Top.Mail.Ru
Samarqand “oblono” boshlig‘i ishdan olindi

Samarqand “oblono” boshlig‘i ishdan olindi

11:35 / 18.02.2026 731

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov aslida iqtidorli o‘quvchilar yuborilishi kerak bo‘lgan “Alvon yelkanlar” bayramiga o‘z o‘g‘li va jiyanini qo‘shib yuborgani uchun ishdan olindi.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiya Federatsiyasining maktab bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) bayramiga iqtidorli o‘quvchilarni yuborish o‘rniga o‘g‘li va jiyanini, shuningdek, boshqarmaning ayrim bo‘limlari rahbarlari va mas’ul xodimlarining farzandlarini yuborgandi. Bu esa muhokamalarga sabab bo‘lgandi.


Surishtiruv natijalaridan so‘ng, xorijga yuborilgan 8 nafar o‘quvchidan 4 nafari bevosita boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani, yana ikki nafari boshqarmada ishlovchi buxgalter va metodistning farzandi ekani ham ma’lum bo‘lgan.


Shundan so‘ng, iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi va jiyanini xorijga yuborgan samarqandlik amaldorlar 28 mln so‘m mablagni byudjetga qaytargan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qilgandi.


Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatining Daryo.uz nashirga ma’lum qilishicha, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov ishdan olingan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov va boshqarma mas’ullari “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari talablariga zid xatti-harakatlar, bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi.


Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.


Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari A.B., Buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari shoʻbasi yetakchi mutaxassisi O.M., Pedagoglarning bilim va malakalarini baholashni tashkil etish shoʻbasi bosh metodisti O.M., O‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shoʻbasi boshlig‘i G.S., O‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shoʻbasi metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha vazirlikka taklif kiritildi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Javobgarlik
  • Korrupsiya

Ulashish