Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
2026-yilgi kuzgi attestatsiya doirasida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun malaka (test) sinovlari 26-oktabrdan 28-noyabrga qadar o‘tkaziladi.
Sinovlar hududlar kesimida tasdiqlangan jadval va manzillar asosida tashkil etiladi. Malaka sinovlari jami 45 ta fan va yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilishi uchun test materiallari tayyorlangan.
Qaysi fan va yo‘nalishlar bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi?
2026-yilgi kuzgi attestatsiyada umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha 32 ta fan va 3 ta yo‘nalish, maktabgacha ta’lim bo‘yicha 10 ta yo‘nalish, shuningdek, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida quyidagi 5 ta fanidan malaka sinovlari o‘tkaziladi:
- Matematika;
- Ona tili;
- O‘qish savodxonligi;
- Tabiiy fanlar;
- Tarbiya.
Test materiallari o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida tayyorlangan. Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha esa malaka sinovlarini 7 ta tilda o‘tkazish nazarda tutilgan.
Malaka sinovlari uchun test materiallarini tayyorlash ishlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan.
Ishlab chiqilgan test topshiriqlarining sifatini tekshirish maqsadida 2 bosqichda aprobatsiya jarayonlari tashkil etilgan. Birinchi bosqich 28–29-avgust kunlari, ikkinchi bosqich esa 28–29-sentabr kunlari o‘tkazilgan.
Aprobatsiya natijalari tahlil qilinib, zarur hollarda test topshiriqlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Shundan so‘ng malaka sinovlarida foydalanish uchun test materiallari bazasi shakllantirilgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqilgan va tarjima qilingan test materiallari tashqi ekspertlar jalb etilgan holda 2 marotaba ekspertizadan ham o‘tkazilgan.
Fanlar va tillar kesimida test topshiriqlari spetsifikatsiyalari ishlab chiqilib, 2026-yil 15-avgust kuni e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda barcha fan va yo‘nalishlar bo‘yicha test materiallarini ishlab chiqish, tarjima qilish, aprobatsiya natijalari asosida takomillashtirish hamda ekspertizadan o‘tkazish ishlari yakunlangan. Materiallar 2026-yilgi kuzgi malaka sinovlarida foydalanish uchun tayyor holatga keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, pedagog kadrlar attestatsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida tashkil etiladi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, pedagog kadrlar attestatsiyadan ikki bosqichda o‘tkaziladi va ikkala bosqich yakuniga ko‘ra umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining musiqa madaniyati hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilaridan tashqari pedagoglar uchun birinchi bosqichda mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorati baholanadi.
Birinchi bosqichdagi malaka sinovi mutaxassislik fanidan 35 ta, kasb standarti bo‘yicha 5 ta test topshirig‘idan iborat. Ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahoratni aniqlash uchun 10 ta topshiriq beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanadi. Natijada birinchi bosqich uchun 80 ball, ikkinchi bosqich uchun 20 ball, jami 100 ball to‘plash mumkin.
Musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun esa alohida tartib belgilangan. Ular uchun mutaxassislik fanidan 35 ta, kasbiy standart bo‘yicha 5 ta, jami 40 ta test topshirig‘i beriladi va har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi. Mazkur fanlar bo‘yicha amaliy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli vazirliklar tomonidan belgilanadi.
Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan pedagoglar uchun ham alohida qoida mavjud. Ularga malaka toifalari berilmaydi. Bunday pedagog 55 ball va undan yuqori natija ko‘rsatsa attestatsiyadan o‘tgan va lavozimi saqlangan, 55 balldan kam natija ko‘rsatsa attestatsiyadan o‘tmagan hamda o‘qituvchi lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
O‘qituvchi attestatsiya testini boshqa hududda topshirishi mumkinmi?
MMTVning 334-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga ko‘ra, ayrim asosli holatlarda pedagogga doimiy yoki vaqtincha yashash hududidan boshqa hududda test topshirishga ruxsat berilishi mumkin.
Attestatsiya
Kuzgi attestatsiya o‘tkaziladigan sana va manzillar aniq bo‘ldi
Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun 2026-yil avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka toifasi sinovlarining sanalari hamda test sinovlari o‘tkaziladigan manzillar belgilandi.
Bilasizmi?
Kuzgi pedagog kadrlar attestatsiyasi qay tartibda o‘tkaziladi?
Pedagoglar uchun attestatsiya jarayoni qanday tashkil etiladi? Test sinovida nechta va qanday topshiriqlar beriladi, har bir bosqichda pedagoglar qanday baholanadi, testga nimalarni olib kirish mumkin emas, test natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog qanday tartibda apellyatsiya berishi mumkin? Quyida pedagoglar uchun eng muhim jihatlarni tushuntiramiz.
Bilasizmi?
Attestatsiyaga ariza yuborish yakunlanishiga 5 kun qoldi
Xabaringiz bor, 2026-yil 1-avgustdan malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish boshlangan bo‘lib, murojaat yuborish 2026-yil 1-oktabrga qadar davom etadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang