Toshkentda Markaziy Osiyo taʼlim forumi ish boshladi
Bugun, 28-oktabr kuni poytaxtdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Markaziy Osiyo: taʼlim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni” mavzusidagi xalqaro forum ish boshladi.
Anjumanda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning taʼlim vazirlari, xorijdagi yetakchi universitetlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha ekspertlari qatnashmoqda. Maʼlumotiga koʻra, forumda jami 1500 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Forumning asosiy maqsadi mintaqa davlatlari oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdir. Kun tartibida akademik almashinuv, qoʻshma taʼlim dasturlari, diplomlarni oʻzaro tan olish, qoʻshma ilmiy loyihalar va grantlar, taʼlim sifati hamda oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglardagi oʻrni kabi masalalar bor.
“Ta’lim faqat tayyor bilim berish bilan cheklanmasligi kerak” — Shavkat Mirziyoyev
Forum ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi yoʻllandi. Unda davlat rahbari Markaziy Osiyo xalqlari bugun dolzarb muammolarni birgalikda hal etayotganini, mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhiti mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.
Tabrikda keltirilishicha, Jahon banki Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga oʻsishini prognoz qilmoqda. Prezident mintaqaning eng katta boyligi qariyb 85 million aholining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar ekanini alohida qayd etdi.
“Ana shu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuchga aylantirishda eng samarali yoʻl – sifatli, zamonaviy taʼlim va tarbiyadir”, deyiladi tabrikda.
Prezident yaqinda qabul qilingan Farmon bilan maktabgacha va maktab taʼlimi, kasbiy va oliy taʼlim hamda ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirilganini eslatib oʻtdi. Bundan maqsad bolaning ilk bilim olishidan tortib yetuk mutaxassis va olim boʻlib yetishishigacha boʻlgan bosqichlarni uzviy bogʻlashdir.
Tabrikda kelgusi oʻn yilda koʻplab kasblarga munosabat oʻzgarishi, yangi mutaxassisliklar paydo boʻlishi ham aytildi. Shu bois taʼlim tizimi faqat tayyor bilim berish bilan cheklanib qolmasdan, yoshlarda mustaqil fikrlash va umr boʻyi oʻrganish koʻnikmasini shakllantirishi kerakligi qayd etildi.
Qizlar, qishloq va chekka hududlardagi bolalar, alohida taʼlimga ehtiyoji bor yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish ham ustuvor vazifalar sirasida tilga olindi.
Prezident suv va energetika xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi kabi muammolarni yakka holda hal qilish qiyinligini taʼkidlab, universitetlararo hamkorlik, qoʻshma dasturlar va talaba hamda olimlar almashinuvini kengaytirishga chaqirdi.
“Bizning bu sohadagi strategik maqsadimiz – Markaziy Osiyoni oʻzaro ishonch va doʻstlik diyoriga, ilm-maʼrifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar birlashgan umumiy intellektual makonga aylantirishdir”, deyiladi tabrikda.
Forum doirasida yalpi majlis bilan bir qatorda panel sessiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Muhokamalar natijasida mintaqa taʼlim tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Toshkentda Markaziy Osiyo taʼlim forumi ish boshladi
Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati kuzatildi
Ertadan pedagoglar uchun kuzgi attestatsiya sinovlari boshlanadi
Ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
“Aravani tortolmagan kadr bizning oramizda bo‘lmaydi” — Erkinjon Turdimov
Yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligida hududiy rahbarlar va boshqa mas’ul lavozimlardagi kadrlar faoliyati tahlil qilinadi.
Ta'lim siyosati
Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi
Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yagona davlat siyosati yuritiladi.
Yangiliklar
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida rasman Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha 12 ta shtat birligidan iborat kotibiyat tashkil qilinadi.
Ta'lim siyosati
Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkiliy tuzilmasi qanday bo‘ladi?
Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ayrim takliflar tayyorlangan. Unga ko‘ra, yangi vazirlik tizimida besh nafar vazir o‘rinbosari, ta’limning barcha bosqichlarini qamrab oluvchi bir nechta departamentlar hamda hududiy boshqarmalar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang