Top.Mail.Ru
Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?

The website texts are translated by Google, errors possible!

Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?

18:56 / 14.06.2026 720

So‘nggi yillarda ta’lim tizimida baholash mexanizmlari soni tobora ko‘payib bormoqda. O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostika asosida baholash tizimini joriy etmoqda. Vazirlik bu orqali oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar qanday tayyorlanayotganini aniqlash, mavjud muammolarni ko‘rish va ta’lim sifatini oshirishni maqsad qilganini aytmoqda. 


“Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishidan avval bu borada jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida hujjat loyihasi muhokamalar portaliga joylangandi.


Ammo vazirlik ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.


Bildirilgan tanqidlardan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, tashqi diagnostika va kasbiy sertifikatlashning maqsadlari turlicha ekanini ta’kidladi.

Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Anvar Bahromov tomonidan berilgan izohga ko‘ra, kasbiy sertifikatlash pedagogning amaliy faoliyatga tayyorligini baholashga xizmat qilsa, tashqi diagnostika pedagog kadrlarni tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ta’lim sifatini oshirish uchun zarur ma’lumotlarni yig‘ishga qaratilgan. 

“Tashqi diagnostika jarayonida mutaxassislikka va kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajalari tahlil qilinadi va olingan natijalar mana shu yo‘nalishda qanday ishlar qilinishi kerak, nimalarga erishilgan va qanday muammolar borligini aniqlashga xizmat qiladi. 

Mazkur tartib bilan joriy etilayotgan tizim amaldagi kasbiy sertifikatlashtirish tizimi bilan mutlaqo boshqa-boshqa maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi va ular bir-birining funksiyalarini takrorlamaydi. Chunki kasbiy sertifikatlashtirish bu diplom olib, mutaxassis sifatida, pedagog sifatida qanday saviyaga egaligi va qanday potensialga ega ekanligini va kelajakda mana shu maktabda ishlab ketish masalasiga oydinlik kiritadi. 

Tashqi diagnostika esa, bu qanday tayyorlanmoqda bizga bo‘lajak pedagoglar, ularni tayyorlash qaysi oliy ta’lim muassasada bo‘lmasin, davlatmi yoki nodavlat ta’lim muassasada bo‘lmasin, qayerda, qanday ketyapti va mana shu tayyorlashning bir xilligini ta’minlash va kelajakda mana shu maktab uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlanishini ta’minlash uchun xizmat qiladi”, - deydi vazirlik mas’uli.

Biroq bu izoh ham barcha savollarga to‘liq javob bo‘lmadi. Masalan, agar tashqi diagnostika va kasbiy sertifikatlashning maqsadlari turlicha bo‘lsa-da, baholash vositasi sifatida aynan bir xil formatdagi testlardan foydalanilayotgan bo‘lsa, ularning natijalari qanchalik farqli ma’lumot bera oladi?


Yana bir muhim savol: nega unda vazirlik boshqa ko‘plab maqsadlar uchun ham bitta sinov natijalaridan foydalanmoqda? Ma’lumki, bugungi kunda malaka toifasi olish, vazir jamg‘armasi ustamasi, 70 foizlik qo‘shimcha ustama va hatto “Yil o‘qituvchisi” kabi turli maqsadlarga xizmat qiluvchi tizimlarda bir xil baholash mexanizmlaridan foydalanilmoqda. Vaholanki, bu tizimlarning maqsadi ham bir-biridan keskin farq qiladi.


Agar talabalar bilimini diagnostika qilishdan maqsad universitetlar faoliyatini baholash bo‘lsa, nega buning uchun aynan talabalarning test natijalaridan foydalanilmoqda? Nega amalda mavjud bo‘lgan kasbiy sertifikatlash natijalarini oliygohlar kesimida tahlil qilish yo‘li tanlanmadi? 


Ta’lim sifati oshishi kerak, bunga hech kim qarshi emas. Ammo sifatni oshirish uchun har bir yangi mexanizmni joriy etishdan avval bitta savolga javob topish kerak: u mavjud tizim bera olmaydigan qanday yangi natijalarni beradi? 


Muhimi, e’tirozlar tashqi diagnostika tashabbusining o‘ziga emas, balki uni amalga oshirish mexanizmlarining noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotganligiga qaratilgan. Ta’lim ekspertlari va jamoatchilik vakillari bu tizim pedagoglarni tayyorlash sifatini xolis baholay olmasligidan xavotir bildirmoqda.

Shuningdek, bir-birini takrorlovchi mexanizmlar ortiqcha xarajatlarni ham keltirib chiqarishi tabiiy. Shu bois yangi tartib joriy etilgan bo‘lsa-da, uning zarurati, ilmiy asoslari va kutilayotgan natijalar bo‘yicha savollar hanuz ochiqligicha qolmoqda.

Comments 2

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Attestation

Share

line

News on the topic

News

Nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt beriladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan pedagoglarga attestatsiya va milliy sertifikat imtihonlarini topshirishda belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt olish imkoniyati beriladi.

10:46 / 08.08.2026
News

Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pedagoglarning oliy ma’lumot darajasi va o‘qishdagi natijalariga qarab ularga malaka toifalari beriladi.

15:40 / 30.07.2026
Вы спрашивали

Muntazam attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchini qanday qilib ishdan bo‘shatish mumkin?

Murojaat mualliflarining aytishicha, bunday xodimlar turli sabablar, jumladan, tanish-bilish yoki yaqinlarining mansabidan foydalangan holda hanuz ishda qolmoqda. Navbatdagi murojaatda ham o‘quvchilarning bilim darajasi keskin pasayib ketgan, attestatsiyadan yillar davomida o‘ta olmayotgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini qonuniy asosda bekor qilish mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlangan.

10:46 / 30.07.2026
Education policy

Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

15:45 / 11.06.2026