Top.Mail.Ru
Dars soatlari taqsimoti qonuniy va adolatli amalga oshirilganmi?

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

Dars soatlari taqsimoti qonuniy va adolatli amalga oshirilganmi?

13:25 / 06.10.2026 248

Savol

Maktabimizda jami 20 ta boshlang‘ich sinf mavjud bo‘lib, boshlang‘ich sinflarda 31 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. O‘qituvchilar tarkibi va ularga ajratilgan dars soatlari quyidagicha: 


1-toifali o‘qituvchilar — 3 nafar. Ulardan 1 nafari pensioner bo‘lib, unga 19 soat dars berilgan. Qolgan 2 nafar 1-toifali o‘qituvchiga esa bundan kamroq soat ajratilgan. 2-toifali o‘qituvchilar — 8 nafar.


Ulardan 1 nafari pensioner bo‘lib, unga 6 soat dars berilgan. Qolgan 7 nafar o‘qituvchiga 17 soatdan dars berilgan. Mutaxassis o‘qituvchilar — 9 nafar.


Ulardan 2 nafariga 15 soatdan, 1 nafariga 13 soat, 1 nafar pensioner o‘qituvchiga 10 soat, qolgan 5 nafariga esa 9 soatdan dars berilgan. Talabalar — 9 nafar. Ulardan 2 nafariga 11 soatdan, 1 nafariga 7 soat, qolgan 6 nafariga 9 soatdan dars berilgan. 


O‘rta maxsus ma’lumotga ega 1 nafar xodimga 8 soat dars berilgan. Boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha yarim stavkada ishlovchi zavuch, pensioner bo‘lib, unga 9 soat dars ajratilgan. Bundan tashqari, 5 nafar talabaga sinf rahbarligi berilgan. Ularga matematika va ona tili fanlaridan dars soatlari ajratilgan, o‘qish darslari esa boshqa o‘qituvchilarga berilgan.


Shu bilan birga, boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha tegishli diplomga ega bo‘lgan 4 nafar mutaxassisga sinf rahbarligi berilmagan, aksincha, sinflar talabalarga biriktirilgan. Bizning fikrimizcha, dars soatlari va sinflarni taqsimlashda malaka va mutaxassislik darajasi yetarlicha inobatga olinmagan bo‘lishi mumkin. 


Biz, 1-toifali ikki nafar yosh o‘qituvchi, ko‘proq dars soati olishni so‘rashimiz mumkinmi? Shuningdek, ikkovimizda ona tili fanidan milliy sertifikat ham mavjud. Direktorimiz esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ona tili fanidan olgan milliy sertifikati dars soatlarini taqsimlashda hech qanday ta’sir qilmasligini va uni inobatga olmasligini aytmoqda. 


Biz maktab rahbariyatidan 1-toifali o‘qituvchilarga dars soatlarini ko‘paytirib, maksimal 20 soatgacha ajratishni so‘raganmiz. Biroq direktorimiz bunga rozi bo‘lmayapti.


Javob

Umumta’lim muassasalarida dars soatlari “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.


Yuqoridagi koʻrsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega boʻlgan oʻqituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻqituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin boʻlgan dars soatlari boshqa oʻqituvchilarga berilishi mumkin. 


Oʻqituvchi belgilangan koʻrsatkichlarning bir nechtasiga ega boʻlganda, koʻrsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi. Boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi. Bunda boshlangʻich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, oʻqish va matematika fanlaridan dars oʻtadigan oʻqituvchilarga yuklatiladi.


Yuqoridagi holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, 1-malaka toifasiga ega bo‘lgan 3 nafar pedagogda aynan bir xil koʻrsatkichlar mavjud boʻlgani uchun ular oʻrtasida dars soatlari teng taqsimlanishi lozim. Bunda pedagogning pensioner ekanligi ahamiyatsiz. Ushbu vaziyatda 3 nafar 1-malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglar boshqa pedagoglarga nisbatan maksimal dars soati olish huquqiga ega hisoblanadi.


8 nafar 2-toifali o‘qituvchilar o‘rtasida ham dars soatlari noto‘g‘ri taqsimlangan. Amaldagi tartib bo‘yicha ular o‘rtasida ham dars soatlari teng taqsimlanishi lozim. Bunda vaziyatda ham pedagogning pensioner ekanligi ahamiyatsiz. 


Shuningdek, mutaxassis o‘qituvchilar o‘rtasida ham, talabalarga ham darslar noto‘g‘ri taqsimlangan. Bunda boshqa pedagoglarga dars soatlari yetarli miqdorda ajratilmay turib, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga 9 soat dars ajratilishi “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom talablariga mutlaqo zid hisoblanadi. Shu sababli, ushbu vaziyatda nizomning 15-band, 13-xatboshida nazarda tutilganidek, maktab pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

 

Talabalarga sinf rahbarlik biriktirsh masalasi

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan sinf rahbarining lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra, maktabda asosiy ishchi sifatida ishlayotgan, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega hamda o‘quvchilar bilan ishlashda mas’uliyat bilan yondasha oladigan xodimlarga sinf rahbarlik yuklatish mumkin. Bunda boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi boshlang‘ich sinfga biriktiriladigan o‘qituvchilarga yuklatiladi.


Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga 3-ilova, “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisida”gi nizomning 8-bandiga ko‘ra, oliy taʼlim muassasasining kunduzgi, kechki, sirtqi taʼlim shakllarining pedagogika yoʻnalishlarida oʻqiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab oʻqishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumtaʼlim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin va ularga oʻrta maxsus, kasbiy maʼlumotga ega boʻlgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.


Biroq, talabalarga sinf rahbarlik biriktirish masalasida ish beruvchi boshqa bir qancha holatlarni e’tiborga olishi lozim. Ma’lumki, boshlangʻich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, oʻqish va matematika fanlaridan dars oʻtadigan oʻqituvchilarga yuklatiladi. 


Yuqoridagi vaziyatda esa, 5 nafar talabaga faqat matematika va ona tili fanlari berilib, o‘qish fani mutlaqo boshqa pedagoglarga berilgan. Bu esa qonunchilikka zid. Undan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ularga ajratilgan dars soatidan tashqari sinf rahbarining ham qo‘shimcha vazifalarini bajarishi lozim. 


Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi 190-son buyrug‘i 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining lavozim yo‘riqnomasi”da sinf rahbarining asosiy vazifalari sifatida o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi, ota-onalar va mahalla bilan hamkorlik qilish, o‘quvchilarning qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olishi belgilangan. 


Bunda maktab direktori sinf rahbarini tanlashda sinf rahbarlari zimmasiga yuklatiladigan vazifalarni amalda bajara olish imkoniyatlarini ham hisobga olishi kerak. 


“Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining lavozim yo‘riqnomasi”ning 8-bandida sinf rahbari o‘quvchilar tarbiyasi bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishi, sinf faollari ishini yo‘lga qo‘yishi, o‘quvchilarning ota-onalari bilan ta’lim-tarbiya masalalari yuzasidan suhbatlashishi va hamkorlik qilishi, pedagogik maslahatlar berishi belgilangan. 


Nizomning 9-bandida esa sinf rahbarining o‘quvchilarning ota-onalari bilan telefon orqali bog‘lanishi, ularning xulq-atvoridagi o‘zgarishlar haqida ota-onalariga xabar berishi va zarur hollarda maktab rahbariyatiga axborot kiritishi kabi majburiyatlari nazarda tutilgan. 


Agar talabalar oliygohning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bo‘lsa, ular bir vaqtning o‘zida ham sinf rahbarlik vazifalarini, ham dars soatlari hamda pedagogik yuklamasida belgilangan vazifalarni bajarishga jismonan ulgurmaydi.


Shuningdek, talabalar sinf rahbari sifatida o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan zarur darajada muloqot qila olmasa, bu uning sinf rahbari sifatidagi vazifalarini to‘laqonli bajarishga jiddiy ta’sir qiladi. Shu sababli, boshlang‘ich sinf rahbarligi talabalarga emas, aksincha boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha tegishli diplomga ega bo‘lgan mutaxassislarga berilishi lozim, deb hisoblaymiz.

 

Birinchi toifali, sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ko‘proq dars olishi mumkinmi?


Savolda keltirilishicha, maktabda 3 nafar 1-malaka toifasiga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bor, bunda bir nafar o‘qituvchi pensioner, ikki nafar o‘qituvchi esa malaka toifasidan tashqari ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatga ega. 


Bu vaziyatda 1-malaka toifasiga ega bo‘lgan 3 nafar pedagogda aynan bir xil koʻrsatkichlar mavjud boʻlgani uchun ular oʻrtasida dars soatlari teng taqsimlanishi lozim. Chunki, qonunchilikda pensioner xodimga kamroq dars ajratilsin degan norma mavjud emas. Mehnat kodeksining 4-moddasida har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega ekanligi qayd etilgan. 


Shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlangan bo‘lib, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitish hisoblanishi alohida qayd etib o‘tilgan.


Shuni alohida qayd etish lozimki, dars taqsimotida o‘qituvchining yoshi rol o‘ynamaydi. Bunda o‘qituvchining amaldagi malaka toifasi hamda u erishgan natijalariga e’tibor qaratiladi. Har qanday holatda ham o‘qituvchilarga dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida” nizom bilan belgilab berilgan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.


Bu vaziyatda ikki nafar pedagogning ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatga ega ekanligi ham inobatga olinmaydi. Chunki, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qaroriga ko‘ra, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida boshlangʻich sinflarda dars beruvchi boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga ega pedagoglarning ona tili va adabiyot fanidan olingan sertifikatlari aynan shu fandagi dars soatlari uchun amal qiladi.


Shu sababli, mazkur holatda ikki nafar o‘qituvchining ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikatga ega ekanligi ularga boshlang‘ich sinflardagi barcha dars soatlarini taqsimlashda qo‘shimcha ustuvorlik bermaydi.

Sertifikat faqat u tegishli bo‘lgan ona tili va adabiyot fanining dars soatlarini taqsimlashda inobatga olinadi. Boshlang‘ich sinfdagi ona tili va adabiyot fanini esa alohida ajratib olib, boshqa pedagogga biriktirish qonunchilikka zid.

Комментарии 1

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Распределение уроков

Поделиться

line

Тематические новости

You asked

O‘qituvchi bir nechta ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, ko‘proq dars oladimi?

Dars taqsimotida milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat birinchi va ikkinchi malaka toifasiga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda o‘qituvchi belgilangan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.

23:43 / 28.09.2026
You asked

Pensiyaoldi yoshidagi, o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagogni ishdan bo‘shatish to‘g‘rimi?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirning 2025-yil 23-oktabrdagi 398-sonli buyrug‘i bilan sinf rahbarlariga qo‘yilgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lish talabi butunlay bekor qilingan.

09:23 / 24.09.2026
You asked

“Psixologiya va pedagogika” yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar “Tarbiya” fanidan dars berishi mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qaroriga ko‘ra, “Psixologiya va pedagogika” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Tarbiya” fanini o‘qitish huquqi berilgan.

12:31 / 11.09.2026
You asked

Правильно ли изымать часы уроков «Физической культуры» в 1–4-х классах у учителей начальных классов?

Учитывая многочисленные обращения и пожелания учителей начальных классов, на основании указания заместителя Премьер-министра Республики Узбекистан начиная с 2021/2022 учебного года учителям, имеющим право преподавать по специальности «Начальное образование», было предоставлено право преподавать предмет «Физическая культура» в 1–4-х классах общеобразовательных школ.

14:45 / 09.09.2026