Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi
O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdan tortib oliy hamda undan keyingi ta’limgacha bo‘lgan tizimni yagona boshqaruv asosida birlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar davri boshlandi.
Prezidentning 2026-yil 3-oktyabrdagi PF–213-son Farmoni bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Xalqtaliminfo.uz prezident farmonining qisqacha mazmuni bilan tanishdi.
Farmonda qayd etilishicha, yangi vazirlikning tashkil etilishida ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, maktab ta’limini kasbiy va oliy ta’lim bilan, oliy ta’limni esa ilm-fan bilan integratsiya qilish, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta’lim sohasida yagona va samarali boshqaruv tizimini joriy etish hamda tizimning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ustuvor maqsadlar sifatida belgilangan.
Shuningdek, farmonga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — uzluksiz ta’lim, tarbiya va ilm-fan tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash hamda yagona samarali boshqaruv tizimini joriy etishdir.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning qayd etishicha, ta’lim sohasidagi bugungi yangilanishlarning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, Ta’lim va ilm-fan vazirligi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etishi va ularning operatsion jarayonlari uchun mas’ul bo‘lishi, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilashi, akkreditatsiyalash va litsenziyalash bilan shug‘ullanishi kerak.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqadigan o‘ziga xos laboratoriya vazifasini bajarishi, ularni amaliyotga joriy etishi, natijalarini kuzatishi va aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirib borishi kerak. Bu ishlar prezident tomonidan belgilab berilgan “o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti”ga tayangan holda olib boriladi.
Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi hamda islohotning umumiy strategiyasini belgilaydi.
Oliy ta’limda esa davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi, oliygohlar mustaqilligi kengaytirilib, nodavlat sektor uchun imkoniyatlar yaratiladi, qaysi oliygoh sifatli ta’lim berayotganini esa erkin raqobat va bozor talabi belgilaydi.
Yangi vazirlik qaysi sohalarni boshqaradi?
Farmonga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi ta’lim sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, sohalarni rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlikning vakolat doirasi ancha keng. U quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- maktabgacha ta’lim va tarbiya;
- umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
- kasbiy ta’lim;
- oliy ta’lim;
- oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
- kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- qo‘shimcha va norasmiy ta’lim.
Ya’ni yangi tizimda ta’limning maktabgacha bosqichidan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan yo‘nalishlar yagona vazirlik vakolatiga kiritilgan.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, jumladan xalqaro shartnomalar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Farmondagi eng muhim bandlardan biri — yangi vazirlikning faoliyatini tashkil etish muddati bilan bog‘liq.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirilgan va samarali boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, shuningdek uning vazifalari va tashkiliy tuzilmasini belgilash bo‘yicha Prezident qarori loyihasini tayyorlaydi.
Shu sababli hozircha yangi vazirlikning tashkiliy tuzilmasi, boshqaruv faoliyati, bo‘linmalari va vazifalari bo‘yicha barcha tafsilotlar Farmonda ko‘zda tutilmagan. Bu prezidentning alohida qarori bilan belgilanadi.
Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, vazirlik boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan qonunchilik hujjatlariga takliflar kiritadi.
Demak, keyingi ikki oy davomida ta’lim tizimini tartibga soluvchi turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tegishli o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining vazifalari va tashkiliy tuzilmasi bir hafta ichida belgilanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimlaridan biri tugatildi
14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi
Kelasi o‘quv yilidan bog‘cha tarbiyachilari uchun oliygohda o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi
Mavzuga doir yangiliklar
Bilasizmi?
Yangi ta’lim vazirini tayinlash bo‘yicha qarorni kimlar qabul qiladi?
Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratboy Sharipov va uning o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etilgan. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining tugatilib, ularning negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani bilan bog‘liq.
Ta'lim siyosati
O‘zbekiston ta’limi: ilk mustaqillik yillarini eslab…
Zamonaviy shakldagi maktablar O‘zbekistonda 1921-1922-yillarda tashkil etila boshladi. Unga qadar o‘zbek xalqi ta’lim tizimida bolalarga turli xil usullarda ta’lim berishga mo‘ljallangan “maktabxona”, “daloilxona”, “qorixona”, “madrasa”, “rus-tuzem maktabi”, “gimnaziya”, “jadid maktablari” kabi ta’lim maskanlari faoliyat yuritgan.
Ta'lim siyosati
Boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish uchun Jahon banki 100 mln dollar ajratadi
2030-yilgacha 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi ma’murlarining pedagogik hamda boshqaruv salohiyati oshiriladi. Yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda boshlang‘ich maktablarda 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi.
Yangiliklar
Endilikda o‘quvchi va talabalar natijalari maxsus platformaga kiritib boriladi
“O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Bunda yoshlar o‘z natijasini platformaga kiritib boradi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang