Malaka oshirish davrida o‘qituvchiga sinf rahbarlik, daftar tekshirish va ustama pullari to‘lanadimi?

Savol
O‘qituvchilarning bir oylik malaka oshirish davri uchun oylik maoshi qanday to‘lanadi? O‘rtacha ish haqi saqlangan holda deyilgan, shu haqida tushuncha bersangiz.
Sinf rahbarlik, daftar tekshirish, ustama va hokazolar to‘lanmaydi degan gaplar bor. Masalan, yanvar oyi uchun menga avvalgi oyligimdan ancha kam pul tushdi. Hisobchimiz o‘rtacha ish haqi deyishdan nariga o‘tmayapti.
Javob
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 123-bandida malaka oshirishga jalb etilgan pedagoglarning ish haqlarini saqlab qolish masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Ushbu bandga ko‘ra, kasbiy rivojlantirish ta’lim tashkilotlariga ishdan ajralgan holda malaka oshirishga yuborilgan tinglovchilarning o‘qishi hamda mustaqil malaka oshirishi belgilangan tinglovchilarning yakuniy attestatsiyasi o‘tkaziladigan davrda ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi, o‘quv yuklamalari esa boshqa pedagog xodimlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 370-moddasiga ko‘ra xodim ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida xodimning ish joyini (lavozimini) va o‘rtacha ish haqini saqlab qolishi shart.
Xodimning o‘rtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra hal qilinadi.
O‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqish esa Mehnat kodeksining 257-moddasi bilan tartibga solinadi.
257-moddaga ko‘ra o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda to‘langan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.
Bunda sinf rahbarlik, daftar tekshirish uchun to‘lanadigan summalar hamda pedagog xodimga to‘lab kelinayotgan qo‘shimcha ustamalar ham soliq solinadigan daromadlar turiga kiradi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz joizki, Mehnat kodeksining 257-moddasining 4-bandida o‘rtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda aynan nimalar hisobga olinmasligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Ya’ni, ushbu moddaga muvofiq xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolgan bo‘lsa, ushbu vaqtda hisoblangan summalar quyidagi holatlardagina chiqarib tashlanadi:
- qonunchilikka muvofiq xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qolgan bo‘lsa, bundan ushbu Mehnat kodeksining 407-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar mustasno;
- xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olgan bo‘lsa;
- xodim ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish munosabati bilan ishlamagan bo‘lsa;
- xodimga ushbu Kodeksning 399-moddasiga muvofiq nogironligi bo‘lgan bolalarni va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlash uchun qo‘shimcha haq to‘lanadigan dam olish kunlari berilgan bo‘lsa;
- xodim qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ish haqi to‘liq yoki qisman saqlanadigan yoki haq to‘lanmaydigan ishdan ozod etilgan bo‘lsa.
Ko‘rib turganimizdek, xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqishda hisobga olinmasligi kerak bo‘lgan holatlar ichida sinf rahbarlik, daftar tekshirish uchun to‘lovlar yoki xodimga to‘lab kelinayotgan qo‘shimcha ustamalar nazarda tutilmagan.
Xulosa shuki, pedagog xodim ishdan ajralgan holda malaka oshirish kursida bo‘lgan davrida ham sinf rahbarlik, daftar tekshirish uchun to‘lovlar hamda pedagog xodimga to‘lab kelinayotgan qo‘shimcha ustamalar o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqishda albatta hisobga olinishi lozim.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

O‘qituvchi yaratgan mashina vazirlik tomonidan 63 mln so‘mga moliyalashtirildi

Maktablarda yozgi ta’til qisqarmoqdami?

Bolalarni ta’limga jalb etmay, tilanchilik qilgan ona javobgarlikka tortildi

Yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar ham attestatsiyaga jalb etiladi
Mavzuga doir yangiliklar

Malaka oshirishga borgan o‘qituvchining ish haqi saqlanadimi?
Bunda xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinishi shart

Rahbar xodimlar darsi uchun soatbay haq to‘lanishi to‘g‘rimi?
Bu ish haqi miqdorining kamayishiga olib kelmaydi

O‘qituvchi ikkita maktabda ishlasa, ikkala maktabdan ham toifa va sertifikat uchun ustama oladimi?
O‘qituvchining lavozim maoshi bazaviy tarif stavkalari asosida shakllantiriladi

Menejerlik kursida o‘qiyotgan direktorning vazifasini bajargan o‘rinbosarga qo‘shimcha haq to‘lanadimi?
Bu vaziyatda qo‘shimcha haq to‘lab berilmaydi
Izohingizni tahrirlang