Maktablarda telefonni taqiqlash o‘smirlar ruhiy salomatligini yaxshilashga yordam bermadi — tadqiqot
Islandiyada o‘tkazilgan yirik tadqiqot maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashning o‘smirlar ruhiy salomatligiga ta’sirini baholadi. Tadqiqot natijalarga ko‘ra, bunday cheklovlar ham o‘smirlarda depressiya va xavotir alomatlarini kamaytirolmagan.
So‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarida maktab o‘quvchilarining smartfonlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan choralar kuchaymoqda. Bunday qarorlar, asosan, o‘quvchilar diqqatini darsga qaratish va ularning ruhiy salomatligini himoya qilish maqsadida qabul qilinmoqda.
Biroq Islandiyada o‘tkazilgan tadqiqot maktablarda telefonlarni taqiqlashning o‘zi o‘smirlar ruhiy salomatligini yaxshilash uchun yetarli emasligini ko‘rsatdi.
Tadqiqot natijalari 2026-yil 27-oktabr kuni JAMA Network Open ilmiy jurnalida e’lon qilindi. Unda 70 ta maktabda tahsil olgan 13–15 yoshli o‘smirlarning 23 938 ta kuzatuv ma’lumotlari tahlil qilingan. Bunda olimlar “Youth in Iceland” (Islandiya yoshlari) milliy so‘rovnomasi doirasida 2016, 2018 va 2023-yillarda to‘plangan ma’lumotlardan foydalangan.
Tadqiqotga jalb qilingan 70 ta maktabning 22 tasida 2018–2023-yillar oralig‘ida o‘quvchilarning maktab vaqtida telefondan foydalanishi to‘liq taqiqlangan. Bunday maktablarda o‘quvchilar telefonlarini uyda qoldirishi yoki maktabda maxsus joyda saqlashi talab qilingan.
Qolgan maktablarda esa cheklovlar nisbatan yumshoqroq bo‘lib, telefonlardan dars vaqtida foydalanish taqiqlangan, ammo tanaffuslarda ularni ishlatishga ruxsat berilgan.
Tadqiqotchilar telefonlardan foydalanish cheklangan va bunday taqiq joriy etilmagan maktablardagi o‘zgarishlarni taqqoslagan. Bunda depressiya, xavotir, tajovuzkorlik, ruhiy farovonlik, tengdoshlar qo‘llab-quvvatlashi, kiberbulling va ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqt kabi ko‘rsatkichlar o‘rganilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, maktablarda telefondan foydalanishni taqiqlash o‘smirlarda depressiya va xavotir alomatlarining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lmagan.
Telefon taqiqlangan maktablarda o‘qiydigan o‘quvchilarda depressiya va xavotir alomatlari kamaymagan. Ularning ruhiy holati ham telefon taqiqlanmagan maktablardagi tengdoshlarinikidan sezilarli darajada farq qilmagan. Qizlar va o‘g‘il bolalar alohida tahlil qilinganda ham natijalar umumiy xulosadan deyarli farq qilmagan.
Shuningdek, telefonlardan foydalanishni cheklash o‘quvchilarning tengdoshlaridan oladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashi, kiberbulling va an’anaviy bulling holatlariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.
Tadqiqotchilar telefon taqiqlangan maktablarda o‘quvchilarning kunlik telefon ekranidan foydalanish vaqti ham sezilarli o‘zgarmaganini qayd etgan.
Nega taqiqining o‘zi yetarli emas?
Olimlarning fikricha, o‘smirlarning ruhiy salomatligiga ta’sir qiluvchi omillar ko‘p. Maktabda telefondan foydalanishni cheklash chalg‘ishlarni kamaytirishi mumkin, ammo bu choraning o‘zi bulling, ijtimoiy munosabatlar, ruhiy bosim va boshqa muammolarni bartaraf etmaydi.
Tadqiqotchilar fikricha, faqat telefonlarni taqiqlash bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun maktablarda o‘quvchilarni himoya qilish, ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash va turli muammolarning oldini olishga qaratilgan boshqa choralar ham ko‘rilishi kerak.
Jumladan, maktablarda bullingning oldini olish dasturlari, raqamli savodxonlikni oshirish, sog‘lom ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish va o‘quvchilarning psixologik ehtiyojlariga e’tibor qaratish muhim.
Mazkur natijalar maktablarda telefondan foydalanishni cheklash umuman foydasiz degani emas. Tadqiqotda dars jarayonidagi diqqat, o‘quvchilarning akademik natijalari, o‘qituvchilarning ish yuklamasi yoki dars intizomi bevosita baholanmagan.
Tadqiqotda bir xil o‘quvchilar bir necha yil davomida kuzatilmagan. Buning o‘rniga, turli yillarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari taqqoslangan. Shu sababli tadqiqot natijalari har bir bolaning ruhiy holatida vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgarish yuz berganini aniq ko‘rsatmaydi.
Shuningdek, tadqiqotda maktablarda telefon taqiqiga amalda qanchalik rioya qilingani, ya’ni o‘quvchilar taqiqni qay darajada bajargani ham aniq baholanmagan.
Tadqiqotning asosiy xulosasi shundan iboratki, maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashning o‘zi o‘smirlarning ruhiy salomatligini yaxshilash uchun yetarli emas. Bu borada kompleks yondashuv va qo‘shimcha profilaktik choralar talab etiladi.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi
Тематические новости
Новости
O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning tarmoqlardan foydalanishini cheklash reja qilinyapti. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Новости
Казахстан также намерен запретить социальные сети для детей
Министерство культуры и информации Казахстана разработало законопроект, запрещающий доступ детей и подростков младше 16 лет к социальным сетям.
Новости
Yana ikkita mamlakat hukumati bolalarga ijtimoiy tarmoqni taqiqlamoqchi
Endilikda Malayziya hamda Daniya hukumati ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.
Статья
O‘zbekiston maktablarida mobil telefonlardan foydalanish 13 yil avvalgi norma bilan tartibga solinmoqda
O‘zbekiston Hukumati ta’lim muassasalarida mobil telefondan foydalanishning yangi tartibini joriy qilish bo‘yicha yangi taqiqlar joriy etishni o‘ylab ko‘rganicha yo‘q.
Русский
Редактировать комментарий