Top.Mail.Ru
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?

18:15 / 04.11.2026 361

Bilim va malakalarni baholash agentligi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini milliy sertifikatlash tizimi, imtihon topshiriqlari soni va baholash mezonlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qaroriga muvofiq, umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat berish tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim pedagoglarning fan bo‘yicha bilimlari, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahoratini kompleks baholashga qaratilgan.


Qarorga ko‘ra, milliy sertifikat imtihonida B+ va undan yuqori darajani qo‘lga kiritgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.


Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, imtihonda jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Savollar soni uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha teng taqsimlangan bo‘lib, har bir yo‘nalishga 30 tadan topshiriq ajratilgan:


  • ona tili – o‘qish savodxonligi va uni o‘qitish metodikasi;


  • matematika va uni o‘qitish metodikasi;


  • pedagogik mahorat.


Agentlikning ta’kidlashicha, 90 ta topshiriqning belgilanishi muayyan ustama miqdori bilan bog‘liq emas. Savollar soni baholanadigan bilim va ko‘nikmalar ko‘lami, ularning murakkabligi hamda imtihon natijalarining ishonchliligini ta’minlash zaruratidan kelib chiqib shakllantirilgan.


Imtihonda nafaqat fanlarga oid nazariy bilimlar, balki o‘qitish metodikasi, pedagogik va psixologik bilimlar, metodik moslashuvchanlik hamda amaliy vaziyatlarga oid topshiriqlar ham o‘rin olgan. 


Bu orqali pedagogning bilimlarni ta’lim jarayonida qo‘llash, o‘quvchilarning o‘zlashtirishidagi qiyinchiliklarni aniqlash va tegishli pedagogik yechimlarni tanlash qobiliyati ham baholanadi.


Shuningdek, 411-son qaror bilan tasdiqlangan Nizomda milliy sertifikat imtihonida ishtirok etish uchun to‘lanadigan to‘lov bo‘yicha ayrim ijtimoiy toifalarga imtiyozlar belgilangan. 


Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan ayrim oilalar uchun belgilangan tartibda chegirmalar nazarda tutilgan.


Agentlik qayd etishicha, milliy sertifikatlash tizimining asosiy maqsadi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini kompleks baholash, ularning kasbiy rivojlanishini rag‘batlantirish va boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirishdan iborat. 

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Milliy sertifikat

Ulashish