Top.Mail.Ru
O‘zbekistond 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishning huquqiy asoslari belgilanmoqda

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

O‘zbekistond 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishning huquqiy asoslari belgilanmoqda

10:00 / 18.11.2026 1.36k

2025-yil 8-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotda 12 yillik ta’limga o‘tish haqida so‘z borgandi.


Bunda maktablar 12 yillik ta’limga o‘tmasligi, balki bog‘chalardagi maktabga tayyorlov guruhlari tizimini maktab ta’limiga qo‘shib yuborish hisobiga 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tilishi reja qilingandi.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-19-son Farmonida ham 12 yillik ta’lim haqida so‘z borgan.  Farmon bilan bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishi, bunda:


  • bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshirilishi;


  • maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.


Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab:


  • maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib borilishi;


  • maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilib, ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etilishi nazarda tutilgan.


12 yillik ta’lim bosqichlari quyidagicha bo‘lishi taklif etilgan:


  • bir yillik maktabga tayyorlov va va 4 yillik boshlang‘ich ta’lim;


  • 5 yillik tayanch umumiy o‘rta ta’lim (5−9 sinflar);


  • 2 yillik umumiy o‘rta ta’lim (maktab, akademik litsey, harbiy maktablar, texnikumlar).


Biroq, “Ta’lim to‘g‘risida” hamda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunlarga hech qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmagandi. 


2026-yil 17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida maktabgacha va maktab ta’limi tizimlari o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.


Qonun loyihasiga muvofiq, bir yillik maktabga tayyorlov umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilanmoqda. Ya’ni, bolalarning maktabga bir yil davomida tayyorlanishi majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimining tarkibiy qismiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.


Buning uchun “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.


Xususan, qonun loyihasida bir yillik majburiy maktabga tayyorlovni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etish, shuningdek, bolalarning ushbu tayyorlovdan o‘tish huquqini kafolatlash nazarda tutilgan.


Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirishlar maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirish hamda ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.


Shuningdek, ushbu tartibni joriy etish orqali O‘zbekiston ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, mamlakatning xalqaro miqyosdagi ta’lim mavqeini oshirish va fuqarolar uchun xorijiy davlatlarda o‘qish faoliyatini davom ettirishda qulay sharoit yaratish maqsadi qo‘yilgan. Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Ma’lumot uchun: O‘zbekiston 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish orqali ta’lim bosqichlarini YUNESKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasi bilan muvofiqlashtirishni maqsad qilmoqda.


ISCED-2011 — bu ta’lim tizimlarining bir xil mezonlar asosida tasniflanish va solishtirilish uchun dunyo miqyosida qabul qilingan ramkadir. U davlatlar ta’lim tizimlarining darajalari va ularni bitirganlik darajasini xalqaro miqyosda taqqoslashga xizmat qiladi.


Ammo, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritib, YUNESKOning (ISCED-2011) xalqaro darajasiga qay tarzda muvofiqlashtirish mumkinligiga to‘liq izoh berilgani yo‘q.


Xalqaro tajribada abituriyentlarning oliy ta’limga qabul qilinishida ISCED-2011 tasnifiga muvofiq boshlang‘ich, quyi o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlarining to‘liq yakunlanganligi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Bunda:


  • ISCED-1 — boshlang‘ich;


  • ISCED-2 — quyi o‘rta;


  • ISCED-3 — yuqori o‘rta hisoblanadi.


O‘zbekiston amaliyotga qo‘llamoqchi bo‘layotgan tizim, ya’ni  bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limga kiritish ISCED-1 talablariga mos tushmasligi mumkin, chunki maktabgacha ta’lim va maktabga tayyorlov dasturlari — ISCED-0 darajasiga to‘g‘ri keladi. 


ISCED-2011 tasnifiga ko‘ra, maktabga tayyorlov (pre-primary education) alohida bosqich — ISCED-0 sifatida qabul qilingan.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ISCED-1 (primary), ISCED-2 (lower secondary), ISCED-3 (upper secondary) bosqichlari umumiy 12 yillik maktab ta’limini o‘z ichiga qamrab olgan. Bunga oliy ta’limga kirish uchun asosiy va keng tarqalgan mezon sifatida qaraladi.

Комментарии 0

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Политика образования

Поделиться