Top.Mail.Ru
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan memorandum imzolandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan memorandum imzolandi

16:40 / 30.05.2024 2.93k
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Xalq ta’limi Info tahririyati hamda Profi University o‘rtasida joriy yilning 28-may kuni memorandum imzolandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Boqiev Farhod Esonovich, “Profi University” nodavlat oliy ta’lim muassasasi rektori Shoumarov G‘ayrat Baxromovich hamda “Xalq ta’limi info” tahririyati direktori Po‘latov Ulug‘bek Shavkat o‘g‘li tomonidan imzolangan memorandum doirasida turli xil yo‘nalishlarda hamkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Memorandum pedagog xodimlarni shaxsiy rivojlantirish, ulardagi stress darajasini tahlil qilib borish hamda ularga doimiy ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, fan va ta’lim hamkorligini ta’minlash orqali tomonlarning ilmiy salohiyati va amaliy tajribasidan birgalikda samarali foydalanish maqsadida imzolandi.

Endilikda ta’lim muassasalarida “Sterssiz ta’lim” loyihasi ham amalga oshiriladi. Loyiha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi hamda “Profi University” nodavlat oliy ta’lim muassasasining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur loyiha doirasida pedagog xodimlarni shaxsiy rivojlantirish, ulardagi stress darajasini tahlil qilib borish va ularga doimiy ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, memorandumda quyidagi asosiy hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi:

  • fan, ta’lim va ishlab chiqarishdagi istiqbolli innovatsion metodlarni ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etish;

  • kelishuv asosida ta’lim-tarbiya tizimining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalar tashkil etish;

  • ta’lim tuzilmasi, mazmuni va uni amalga oshirish shart-sharoitlari, shuningdek, ta’lim oluvchilarining jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy, kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish orqali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish;

  • rahbar va pedagog xodimlarga stresslarni yengish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va soha mutaxassislari uchun o‘quv seminarlar tashkil etish  bo‘yicha hamkorlik qilib borish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farxod Boqiyev, Xalq ta’limi Info tahririyati direktori, Profi University pedagogik masalalar bo‘yicha rektor maslahatchisi Ulug‘bek Po‘latov, shuningdek Respublika tashxis markazi hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirokida "Stressiz ta’lim" loyihasini amalga oshirish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazirlik
  • Memorandum
  • Hamkorlik

Ulashish