Top.Mail.Ru
Endilikda har yili o‘qituvchi va o‘quvchilarga sanatoriyaga 12 kunlik yo‘llanma beriladi

Endilikda har yili o‘qituvchi va o‘quvchilarga sanatoriyaga 12 kunlik yo‘llanma beriladi

17:20 / 02.08.2025 1.88k

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-iyuldagi 474-sonli qarori bilan “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. 


Unga ko‘ra, vazirlik tizimidagi dam olish maskanlariga vazirlik tizimi xodimlari, jumladan, pedagog kadrlar hamda davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining (7-14 yosh) iqtidorli o‘quvchilarini qabul qilish tartibi belgilandi.


Dam olish maskanlarida:


  • vazirlik tizimi xodimlari hamda ilg‘or pedagoglar uchun — sentyabr-may oylarida;


  • iqtidorli o‘quvchilar uchun — iyun-avgust oylarida 12 kunlik dam olish kunlari belgilanadi.


Ushbu imtiyoz barcha uchunmi?


Yo‘q, bu imtiyoz barcha uchun emas. Ushbu yo‘llanmalar faqatgina maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ilg‘or hamda iqtidorli o‘quvchilarga beriladi. 


Undan tashqari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining markaziy apparati xodimlari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Vazirlik tizimidagi respublika tashkilotlari va muassasalari rahbar va xodimlariga ham mazkur yo‘llanmalar berilishi mumkin.


Kimlar ilg‘or o‘qituvchi hisoblanadi?


  • xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;


  • o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;


  • xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, SEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, vazirlik tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);


  • asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;


  • respublika bosqichidagi ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;


  • oliy va birinchi malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari;


  • asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar ilg‘or o‘qituvchilar sifatida e’tirof etiladi.


Kimlar iqtidorli o‘quvchilar hisoblanadi? (7-14 yosh)


  • asosiy olimpiadaning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida fanlar kesimida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar;


  • mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;


  • nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan o‘quvchilar;


  • xalqaro tanlov, festival va musobaqa g‘oliblari;


  • respublika darajasidagi tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan turli ko‘rik-tanlovlar va musobaqalarning respublika bosqichi g‘oliblari iqtidorli o‘quvchilar sifatida e’tirof etiladi.


Bunda vazirlik tomonidan har bir hududda maskanlarda vazirlik tizimi xodimlarini, jumladan, pedagog kadrlar hamda iqtidorli o‘quvchilarni saralash uchun komissiyalar faoliyati tashkil etiladi.


Komissiya a’zoligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlari, hududiy “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktor­lari, kasaba uyushmalari raislari, tuman (shahar) hokimlik­laridagi maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari, ota-onalar a’zosi sifatida kiritiladi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlarining buyrug‘i asosida tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida 7 nafar a’zodan iborat tarkibda Ishchi guruhlar tuziladi.


Ishchi guruhlar saralash mezonlariga javob beradigan iqtidorli o‘quvchilar hujjatlarini har yili 1-martga qadar, Vazirlik tizimi xodimlari hamda pedagog kadrlar hujjatlarini har yili 1-avgustga qadar komissiyalar­ga o‘rganish uchun taqdim etadi.


Komissiya esa o‘z navbatida dam olish maskanlariga boradigan nomzodlarni belgilangan mezon asosida tanlab oladi va dam olish maskanlariga yo‘llanma beradi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikadagi 7 ta dam olish maskanlari pedagog kadrlar hamda iqtidorli o‘quvchilar uchun dam olish maskanlari sifatida qayta tashkil etilishi belgilangandi.


Unga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi “Respublika mehribonlik uyi”, Jizzax viloyatidagi “Lochin”, Qashqadaryo viloyatidagi “Gagarin”, Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon nafosat”, Samarqand viloyatidagi “Qaldirg‘och”, “Xumor” hamda “Yoshlik” dam olish maskanlari sifatida qayta tashkil etilgandi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Bolalar oromgohi
  • Pedagoglar oromgohi

Ulashish