Top.Mail.Ru
Ta'lim vaziri iste’fosi va PISA manipulyatsiyasi

Ta'lim vaziri iste’fosi va PISA manipulyatsiyasi

13:17 / 30.11.2025 556

2015-yilda PISA bo‘yicha Shvetsiya natijalari OECD o‘rtachasiga yaqin edi. 2006-yildan 2012-yilgacha Shvetsiya ballari pasayib ketadi, bu ko‘plab siyosiy partiyalar, jumladan Ittifoq va Sotsial-demokratik partiyalar uchun muhim muhokama nuqtasi sifatida qabul qilinadi.


2015-yilgi PISA hisobotida Shvetsiya natijalari 2006-yilda boshlanganidan beri birinchi marta yuqorilaydi. Ammo, Shvetsiyaning 2021-yilgi PISA natijalari keng muhokamalarga sabab bo‘ladi.


Buning sababi shundaki, 2021-yil bahorida Shvetsiyadagi “Expressen” gazetasi Ta’lim bo‘yicha Milliy agentlik tomonidan o‘tkazilgan PISA testlarida yuzaga kelgan muammolar haqida bir nechta maqola chop etadi.


Ya’ni, PISA so‘rovnomalari o‘tkazilayotgan vaqtda ba’zi maktablarda ko‘p sonli o‘quvchilar testdan ozod qilinadi, bu esa test natijalarini sun’iy ravishda yaxshi ko‘rsatishga olib kelgan. 


Ya’ni, agar testga qiyin yoki past natijali o‘quvchilar qo‘shilmasa, ularning past ballari umumiy natijaga ta’sir qilmaydi. Natijada, faqat yaxshi tayyorgarlik ko‘rsatgan o‘quvchilar baholansa, o‘rtacha ball yuqori ko‘rinadi va test natijalari “yaxshilangan” deb ko‘rsatiladi. Shu sababli, deputatlar tomonidan testlar asl maqsadiga xizmat qilmagan deya baholanadi.


Shundan so‘ng, Shvetsiya Demokratlari (SD) partiyasi ta’lim vaziri Anna Ekstromga ishonchsizlik e’lon qilishni taklif qilib, uni iste’foga chiqishini so‘raydilar.


Ular PISA baholashida ta’lim vazirining ayrim natijalarni “yaxshilab ko‘rsatishga harakat qilgani” haqida jiddiy shubhalar borligini aytishadi. Deputatlar buni “mamlakat bilim darajasini ataylab chiroyli ko‘rsatishga urinish” deb atashadi.


Ba’zi deputatlar vazir xalqni adashtirgani, past natijalar yashirilib, statistikaga ta’sir etuvchi holatlar e’tiborsiz qoldirilgani, natijada PISA ko‘rsatkichlari manipulyatsiya qilinganini aytadi.


Ta’lim vaziri Anna Ekstrom esa barcha ayblovlarni rad etib, vazirlik natijalarni “yaxshilab ko‘rsatishga” urinmagani, balki PISA jarayonidagi texnik jihatlar noto‘g‘ri talqin qilinganini aytadi.

“Mening yagona maqsadim — o‘quvchilarning bilimlari haqida to‘g‘ri ma’lumot olishdir”, — degandi o‘shanda vazir Anna Ekstrom.

Shunga o‘xshash holat 2025-yilda O‘zbekistonda ham kuzatilgandi. Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishga urinishda ayblangandi. Bu ayblovlar PISA 2025 tadqiqotida barcha prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan bog‘langandi.


Ushbu ayblovlarga javoban sobiq vazir Hilola Umarova maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmasligini, vazirlikka ko‘zbo‘yamachilik kerak emasligini aytadi. Ammo vazirlik bu borada boshqa tushuntirish bermaydi.


PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayher esa O‘zbekistondagi tadqiqotlarda barcha prezident maktablari qo‘shimcha guruh sifatida ishtirok etayotganini, bu maktablarni qo‘shishni O‘zbekiston tomoni so‘raganini aytadi.


E’tiborli jihati shundaki, o‘shanda o‘zbekistonlik deputatlarning hech biri bu mavzuga e’tibor qaratmaydi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Shvetsiya

Ulashish