Attestatsiya natijalaridan norozi pedagoglar sudga murojaat qilishi mumkin
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagog kadrlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda ariza (shikoyat) berishlari mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborilmoqda.
Masalan, ona tili va adabiyoti fanidan o‘tkazilgan malaka test sinovlaridan norozi bo‘lib, shikoyat yo‘llagan o‘qituvchiga quyidagi ko‘rinishdagi umumiy javob yo‘llangan:
“2025-yil 22-aprel kuni pedagog kadrlarning ona tili va adabiyoti fanidan bilimlarini baholash uchun o‘tkazilgan test sinovi natijalaridan norozi bo‘lib yo‘llagan e’tirozingiz ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, savollar fan doirasida, taqdim etilgan spetsifikatsiya va adabiyotlardan chetga chiqmagan holda tuzilganligi, savol va javoblarda xatoliklar yo‘qligi aniqlandi va e’tirozingiz o‘rinsiz deb topildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz: sizga test savollarini to‘liq qamrab olingan spetsifikatsiya taqdim etilgan edi. Keyingi attestatsiya jarayonlarida sizga omad tilaymiz!”, deyiladi apellyatsiya komissiyasi javobida.
Ya’ni, apellyatsiya komissiyasi tomonidan berilgan javobda umumiy gaplar aytilgan: “savollar fan doirasida tuzilgan”, “xatolik yo‘q”, “e’tiroz o‘rinsiz” – lekin bu fikrlarni asoslovchi aniq dalillar, misollar yoki ekspert xulosalari ilova qilinmagan.
O‘qituvchi shikoyatida aynan qaysi savollarga e’tiroz bildirgani, ular qanday ko‘rib chiqilgani haqida ham biror ma’lumot yo‘q. Shuningdek, shikoyat arizasiga berilgan javobda “sizga test savollarini to‘liq qamrab olgan spetsifikatsiya taqdim etilgan edi”, degan jumla ham ishlatilgan.
Aslida esa spetsifikatsiyaning mavjudligi savollar 100 foiz to‘g‘ri tuzilganini kafolatlamaydi. Test savollarida noaniq ifodalar, chalkashliklar, bahsli javob variantlari bo‘lishi mumkin va bu holatlar ekspertlar tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi lozim edi.
Mazkur javob har qanday o‘qituvchiga yuborilishi mumkin bo‘lgan shablon ko‘rinishida yozilgan. Bu esa shikoyat beruvchi pedagog xodimlarning murojaati to‘liq o‘rganib chiqilmaganligidan dalolat bermoqda.
Pedagoglar shikoyatni ko‘rib chiqish jarayoniga taklif qilinganmi?
Nizomning 58-bandida murojaat etuvchi pedagog kadrlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkinligi belgilangan.
Ammo shikoyat arizasi yuborgan pedagog kadrlar katta ehtimol bilan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida ishtirok etmagan va ularga faqatgina shaxsiy kabinetdan javob yuborilgan.
Apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozilar nima qilishi kerak?
Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buyurtmasi asosida tuzilgan pedagog kadrlar attestatsiyasidagi testlarining validligini tekshirib, xulosa beradigan tashkilot mavjud emas.
Shu sababli, pedagog kadrlar tomonidan yo‘llangan shikoyat arizalari ham aynan vazirlik tizimida faoliyat yurituvchi mas’ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bu esa o‘z navbatida, attestatsiya natijalari yuzasidan yuborilayotgan shikoyat arizalarini xolis ko‘rib chiqish ehtimolini pasaytirishi mumkin. Shu sababli, bunday vaziyatlarda attestatsiya natijalari hamda apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi pedagoglar faqatgina sudga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, nizomning 61-bandiga ko‘ra apellyatsiya komissiyasi qarori yuzasidan pedagog kadrlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
Izohlar 7
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Bolalarga avtomobilni boshqarishga berganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda
Bog‘cha xodimlari uchun oliygohda dual ta’lim shaklida o‘qish tartibi belgilanmoqda
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat joriy etildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pedagoglarning oliy ma’lumot darajasi va o‘qishdagi natijalariga qarab ularga malaka toifalari beriladi.
So'ragan edingiz
Muntazam attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish mumkinmi?
Murojaat mualliflarining aytishicha, bunday xodimlar turli sabablar, jumladan, tanish-bilish yoki yaqinlarining mansabidan foydalangan holda hanuz ishda qolmoqda. Navbatdagi murojaatda ham o‘quvchilarning bilim darajasi keskin pasayib ketgan, attestatsiyadan yillar davomida o‘ta olmayotgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini qonuniy asosda bekor qilish mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlangan.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?
O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi.
Ta'lim siyosati
Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang