Top.Mail.Ru
"Kasbiy rivojlanish kuni" qanday tashkil etiladi? Vazirlik ma’lumot berdi

"Kasbiy rivojlanish kuni" qanday tashkil etiladi? Vazirlik ma’lumot berdi

18:09 / 12.08.2024 18.82k

Bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mas’ul xodimlari ishtirok etdi.



Matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi tegishli buyrug‘iga muvofiq, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’kidlandi.


Unga ko‘ra:


  • Dushanba kuni — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) o‘qituvchilari uchun;


  • Seshanba kuni — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili) o‘qituvchilari uchun;


  • Chorshanba kuni — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan — Science) o‘qituvchilari uchun;


  • Payshanba kuni — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) o‘qituvchilari uchun;


  • Juma kuni — Xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun;


  • Shanba kuni — Amaliy fanlar (tasviriy san’at, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) va boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari tashkil etiladi.


Ushbu tadbirlarda mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga fanlar kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yetakchi o‘qituvchilari jalb qilinadi. Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan o‘qituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda tegishli fan o‘qituvchilari maktablardagi dars mashg‘ulotlari va boshqa tadbirlarga jalb qilinmaydi.


Matbuot anjumanida xalqtaliminfo.uz sayti rahbari Ulug‘bek Po‘latovning quyidagi mavzudagi savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.



Mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan o‘qituvchilariga 20 foizlik ustama qanday tolanadi?


Malakali o‘qituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tayinlanib, ularga 20 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanishi belgilanmoqda. Qaror bo‘yicha mazkur tartib 2025-yil yanvar oyidan kuchga kiradi.


Mentor-o‘qituvchilarga ustama tayinlash bo‘yicha tegishli jamg‘arma hisobidan rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqilgan. Bu masalada muammo bo‘lmaydi.


Agar o‘qituvchi direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foiz ustama olsa, bu holda mentor-o‘qituvchi uchun yana 20 foiz ustama to‘lab beriladi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” pedagoglar davomatini aniqlash qay tartibda amalga oshiriladi?


Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida “Uzluksiz kasbiy ta‘lim” platformasi mavjud. Hozirgi kunda ushbu platformaga barcha pedagoglarni kirish imkoniyati bor.


Bu platformada yana bir shunday imkoniyat borki, har bir maktab direktori qo‘l ostidagi o‘qituvchilarni Kasbiy rivojlanish holatini kuzatib turish imkoniyati mavjud.


Biz bu platformani yanada rivojlantiryapmiz. Ya’ni, aynan mana shu “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga moslab platforma takomillashtirilmoqda. Shu sababli, o‘qituvchilarning “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirida ishtirok etishi platformada qayd etib boriladi.


Maktabga yangi ishga kirgan shaxslarga murabbiylik qilgan pedagoglarga qo‘shimcha haq to‘lanadimi?


Albatta, bu tartib ham bekor bo‘lmaydi. “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari dasturlarini ishlab chiqish jarayonida ushbu tartiblar ham inobatga olinadi.


“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga barcha o‘qituvchilar jalb qilinadimi?


Biz yetakchi o‘qituvchilarni rag‘batlantirmoqchimiz. Bunda “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarida ishtirok etadigan va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida fanlar (yoki fanlar bloki) kesimida “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan tajribali faol o‘qituvchi tanlab olinadi.


Masalan, aniq fanlar yo‘nalishida 10 ta o‘qituvchi bo‘lsa, ulardan faqat bittasi “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbiriga jalb qilinadi.


O‘sha kungi tadbirda esa qolgan o‘qituvchilarga dastur bo‘yicha ularni nima bilan shug‘ullanishlari belgilab beriladi. Bunda o‘zaro darslarga kirib, tahlil qilish, kamchiliklarni muhokama qilish, ularni bartaraf qilish masalalariga bag‘ishlangan dastur ishlab chiqiladi.


Biz ko‘p sonli o‘qituvchilarni tayanch maktablarga olib borgandan ko‘ra, yetakchi o‘qituvchini olib kelib o‘qitib, maktabni o‘zida mana shu muhitni yaratmoqchimiz.


Shuningdek, tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagoglar malakasini oshirish, zamonaviy metodikalarni qo‘llagan holda darslarni tashkil etish bo‘yicha Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda olib borayotgan faoliyati xususida ham so‘z yuritildi.


Joriy yilning iyun oyida “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminar-treninglarning mantig‘i davomi sifatida 5-8 avgust kunlari Respublikamiz bo‘ylab “Muvaffaqiyatli islohotlar — yuqori natijalar” mavzusida tashkil etilgan seminar-treninglar tashkil etildi.


Kaskad usulida tashkil etilgan hamda 2000 nafarga yaqin ustozlarni o‘z ichiga qamrab olgan ushbu mahorat darslarida maktab direktorlari, matematika va tabiiy fanlar ustozlari malakali trener mutaxassislardan yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganishdi, o‘zaro tajriba almashishdi.


Mashg‘ulotlarda ta’limni raqamlashtirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, ta’limda liderlik, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish kabi mavzularda so‘z yuritildi.


Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilg‘or tajribalarni almashish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha muloqot qilindi.


Ushbu trening mashg‘ulotlari joriy yilning 19-22 avgust kunlari tuman (shahar)lar bo‘yicha, 26-29 avgust kunlari umumta’lim maktablari miqyosida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanining to‘liq shaklini “Uzreport TV”ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasbiy rivojlanish

Ulashish