq muhim masala sifatida tahlil etish zarurdir, balki.
Bundan 6 oycha avval maktab o‘quvchilari, bitiruvchilar va hatto o‘qituvchilar ishtirokida ijobiy mazmundagi bir chaqiriq ommalasha boshlagandi. Uning mazmuni shunday edi: bir o‘quvchi qo‘lida smartfon bilan ijtimoiy tarmoqlarni “kezayotgan” bo‘ladi. Qolgan o‘quvchilar esa ijtimoiy tarmoqlar ramzi sifatida uning atrofida turib, turli ilovalar logotiplari tushirilgan suratlarni ko‘tarib olishadi.
Ilovalarga ulangan ramziy bog‘ichlar esa ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan o‘quvchiga ham bog‘lanadi. Birozdan so‘ng o‘qituvchi kelib, bog‘ichlarni qaychi bilan kesadi va shu orqali o‘quvchini kitob o‘qishga chorlaydi. Bu trend ijtimoiy tarmoqlarda qisqa muddat “yashagan” bo‘lsa-da, o‘quvchilar orasida tarqalgan boshqa ko‘plab reelslarga nisbatan mazmunli va foydali chaqiriq edi.
Keling, endi e’tiborimizni virus kabi tarqaladigan, biroq mazmuni va oqibatlari bilan jiddiy mulohaza talab etadigan trend videolarga qaratamiz. Kimdir sinfxonaning yog‘och poliga ruchka otib, uni tasvirga oladi va ijtimoiy tarmoqqa joylashtiradi. Boshqalar esa bu harakatni ko‘r-ko‘rona takrorlaydi.
Yana kimdir sinfdoshini kamsitish, boshqasi esa ustoziga nisbatan behurmatlik qilish orqali e’tibor qozonishga urinadi. Bunday holatlarning ko‘pchiligi “prank” uslubi orqali ham ommalashmoqda. Aslida, ta’lim maskanlarida o‘qituvchi va o‘quvchilarning sha’ni, qadr-qimmati hamda ruhiy holatiga zarar yetkazadigan bunday harakatlarga jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Bugunga kelib, ko‘pchilik blogerlar tayyorlayotgan kontentining mazmuni va oqibatini tahlil qilib ko‘rishdan ko‘ra, uning ko‘rishlar soni va “layk” to‘plashiga ko‘proq e’tibor qaratishmoqda. Bunday vaziyatda o‘quvchilar orasida keng tarqaladigan jarayonlarga befarqlik, jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bu masalaga ota-onalar, pedagoglar, hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar alohida e’tibor qaratishi, har bir o‘quvchining virtual olamdagi xatti-harakatlari va axborotga munosabatini hamkorlikda shakllantirishi zarur.
O‘quvchilarga maktabda telefon ishlatishni yoki umuman olib kelishni taqiqlashning o‘zi to‘liq yechim bo‘lolmasligi mumkin. Sababini esa maktablarda joriy etilayotgan turli taqiqlar hamda o‘quvchilar orasida tarqalayotgan videolar mazmuni orqali ham anglash qiyin emas.
Muammoning yechimi esa o‘quvchilarda axborotni ongli qabul qilish, uning mazmunini tahlil etish, foydali va zararli jihatlarini farqlash ko‘nikmalarini shakllantirishdadir.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham yaqindagina Samarqandda o‘tkazilgan “Bolalar farovonligiga sarmoya” butun jahon sammiti doirasida “Gazeta” muxbiri bilan suhbatida voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonunan cheklash masalasiga to‘xtalar ekan, muammoga faqat qonunchilik nuqtayi nazaridan yondashish yetarli emasligini aytdi.
Vazirning ta’kidlashicha, bolalarning internetdan foydalanishini cheklash bo‘yicha barcha davlatlarda birdek samara beradigan yagona yechim mavjud emas. Qonunchilik choralari bilan bir qatorda, tashkiliy ishlar va bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish imkoniyatlarini qamrab olgan keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarur.
“Qonun qabul qilinsa, ertasigaroq barcha muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Hatto bunday cheklovlarni joriy etgan davlatlarda ham masala to‘liq yechilgani yo‘q. Ekspertlar birgalikda ishlab, keng qamrovli dastur tayyorlashi kerak”, - deydi Sherzod Shermatov.
Bu borada xorijiy tajribalar ham muhim xulosalarni taqdim etmoqda. Xususan, Islandiyada o‘tkazilgan yirik tadqiqot maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashning o‘zi o‘smirlarning ruhiy salomatligini yaxshilash uchun yetarli emasligini ko‘rsatib berdi.
70 ta maktabda tahsil olgan 13–15 yoshli o‘smirlarning ma’lumotlari tahlil qilingan tadqiqotda telefon cheklovlari depressiya va xavotir alomatlarini kamaytirshga yordam berolmagani ma’lum bo‘ldi. Tadqiqotchilar telefon taqiqlangan maktablarda o‘quvchilarning kunlik telefon ekranidan foydalanish vaqti ham sezilarli o‘zgarmaganini qayd etgan.
Ularning fikricha, faqat telefonlarni taqiqlash bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun maktablarda o‘quvchilarni himoya qilish, ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash va turli muammolarning oldini olishga qaratilgan boshqa choralar ham ko‘rilishi kerak.
Yuqorida keltirilgan misollarning barchasi muammoni faqat taqiq bilan hal etib bo‘lmasligini, balki o‘quvchilarda raqamli savodxonlikni oshirish, ularning psixologik holatiga e’tibor qaratish va sog‘lom ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ta’lim muassasalarida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati, axborot xavfsizligi va media savodxonlikka bag‘ishlangan maxsus dars soatlarini joriy etish, zarurat tug‘ilganda esa ushbu yo‘nalishda o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish masalasini ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
To‘g‘ri ayni paytda media savodxonlik va axborot madaniyatiga oid o‘quv-uslubiy materiallar mavjud bo‘lishi mumkin, lekin ularning ta’lim jarayonini qay darajada qamrab olayotgani, o‘quvchilar uchun amaliy ahamiyati va kundalik hayot bilan bog‘liqligi so‘roq ostida.
Shu bois, bu yo‘nalishda alohida o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqilsa, o‘quvchilarda har qanday ommalashayotgan harakatlarga ko‘r-ko‘rona ergashmaslik, uning oqibatlarini oldindan baholay olish va mustaqil qaror qabul qilishni o‘rgatishda muhim tayanch nuqta bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Тематические новости
Исследование
Maktablarda telefonni taqiqlash o‘smirlar ruhiy salomatligini yaxshilashga yordam bermadi — tadqiqot
Islandiyada o‘tkazilgan yirik tadqiqot maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashning o‘smirlar ruhiy salomatligiga ta’sirini baholadi. Tadqiqot natijalarga ko‘ra, bunday cheklovlar ham o‘smirlarda depressiya va xavotir alomatlarini kamaytirolmagan.
Новости
O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning tarmoqlardan foydalanishini cheklash reja qilinyapti. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Новости
Казахстан также намерен запретить социальные сети для детей
Министерство культуры и информации Казахстана разработало законопроект, запрещающий доступ детей и подростков младше 16 лет к социальным сетям.
Новости
Yana ikkita mamlakat hukumati bolalarga ijtimoiy tarmoqni taqiqlamoqchi
Endilikda Malayziya hamda Daniya hukumati ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.
Русский
Редактировать комментарий