Top.Mail.Ru
Dars soatlari elektron platforma orqali taqsimlanadi. Pedagoglar bundan nima kutmoqda?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Dars soatlari elektron platforma orqali taqsimlanadi. Pedagoglar bundan nima kutmoqda?

11:50 / 20.11.2026 241

Maktablarda dars soatlarini taqsimlashni elektron platformaga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Yangi tartib 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Tashabbus pedagoglar tomonidan ijobiy qarshi olinmoqda. Biroq o‘qituvchilar tizim haqiqatan ham adolatni ta’minlashiga hozircha to‘liq ishonmayapti.


Har yili yangi o‘quv yili arafasida maktablarda dars soatlari bilan bog‘liq bir xil muammolar yuzaga keladi: ayrim o‘qituvchilarga ortiqcha dasr soati berilsa, boshqalari hatto bir stavkaga ham yetadigan soat ololmaydi. Taqsimotning qanday mezonlar asosida amalga oshirilayotgani esa ko‘p hollarda ochiq qoladi.


2026-yil 10-noyabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida dars soatlarini taqsimlash hamda direktor jamg‘armasi bilan bog‘liq hujjatlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. 


Taklifga ko‘ra, yangi tizimda pedagoglarning diplomi, malaka toifasi va sertifikatlari inobatga olinadi. Soatlar elektron platforma orqali avtomatik taqsimlanib, natijalar pedagogik kengashda ko‘rib chiqiladi va elektron shaklda tasdiqlanadi. Shuningdek, murojaatlarni o‘rganish va audit mexanizmi ham nazarda tutilmoqda.


Pedagoglar fikrini o‘rganish maqsadida xalqtaliminfo.uz Telegram kanalida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda 2790 nafar pedagog ishtirok etdi. Ularga maktablarda dars soatlarini taqsimlashda qanday muammolar va korrupsiya xavflari mavjudligi haqida savol berildi. Ishtirokchilar bir nechta javobni tanlash imkoniga ega bo‘lgani sababli jami 6311 ta ovoz qayd etildi.


Natijalar amaldagi tizimdagi asosiy muammo inson omili ekanini ko‘rsatmoqda. Ishtirokchilarning 42 foizi dars soatlari asosan direktor yoki uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan taqsimlanishini qayd etgan. 35 foiz pedagog taqsimotning raqamlashtirilmaganini, 26 foizi esa amaldagi nizom talablari buzilishini muammo sifatida ko‘rsatgan.


Shuningdek, pedagoglarning ish staji va tajribasi yetarlicha hisobga olinmasligi, bir xil malaka toifasidagi o‘qituvchilar o‘rtasida soatlar qanday taqsimlanishi aniq emasligi ham ko‘p tilga olingan.


Elektron platformaga ishonch bormi?


So‘rovnoma va uning ostidagi izohlar shuni ko‘rsatadiki, pedagoglar elektron taqsimot tizimini, avvalo, tanish-bilishchilik va subyektiv qarorlarni kamaytirish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Ko‘pchilik yangi mexanizm dars soatlarini adolatli taqsimlashiga umid qilmoqda.


Ammo bunga shubha bilan qarayotganlar ham bor. Xususan, avtomatik taqsimlangan natijalar pedagogik kengashda tasdiqlanishi ayrim o‘qituvchilarni xavotirga solmoqda. Ularning fikricha, yakuniy qarorga inson omili aralashadigan bo‘lsa, elektron platformaning o‘zi adolatsizlikka to‘liq barham bera olmaydi.


Yana bir muhim masala — maktabga yangi xodimlarni ishga qabul qilish vakolati. Pedagoglarning fikricha, agar bu vakolat direktorlar qo‘lida qolaversa, dars soatlarini elektron taqsimlashdan kutilgan natijaga erishish qiyin. Chunki ayrim maktablarda mavjud o‘qituvchilarning yuklamasi yetarli bo‘lmasa-da, yangi xodimlar ishga olinayotgani haqida e’tirozlar bildirilmoqda.


Dekret ta’tilidan qaytgan o‘qituvchilarning dars yuklamasi ham muhokamadagi masalalardan biri bo‘ldi. Ayrim pedagoglar ta’til davrida ularning o‘rniga doimiy xodim ishga olinishi, natijada o‘qituvchi qaytgach, avvalgi dars soatlarini ololmay qolayotganini ta’kidlagan.


Staj muhimmi yoki malaka toifasi va sertifikat?


Muhokamadagi eng bahsli masalalardan biri dars soatlarini taqsimlashda qaysi mezonga ustuvorlik berish kerakligi bo‘ldi. Bir guruh pedagoglar ko‘p yillik tajriba va ish staji asosiy mezonlardan biri bo‘lishi kerakligini hisoblaydi. Ularning fikricha, maktabda 15–20 yil ishlagan o‘qituvchi bilan endigina ish boshlagan pedagogga bir xil sharoit yaratish adolatli emas.


Boshqa tomon esa stajning ko‘pligi har doim ham yuqori pedagogik mahoratni anglatmasligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, malaka toifasi va xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilarga ustuvorlik berilishi lozim.


Shu bilan birga, faqat diplom, toifa yoki sertifikatga qarab xulosa chiqarish ham to‘g‘ri emasligi aytilmoqda. Pedagoglar orasida toifasi yuqori bo‘lsa-da, dars o‘tish va sinfni boshqarishda qiynaladigan, aksincha, toifasi unchalik yuqori bo‘lmasa ham, yaxshi natija ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar borligi qayd etilgan.


Demak, yangi tizimda faqat rasmiy hujjatlarga emas, pedagogning amaliy faoliyati va dars berish mahoratiga ham e’tibor qaratish masalasi ochiq qolmoqda.


Pedagoglar qanday takliflarni ilgari surmoqda?


Muhokama davomida o‘qituvchilar faqat dars soatlarini emas, direktor jamg‘armasi va turli ustamalarni taqsimlash jarayonlarini ham raqamlashtirish kerakligini bildirdi. 


Xususan, Vazirlar Mahkamasining 823-sonli qarori asosida beriladigan ustamalarni aniq mezonlar, tasdiqlovchi hujjatlar va elektron baholash orqali amalga oshirish taklif qilindi.


Bundan tashqari, pedagogik mahoratni baholashda o‘quvchilar natijalari, dars tahlillari, metodik ko‘nikmalar va o‘quvchilar fikrini ham inobatga olish takliflari bildirildi. Biroq bu mezonlar sun’iy natijalar shakllanishiga sabab bo‘lmasligi kerakligi haqida ham e’tirozlar bor.


Yana bir taklif — avvalo, barcha o‘qituvchilarga kamida bir stavka dars soati ajratish, qolgan yuklamani esa belgilangan ustuvorliklar asosida taqsimlash. Ayrim pedagoglar dars stavkasini kamaytirish va o‘qituvchilar maoshini oshirish masalasini ham ko‘targan.


Hali javobini kutayotgan savollar ko‘p


Umuman olganda, pedagoglar elektron taqsimot tizimining joriy etilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq ularning asosiy talabi — platforma shunchaki dars soatlarini hisoblaydigan vosita bo‘lib qolmasligi, balki taqsimotdagi inson omili va manfaatlar to‘qnashuvini ham cheklashi kerak.


Buning uchun bir qator masalalarga aniqlik kiritish zarur: pedagogik kengash avtomatik taqsimot natijasini o‘zgartira oladimi, yangi xodimlarni ishga olish vakolati kimda qoladi, bir xil toifadagi o‘qituvchilar o‘rtasida soatlar qanday taqsimlanadi va dekret ta’tilidan qaytgan pedagoglarning yuklamasi qanday kafolatlanadi?


Shuningdek, nizom talablari buzilgan taqdirda o‘qituvchi qayerga murojaat qilishi va uning shikoyati qanday tartibda ko‘rib chiqilishi ham muhim.


Ushbu savollarga javob olish maqsadida bugun, 20-noyabr kuni soat 19:00 da xalqtaliminfo.uz Telegram kanalida Ta’lim va ilm-fan vazirligi bilan hamkorlikda ovozli chat tashkil etiladi. 


Unda vazirlikning O‘quv jarayonlarini metodik ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Almardanov ishtirok etadi.

Комментарии 1

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Распределение уроков

Поделиться

line

Тематические новости

Новости

Maktablarda dars soatlarini taqsimlash va direktor jamg‘armasidan ustama belgilash tartibi avtomatlashtiriladi

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida umumta’lim maktablarida dars soatlarini taqsimlash hamda direktor jamg‘armasi faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

17:50 / 10.11.2026
You asked

O‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayaptimi?

Yangi o‘quv yili oldidan maktablarda dars soatlarini taqsimlash jarayonida pedagoglar orasida savollar ko‘paymoqda. Xalqtaliminfo.uz’ga kelib tushayotgan murojaatlarda aytilishicha, bu yil ayrim maktablarda o‘qituvchilarga 20 soatdan ortiq dars berilmayapti. 20 soatdan ortib qolgan dars soatlari esa o‘qituvchilarga berilmay, vakant sifatida ko‘rsatilmoqda.

17:38 / 17.08.2026
You asked

Dars soatlari taqsimoti qonuniy va adolatli amalga oshirilganmi?

Biz, 1-toifali ikki nafar yosh o‘qituvchi, ko‘proq dars soati olishni so‘rashimiz mumkinmi? Shuningdek, ikkovimizda ona tili fanidan milliy sertifikat ham mavjud. Direktorimiz esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ona tili fanidan olgan milliy sertifikati dars soatlarini taqsimlashda hech qanday ta’sir qilmasligini va uni inobatga olmasligini aytmoqda.

13:25 / 06.10.2026
You asked

O‘qituvchi bir nechta ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, ko‘proq dars oladimi?

Dars taqsimotida milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat birinchi va ikkinchi malaka toifasiga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda o‘qituvchi belgilangan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.

23:43 / 28.09.2026