Top.Mail.Ru
Xususiy maktab va universitetlarda ichki ishlar inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Xususiy maktab va universitetlarda ichki ishlar inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

11:15 / 19.10.2026 98

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va talabalar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. 


Hukumat qarori loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, xususiy maktab va universitetlarda ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida lavozimlar tashkil etishga ruxsat beriladi. 


Hujjat loyihasida xususiy ta’lim tashkilotlarida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlik, bezorilik, giyohvandlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olish hamda ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.


Xususiy maktab va universitetlarda qanday lavozimlar tashkil etiladi?


Hujjat kuchga kirsa, 2026-yildan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘z mablag‘lari hisobidan quyidagi lavozimlarni tashkil etishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan:


  • Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida — profilaktika katta inspektori va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor;


  • Nodavlat o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida — voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektor-psixolog.


Mazkur lavozimlar ta’lim tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi. Inspektorlarni ajratish va tegishli shtat birliklarini joriy etish hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda, shartnoma asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.


Loyihaga ko‘ra, ta’lim tashkiloti tegishli lavozimni ochish va xodim ajratish uchun hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida shartnoma tuziladi, yangi shtat birliklari esa ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida joriy etiladi. Bo‘sh lavozimni xodim bilan to‘ldirish uchun 30 kun muddat belgilanishi taklif etilgan.


Xususiy maktablarda davomat va o‘quvchilar xulqi nazorat qilinadi

Loyihada voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ular maktab ma’muriyati va psixologlari bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, muammoli vaziyatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bilan shug‘ullanishi nazarda tutilgan. Shuningdek, inspektor-psixologlar:


  • o‘quvchilarning darslarga sababsiz qatnashmasligi holatlarini aniqlaydi;


  • muntazam dars qoldirayotgan bolalarning sabablari va oilaviy sharoitlarini o‘rganadi;


  • ota-onalar hamda mahalla vakillari bilan profilaktik suhbatlar tashkil etadi;


  • o‘quvchilar o‘rtasida zo‘ravonlik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘radi;


  • o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni turli to‘garaklarga jalb qilishga ko‘maklashadi.


Hujjat loyihasida o‘quvchilarning davomatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari ham belgilangan. Jumladan, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilar ro‘yxatini inspektor-psixologlarga har kuni taqdim etishi nazarda tutilgan.


Bundan tashqari, o‘quvchilarning mashg‘ulotlarda ishtirok etishini kuzatuv kameralari orqali aniqlash mumkinligi ko‘rsatilgan.


Bullying va zo‘ravonlik xavfining oldini olish bo‘yicha choralar


Loyihada bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ham o‘rin olgan. Bunda inspektor-psixologlar ta’lim tashkiloti psixologlari bilan birgalikda o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, ijtimoiy moslashuvni ta’minlash va xulq-atvordagi salbiy o‘zgarishlarni bartaraf etishga qaratilgan individual suhbatlar hamda jamoaviy treninglar tashkil etishda ishtirok etadi.


Shuningdek, o‘quvchilar orasida kuchli ruhiy iztirob, depressiya, stressga moyillik va kelajakka umidsizlik bilan qarash kabi holatlarni aniqlash maqsadida muntazam psixologik so‘rovnomalar o‘tkazib borish taklif etilgan.


Agar o‘quvchiga nisbatan tazyiq yoki zo‘ravonlik holati aniqlansa, inspektor-psixolog tegishli profilaktika inspektoriga zudlik bilan xabar berishi, bolaning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishda ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Zarur hollarda himoya orderini rasmiylashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi ham nazarda tutilgan.


Muammoli oilalar bilan ham ishlanadi


Hujjat loyihasiga ko‘ra, profilaktik ishlar faqat ta’lim muassasasi doirasida cheklanib qolmaydi. Muammoli vaziyatga tushib qolgan o‘quvchilarning oilalari bilan ham manzilli ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.


Bunda “oila–mahalla–maktab” tamoyili asosida ota-onalar, mahalla faollari, psixologlar va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.


Xususan, ota-onasi uzoq muddatga xorijga ketgan, nazoratsiz yoki qarovsiz qolgan, oilaviy nizolar mavjud bo‘lgan hamda ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar belgilanmoqda.


Shuningdek, bolalarning ta’lim olishi va tarbiyasiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, zarur hollarda tegishli davlat organlari va mahalla tuzilmalari bilan hamkorlikda ularni bartaraf etish nazarda tutilgan.


Xususiy universitetlarda “Talabalar xavfsizligi” oyligi o‘tkaziladi

Qaror loyihasida nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida ham huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha alohida talablar belgilangan.


Jumladan, har yili 15-sentabrdan 15-oktabrgacha “Talabalar xavfsizligi” oyligini o‘tkazish taklif etilmoqda. Oylikni tashkil etish bo‘yicha oliy ta’lim tashkiloti rektorining buyrug‘i bilan ishchi guruhlar tuzilishi nazarda tutilgan.


Ushbu davrda quyidagi yo‘nalishlarda ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan:


  • talabalarning darslarga qatnashishini o‘rganish;


  • ta’lim binolari va talabalar turar joylarida xavfsizlikni ta’minlash;


  • o‘quv binolariga xavfli yoki o‘tkir tig‘li buyumlarni olib kirish holatlarining oldini olish;


  • talabalar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish;


  • ijarada yashayotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj talabalarni aniqlash va ular bilan manzilli profilaktik ishlarni tashkil etish.


Bundan tashqari, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida “Davomat”, “Tig‘” va “Oriyat” kabi maxsus profilaktik tadbirlarni o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish ham taklif etilgan. Bunday tadbirlar ichki ishlar organlari xodimlarining taklifi asosida, oliy ta’lim tashkiloti rektorining buyrug‘i bilan tashkil etilishi nazarda tutilgan.


Universitetlar ichki ishlar organlariga qanday ma’lumotlarni taqdim etadi?


Hujjat loyihasida nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari va ichki ishlar organlari o‘rtasida axborot almashish tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotlari huquqbuzarliklar, oilaviy-maishiy nizolar, ta’lim oluvchilarning g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga yoki huquqbuzarlik sodir etishga jalb etilishi bilan bog‘liq holatlar haqida ichki ishlar organlariga xabar berishi nazarda tutilgan.


Shuningdek, universitetlarda o‘tkaziladigan ommaviy, madaniy va sport tadbirlari hamda ularda qatnashuvchilar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar tadbirdan uch kun oldin ichki ishlar organlariga taqdim etilishi taklif etilgan.


Ichki ishlar organlari esa huquqbuzarlik sodir etgan talabalar va oliy ta’lim tashkilotlari xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oy yakunida taqdim etib borishi ko‘zda tutilgan.


Inspektorlar uchun sharoitlarni kim yaratib beradi?


Loyiha talablariga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlarida xizmat olib boradigan ichki ishlar organlari xodimlari uchun xizmat xonasi ajratish, uni ta’mirlash, mebel, aloqa vositalari va kompyuter bilan jihozlash tegishli ta’lim tashkilotlari zimmasiga yuklatiladi.


Shuningdek, inspektorlar o‘z faoliyatini ta’lim muassasasi ma’muriyati, mahalla vakillari va jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirishi belgilangan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xususiy sektor

Ulashish