Top.Mail.Ru
Ayrim toifadagi o‘qituvchilar 60 kalendar kunlik ta’tilga chiqsa bo‘ladimi?

Ayrim toifadagi o‘qituvchilar 60 kalendar kunlik ta’tilga chiqsa bo‘ladimi?

00:02 / 14.05.2025 1.39k

Savol

56 kun yillik yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili olish huquqiga ega bo‘lgan 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bo‘lgan pedagog xodim MK 401-moddasidagi 4 kalendar kun ta’tilni olishga haqlimi?


Javob

56 kun yillik yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili olish huquqiga ega bo‘lgan 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bo‘lgan pedagog xodim MK 401-moddasidagi 4 kalendar kun ta’tilni olishga haqli deb hisoblaymiz. 


O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (keyingi o‘rinlarda –MK) 401-moddasiga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida 4 kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.


MK 237-moddasi (Qonunchilikda belgilangan ijtimoiy ta’tillar) 6-qismiga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq nafar bola yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biri (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxs) davomiyligi to‘rt kalendar kun bo‘lgan har yilgi ijtimoiy ta’tilda bo‘lgan davrida uning ushbu ta’til davri uchun o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi (ushbu Kodeksning 401-moddasi).


MK 401-moddasiga e’tibor bersangiz, haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til deyilmoqda. MK 237-moddasida esa ijtimoiy ta’til deyilmoqda.


Mohiyatan MK 401-moddasidagi ta’til ijtimoiy ta’til hisoblanadi. Chunki har yilgi mehnat ta’tilidan farqli ravishda ijtimoiy ta’tillar xodimga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun emas, balki onalik, bolalarni parvarishlash, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladi (MK 236-moddasi).


MK 222-moddasiga ko‘ra (har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini jamlash tartibi), har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.


Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.


Ya’ni MK 222-moddasi har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini jamlash tartibini belgilab beradi, ijtimoiy ta’tillarga esa aloqasi yo‘q.


Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, 56 kun yillik yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili olish huquqiga ega bo‘lgan 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bo‘lgan pedagog xodim MK 401-moddasidagi 4 kalendar kun ta’tilni olishga haqli deb hisoblaymiz.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mehnat ta'tili

Ulashish