O‘zbekiston tarixi majburiy fanlar qatorida qolishi kerakmi?
Janubiy Koreyada uzoq vaqt tarix kirish imtihonida ixtiyoriy fan edi. Lekin 2017-yildan boshlab u barcha abituriyentlar uchun majburiy qilib qo‘yildi. Chunki yoshlar tarixdan uzoqlashayotgan, eng yomoni, o‘z millatining o‘tmishi haqida yuzaki tasavvurga ega bo‘lib qolayotgani davlat darajasida muammo sifatida ko‘rildi. Natijada prezident tashabbusi bilan tarix majburiy fan etib belgilandi.
Shunga o‘xshash yondashuv O‘zbekistonda ham kuzatilgan. O‘zbekiston tarixining ta’lim tizimidagi o‘rni davlat darajasida alohida e’tirof etilgan va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi vaqtida. Bu bejiz emas – bu strategik qaror edi. Chunki vatan tarixi faqat fan emas, balki milliy xavfsizlik, mafkuraviy barqarorlik masalasidir.
Ayniqsa, bugungi notinch geosiyosiy vaziyatda bu yanada dolzarb. Dunyo axborot urushlari, mafkuraviy ta’sirlar va turli narrativlar to‘qnashuvi ichida yashayapti. Bunday sharoitda o‘z tarixini bilmagan jamiyat tashqi ta’sirlarga nisbatan ancha zaif bo‘ladi. Kimdir uning o‘tmishini qayta yozadi, kimdir qahramonlarini obro‘sizlantiradi, yana kimdir yolg‘on g‘oyalarni “haqiqat” sifatida singdiradi.
Agar bunga qarshi ichki immunitet, ya’ni tarixiy ong bo‘lmasa, jamiyat buni ajratib bera olmaydi.
YUNESKO ham tarix ta’limini mustaqil davlatlar uchun strategik omil sifatida baholaydi: u nafaqat milliy identitetni mustahkamlaydi, balki jamiyatda tinchlik, fuqarolik ongini va inson huquqlariga hurmatni shakllantiradi. Tarixni bilmagan jamiyat esa bo‘shliq ichida qoladi va bu bo‘shliqni ko‘pincha yot g‘oyalar to‘ldiradi.
Tarix – o‘tmishni yod olish emas, uni anglashdir. Amerikalik tadqiqotchilar ham aynan shuni ta’kidlaydi: tarix insonni o‘tmishni chuqurroq tushunishga, hozirgi holatni tahlil qilishga va kelajakni ongli qurishga o‘rgatadi. Bu quruq nazariya emas.
Masalan, Ikkinchi jahon urushining dahshatli saboqlarini to‘g‘ri xulosa qilgan Germaniya jamiyati keyinchalik inson huquqlari va adolat tamoyillarini ustuvor qadriyatga aylantira oldi va tezda qayta rivojlandi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tarix ham matematika yoki ona tili kabi fundamental fandir. Matematikada mantiq shakllanadi, ona tilida fikr ifodasi va madaniyat tarbiyalanadi. Tarix esa insonni kimligini anglashga majbur qiladi. U davlat qanday qurilganini, jamiyat qanday o‘zgarishini va bugungi kun qanday shakllanganini tushuntiradi.
Shuningdek, tarix fani siyosiy tafakkurni ham shakllantiradi. Matematikada va ona tilida bunday jihat yo‘q, bu fanlar fuqaroni siyosiy jarayonlarni tushunishga majbur qilmaydi. Tarix esa insonni jamiyat va davlat hayotiga befarq bo‘lmaslikka o‘rgatadi. Qanday qarorlar qanday oqibatlarga olib kelganini ko‘rsatadi, xatolar va yutuqlarni solishtirishga majbur qiladi.
Natijada tarixni bilgan odam faol fuqaro bo‘ladi. U atrofida kechayotgan siyosiy jarayonlarga loqayd qarab turolmaydi. Siyosatga befarqlik esa hech qachon “zararsiz” bo‘lmagan, u noto‘g‘ri qarorlarning qarshiliksiz qabul qilinishiga, jamiyatning asta-sekin zaiflashishiga olib keladi.
Agar O‘zbekiston tarixi ixtiyoriy fan sifatida qolsa, oqibatini ochiq aytish kerak: ko‘pchilik o‘z tarixini fundamental darajada ham o‘rganmasligi mumkin. Natijada esa tarixiy haqiqatni emas, balki sodda yoki buzib talqin qilingan fikrlarni “haqiqat” deb qabul qiladigan avlod shakllanishi xavfi bor.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda uchrayotgan noto‘g‘ri qarashlar – masalan, Jaloliddin Manguberdining “yomonligi” haqida noto‘g‘ri tasavvurlar yoki jadidlarni xoin sifatida talqin qilish – aynan tarixiy savodsizlikning mahsuli.
O‘zbekiston tarixini “majburiy fan” sifatida qoldirmaslik – uni asta-sekin yo‘qotish bilan barobar. Tarixini yo‘qotgan jamiyat esa oxir-oqibat o‘zini yo‘qotadi.
Comments 30
Please register to comment!
News
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga yangi rahbar tayinlandi
Vazir attestatsiyadan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarga duch keldi
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari Prezident administratsiyasi va Sport vazirligiga murojaat yo‘lladi
The certification fee for teachers has been reduced by 50 percent.
News on the topic
Do you know?
O‘qituvchilar orasidan vazir chiqqanmi?
Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 10 nafar Xalq ta’limi vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi 3 nafari o‘z faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan.
Do you know?
O‘zbekiston ta’limi: ilk mustaqillik yillarini eslab…
Zamonaviy shakldagi maktablar O‘zbekistonda 1921-1922-yillarda tashkil etila boshladi. Unga qadar o‘zbek xalqi ta’lim tizimida bolalarga turli xil usullarda ta’lim berishga mo‘ljallangan “maktabxona”, “daloilxona”, “qorixona”, “madrasa”, “rus-tuzem maktabi”, “gimnaziya”, “jadid maktablari” kabi ta’lim maskanlari faoliyat yuritgan.
English
Edit your comment