Top.Mail.Ru
Soatbay o‘qituvchiga ta’til puli berilmaydimi?

Soatbay o‘qituvchiga ta’til puli berilmaydimi?

11:50 / 04.06.2024 7.30k
Savol
Talaba (kunduzgi) 4-kurs maktabga 4.09.2023-yil ishga kirgan. Hozirda ish beruvchi sizlarga ta’til puli to‘lanmaydi, sizlar o‘rindoshsizlar degandi, lekin talaba boshqa hech qayerda ishlamaydi. Adliyadan so‘ragandi adliya ham bermaydi, debdi. Ishga olishda asosiy deb olgan hujjatda shunga xodim yana qayerga murojaat qilishi kerak?

Javob
Ayrim ish beruvchilar talabalarni faqat o‘rindoshlik asosida ishga olish kerak deb hisoblashadi. Bu mutlaqo xato. MK 432-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishidir.

Shuningdek, VMQning 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-son qarori ilovasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash — xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishidir. Talabaning ta’lim olish jarayoni mehnat faoliyati hisoblanmaydi.

Demak, talaba mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan va mehnat daftarchasi yuritilayotgan tashkilot uning asosiy ish joyi hisoblanadi. Savoldagi holat bo‘yicha talaba o‘rindoshlik asosida emas, balki soatbay asosda ishga qabul qilingan bo‘lsa kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga 3-ilova “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bandiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasining kunduzgi, kechki, sirtqi ta’lim shakllarining pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab o‘qishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.

Nizomning 12-bandiga ko‘ra:

  • pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lash ketma-ket ikki oydan ortiq bo‘lmagan davrda kasallik yoki boshqa sabablar bilan ishda bo‘lmagan xodimlarning o‘rnini bosish tartibida ishlab berilgan soatlar uchun haq to‘lashda;

  • boshqa muassasalardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va boshqa mutaxassislarning, shu jumladan o‘rindoshlik bo‘yicha boshqa maktablardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va mutaxassislarning pedagogik ishi uchun haq to‘lashda;

  • o‘rnini bosish tartibida umumta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan o‘tilgan o‘quv soatlari uchun haq to‘lashda qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 10-apreldagi 3-2019, 19-qq va 15-2019-qq-son qaroriga ilova “O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari”ga ko‘ra soatbay haq to‘lash miqdori tarkibiga mehnat ta’tili haqi kiritilgan.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, soatbay ishlaydigan o‘qituvchiga ta’til puli berilmaydi, soatbay haq to‘lash miqdori tarkibiga mehnat ta’tili haqi ham kiritilgan bo‘ladi. Ya’ni soatbay asosda ishga qabul qilingan talaba faqat o‘quv yuklamani o‘zini bajargan, sodda qilib aytganda faqat dars o‘tgan xolos, pedagogik yuklamani bajarmagan.

Masalan, 1 stavkada ishlovchi o‘qituvchi uchun boshlang‘ich I―IV sinflardagi haftalik o‘quv yuklamasi ― 18 soat va pedagogik yuklamasi ― 18 soatni hamda yuqori V―XI sinflardagi haftalik o‘quv yuklamasi ― 20 soatni va pedagogik yuklama ― 16 soatni tashkil etadi (Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3271)

Diqqat: Agar talaba soatbay asosda emas, balki yuqoridagi Nizom asosida tarifikatsiyadan o‘tib, o‘quv va pedagogik yuklamalar bilan, aytaylik 0.5 stavkaga ishga qabul qilingan bo‘lsa, u holda ta’til puli beriladi.

Mehnat huquqiga oid maqolalarni Mehnat huquqi telegram kanalida ham kuzatib boring.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mehnat ta'tili

Ulashish